"Andijon" bugun Husanovning sobiq jamoasi bilan oʻynaydi
“Burgutlar” bugun mazkur yigʻin doirasidagi birinchi nazorat uchrashuvida maydonga chiqadi. Raqib - “SKA-1938” jamoasi.
Ushbu jamoa ayni paytda Belarus Birinchi divizionida ishtirok etmoqda. Hozirda chempionat davom etyapti va 18 klub qatnashayotgan musobaqada “SKA-1938” ikkinchi oʻrinda boryapti. 12 ta turda 8 gʻalaba, 3 durang va 1 magʻlubiyat qayd etgan holda 28 gol urib, oʻz darvozasidan 9 toʻp oʻtkazib yubordi hamda 27 ochkoga ega boʻlib turibdi. 21 iyun kuni 12-tur doirasida oʻz maydonida “Yuni Minsk” jamoasini qabul qilgan “SKA-1938” 4:0 hisobida gʻalaba qozondi. Mahalliy 18 yoshli hujumchi Miron Koritko xet-trikka erishgan boʻlsa, yana bir 18 yoshli futbolchi Maksim Yaskevich oʻz hisobiga bitta gol yozib qoʻydi. E'tiborlisi, Miron Koritko ayni paytda 10 ta gol bilan jamoasining toʻpurari boʻlib turibdi. Klubga esa 53 yoshli mahalliy mutaxassis Aleksey Merkulov bosh murabbiylik qilib kelmoqda. U 2023 yilning may oyidan beri “SKA-1938” jamoasi bosh murabbiyi vazifasida. Ungacha murabbiy yordamchisi lavozimida ishlagan. Yana bir e'tiborli tarafi shundaki, Oʻzbekiston terma jamoasining yorqin yulduzlaridan biri Abduqodir Husanov oʻz vaqtida ushbu klubda oʻynagan. Ya'ni, “Energetik BGU” nomli jamoa sharafini himoya qilgan va keyinchalik nomi “SKA-1938” deb oʻzgartirilgan.
Uchrashuv mahalliy vaqt bilan 17:00 da, Toshkent vaqti bilan 19:00 da boshlanadi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0