Fidbol.net

Azizbek Haydarov: "Kannavaroni taklif qilib, shuncha pul toʻlashdan nima naf edi? Oʻzimizning murabbiylar ham bundan yomon uddalashmasdi"

Tahririyat 11
Azizbek Haydarov: "Kannavaroni taklif qilib, shuncha pul toʻlashdan nima naf edi? Oʻzimizning murabbiylar ham bundan yomon uddalashmasdi"

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi (OʻFA) milliy terma jamoalar sobiq direktori Azizbek Haydarov JCh-2026 guruh bosqichi 2-turidan oʻrin olgan, Oʻzbekiston terma jamoasining Portugaliyaga yirik (0:5) hisobda imkoniyatni boy bergan oʻyini haqida keskin fikr bildirdi.

Mundial startidagi ketma-ket ikkita magʻlubiyatdan soʻng, italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro shogirdlari "K" kvarteti turnir jadvalida soʻnggi oʻrinni egallab turishibdi. Guruh bosqichining soʻnggi turida Osiyo vakillari DR Kongo terma jamoasiga qarshi hal qiluvchi bahsda maydonga tushadilar.

— Biz bu oʻyinni boy berdik, — dedi Haydarov qat'iy ohangda. — Toʻgʻrisini aytsam, Fabio Kannavaro nimaga erishmoqchi boʻlganini umuman tushunmadim. Birinchi gol oʻtkazib yuborilgan vaziyatda himoyachilarimiz himoyalanish va toʻpni olib qoʻyish bilan emas, balki suratga tushish yoki boshqa xohlagan ish bilan band boʻlishdi. Jahon chempionatida bunday gollarni oʻtkazib yuborish mutlaqo mumkin emas. Ikkinchi vaziyatda esa Abbosbek Fayzullaev toʻpdan qochdi. Uning nima uchun bunday qilganini umuman tushunmadim. Mening bilishimcha, shu paytgacha futbol toʻpi tekkani uchun hech kim oʻlib qolmagan. Bunday darajadagi musobaqada har bir vaziyatda oxirigacha kurashish kerak.

OʻFA sobiq rahbarining fikricha, aynan uchrashuv boshidagi individual xatolar tablodagi yirik magʻlubiyatni oldindan belgilab bergan.

— Eng asosiysi — agar Portugaliyadek jamoaga qarshi oʻyinda shunday gollar oʻtkazib yuborsangiz, keyin oʻyinga qaytishning deyarli iloji boʻlmaydi, — deya soʻzida davom etdi ekspert. — Birinchi goldan keyin ishonchni yoʻqotdik, ikkinchisidan soʻng esa yanada qiyinlashdi. Jahon chempionatida bunday darajadagi raqiblar xatolarni kechirmaydi. Oʻyinni oʻnglay olmadik, yana uchta gol oʻtkazib yubordik va shu sababli bahs yirik magʻlubiyat bilan yakunlandi. Bunday jamoalarga qarshi birinchi daqiqadan to soʻnggi soniyagacha maksimal darajada diqqatli boʻlish lozim. Toʻgʻrisini aytsam, Fabio Kannavaroni Oʻzbekiston terma jamoasiga nima uchun taklif qilishganini umuman tushunmayapman. Unga shuncha pul toʻlashdan ne naf? Bu mablagʻ evaziga jamoani futbolimizni, futbolchilarimizni va mentalitetimizni yaxshi biladigan oʻzimizning mutaxassislarga topshirsa boʻlardi.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring