Yorqin Nazarov: "Yaxshi jamoani magʻlub etdik"
Oʻyindan keyingi matbuot anjumanida "Kattaqoʻrgʻon" bosh murabbiyi Yorqin Nazarov ishtirok etdi.
- Oʻyin haqida fikringiz?
- Gʻalaba bilan barcha muxlislarimizni tabriklayman. Bugun Kubok doirasida birinchi uchrashuvni Superliga jamoasiga qarshi oʻtkazdik va bu oʻyinga koʻp narsa bogʻliq edi. Futbolchilarimiz berilgan koʻrsatmalarni va mashgʻulotlardagi koʻnikmalarni toʻliq bajarishdi. Bundan juda xursandman.
- Optimal tarkibni maydonga tushirmaganingiz sababi?
- Odatda Kubok oʻyinlariga kam oʻynagan futbolchilar qoʻyiladi. Bugun maydonga tushgan yigitlar asosiy tarkibdan ham yaxshi harakat qilishdi. Bu biz uchun juda yaxshi. Shu orqali raqobat kuchayadi va kimni asosiy tarkibga qoʻysak degan boshogʻriq paydo boʻladi. Shunday boshogʻriq boʻlgani yaxshi. Lekin bugungi tarkibni ikkinchi tarkib demagan boʻlardim.
- Islom Sharipov yana chiroyli gol urdi.
- Toʻgʻri, Islom bugun jarima toʻpidan chiroyli gol urdi. Qolaversa oʻyinni ham yaxshi oʻtkazdi. Avvalgi bahslarda koʻp toʻp kirita olmay kelayotgandik. Lekin bugun gollar ham boʻldi va chiroyli gʻalabaga erishdik. Endi "Surxon" ham oddiy jamoa emas. Biz yaxshi jamoani magʻlub etdik. "Surxon" bejizga "Paxtakor" bilan durang oʻynagani yoʻq.
- Jamoangiz Superliga klubiga qarshi bemlaol hujumkor futbol namoyish etdi va bu uslub jamoangizga koʻproq mosdek koʻrindi.
- Ha, shunaqa. Proligada eng kam gol oʻtkazgan jamoa biz boʻlib turibmiz. Yangi jamoa tuzayotganda himoyadan boshlab keyin hujumga oʻtiladi. Oxirgi mashgʻulotlarda koʻproq hujumga urgʻu berdik, bu esa ish berdi. Ammo himoyani ham unutmasligimiz kerak. Mana bugun ham oʻyinchilarni almashtirganimiz uchun ikkita gol qoʻyib yubordik.
- Hisob 3:0dan keyin jamoangiz ikkita gol oʻtkazdi. Bu vaziyatda hushyorlik yoʻqolib qoldimi?
- Hisobga qarab bir nechta oʻzgarishlarni qildik. Oʻyin amaliyoti kam va jarohatdan chiqqan futbolchilarni tushirdik. Futbolni aldab boʻlmaydi, hamma narsaning hisob-kitobini olish kerak. Agar himoyani yaxshi ushlasak, oldinda erkin harakat qilamiz.
- "Kattaqoʻrgʻon" oldiga Oʻzbekiston Kubogida ham jiddiy maqsad qoʻyilganmi?
- Jiddiy maqsad qoʻyilmagan-u, lekin maydonga tushgandan keyin oʻzimizni koʻrsatishni xohlaymiz. Safimizda Superligani koʻrgan, sovrin yutgan futbolchilar bor. Shuning uchun maqsadsiz oʻynash yarashmaydi. Guruhdan chiqish biz uchun ham qiziq boʻladi. Angliyada koʻrgansiz, oddiy jamoalar sensatsiya koʻtarib yarim finalgacha boradi. Biz ham oxirigacha kurashamiz.
- Javohir Mubarakov bugun toʻp kiritmagan boʻlsa-da, ikkita golda faol qatnashdi. Shuningdek, pressingda yaxshi ishtirok etdi, raqib oʻyinchisiga sariq kartochka oldirdi. Unga berilgan koʻrsatma qanday edi?
- Mubarakov yosh yigit, pressing qiladi, yuguradi. Ikkinchi golimiz uning toʻp uzatishidan soʻng kiritildi. Bir vaziyatda raqib uni toʻxtatib qolgani uchun sariq kartochka oldi. Hujumchilar odatda qizgʻanchiq boʻladi, oʻzim gol ursam deydi. Bu tomondan Mubarakovning qilgan ishini yaxshi deyman, lekin keyingi uchrashuvlarda oʻzi ham gol urishini xohlayman. Bugun oʻziga berilgan ishonchni oqladi.
- Bu oʻyinda oʻzingiz qurmoqchi boʻlgan jamoani koʻrdingizmi?
- Agar gap oldingi chiziq haqida ketayotgan boʻlsa, ha. Hujumlarimiz rang-barang koʻrinish oldi, biz shunaqa futbol oʻynashimiz kerak. Men familiyaga qaramayman, kim yaxshi oʻynasa doim oʻynayveradi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0