Fabio Kannavaro: "Eron faqatgina standartlardan keyin xavf tugʻdira oldi"
- Albatta oʻyin oson boʻlmadi, chunki bu oʻyinga tayyorgarlik koʻrish uchun bizda bor-yoʻgʻi uch kun bor edi. Lekin men futbolchilar bilan gaplashib, ularga yangi tizimni, qanday oʻynashimizni va dastlabki 20 daqiqani yaxshi boshlash qanchalik muhimligini tushuntirdim. Oldinlari bunday vaziyatlarda koʻp qiynalganmiz. Men ularga raqib bizga gol urishining yagona yoʻli — bu standart vaziyatlar yoki burchak zarbalaridan foydalanish ekanligini tushuntirishga harakat qildim, chunki biz ularning koʻplab oʻyinlarini koʻrgan edik va bunday vaziyatlarda qanchalik kuchli ekanliklarini bilardik. Fikrimcha yigitlar bugun juda yaxshi oʻyin koʻrsatishdi. Ular milliy terma jamoa uchun qaygʻurishlarini isbotlashdi va agar biz yagona jamoa boʻlib ishlasak, har qanday raqibni enga olishimizga boʻlgan ishonchimizni namoyish etishdi. Bugun ular bor kuchlarini berishdi. Hamma, hatto soʻnggi 6-7 daqiqaga maydonga tushganlar ham oʻzining maksimumini koʻrsatdi. Jamoani tabriklayman. Endi Jahon chempionatini unutib, Osiyo haqida oʻylashi shart».
- Siz qisqa vaqt ichida yangi tizim, yangi taktikani joriy qildingiz. Osiyo Kubogi oldidan jamoa oʻyinida yana nimalarni kuchaytirish kerak?
- Men koʻplab ijobiy jihatlarni koʻrdim, lekin murabbiy sifatida men har doim oʻyinimizni qaerda kuchaytirishimiz mumkinligini topishga harakat qilaman. Bugun Eron bizning zaif hududlarimizga bosim oʻtkazmagan boʻlishi mumkin, ammo kelajakda boshqa jamoa bizga koʻproq muammo tugʻdirishi hech gap emas. Birinchi boʻlimda jamoamdan pozitsiyalarni yaxshiroq ushlashni soʻradim, chunki qanot himoyachilarimiz markazga juda yaqin oʻynashdi. 4-3-3 sxemasida oʻynaganingizda esa maydonning butun kengligidan foydalanishingiz kerak boʻladi. Ammo ikkinchi boʻlimda boshqa futbolchilar maydonga tushganida, ular xuddi shu ishni bajarishdi. Men bu tizim boʻyicha oʻynay olishimizga ishonaman. Ular maydon markazini koʻproq nazorat qila oladilar. Albatta, bizga koʻproq vaqt kerak. Jismoniy holatimizni, taktikamizni va oʻyinni tushunishimizni kuchaytirishga harakat qilish uchun bizda yana ikki oy vaqt bor.
- Gʻalaba bilan tabriklayman. Oʻyindan oldin darvozabon Abduvohid Ne'matov jarohat sababli oʻyinda ishtirok eta olmasligi ma'lum boʻldi. Bu sizning rejalaringizni qanchalik oʻzgartirib yubordi?
- Men bu erdagi barcha futbolchilarimga ishonaman va ularning istalgan biri asosiy tarkibda maydonga tusha oladi. U kecha kichik jarohat olgandi, ammo biz uchun maydonga yangi odamlarni tushirish umuman muammo emas. Terma jamoada boʻlib turganlar mavsumning soʻnggi oʻyinlarida juda yaxshi harakat qilishdi va oʻynashga haqlilar. Bizda bu borada hech qanday muammo yoʻq.
- Biz avval hech qachon Eronga 3ta gol urmagandik, Sizni va jamoani tabriklayman. 2025 yil yanvarida Katanets jamoani tark etgach, nihoyat ikkita markaziy himoyachi bilan oʻynashga oʻtdik. Oʻyin boshida Husanov markaz boʻylab yuqori pressing qilgan vaziyat boʻldi, Oʻrozovda esa biroz xatolar kuzatildi. Agar raqib darajasi yuqoriroq boʻlsa va ular himoyachilar ortiga qochishlardan foydalansa, bunday taktika bilan ikkita himoyachida oʻynashdan qoʻrqmaysizmi?
- Yoʻq, chunki zamonaviy futbol aynan shunday tuzilgan. Agar Siz oldinga chiqib, raqibni ortingizda qoldirib chiziqni buzishdan qoʻrqsangiz, u holda yanada koʻproq qiynalasiz. Shuning uchun biz ularga pressing qilishga qaror qildik, himoyachilarga oldinga chiqishni va qoʻrqmaslikni aytdik. Albatta, barchasi jamoaning hujumda qanday ishlashiga bogʻliq. Agar bizning yarim himoyachilar va hujumchilar toʻgʻri pressing qilsa, biz muammosiz maydonning oʻsha qismigacha koʻtarila olamiz. Birinchi boʻlimda biz yaxshi pressing qildik va ularga muammolar yaratdik. Jahon chempionatini unutishimiz kerak. Bu turnirda biz har qanday raqibga duch kelishimiz mumkin va bunga tayyor boʻlishimiz shart».
- Bugun terma jamoa taktikasida koʻp oʻzgarishlar boʻldi. Aziz Gʻaniev uzoq vaqt oʻynamagan pozitsiyada — markazda, xohlagan joyiga harakat qilib erkin oʻynadi. U sizning koʻrsatmalaringizni bajara olmadimi yoki siz unga maydonda shunchalik erkinlik berdingizmi?
- Yoʻq, yoʻq, hech qanday erkin oʻyin yoʻq. Biz erkin futbol oʻynamaymiz, biz oʻz tizimimizga ishonamiz. 4-3-3 sxemasida oʻynash uchun juda dinamik boʻlish kerak. Qachon chiziqda qolishni, qachon qanotga oʻtishni va qachon himoyachilar ortiga yugurishni tushunishingiz shart. Hakimov bilan ham, Aziz bilan ham bizda muammo yoʻq — ularning ikkalasi ham yarim himoyachi va ikkinchi boʻlimda Aziz ham xuddi shu ishni bajardi. Bizda erkin roldagi futbolchilar yoʻq. Albatta, sizda Oʻrunov kabi futbolchilar boʻlsa, ularda bu tizimda qanotlarda oʻynash boʻyicha etarlicha tajriba boʻlmasligi mumkin, ammo biz bundan maksimal darajada foydalanishga harakat qilyapmiz. Kelajakda balki yana 4 ta himoyachi bilan oʻynarmiz. Men uchun 4-3-3 sxemasi muammo emas, barchasi raqibga bogʻliq. Bugun biz shunday qaror qildik va raqib oʻyindan bizga xavf tugʻdira olmadi, xavf faqat standartlardan keyin boʻldi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0