Fidbol.net

Fabio Kannavaro: "Beshta gol farqi bilan yutqazdikmi, demak futbolchilar emas – men xato qilganman" (toʻliq matbuot anjumani)

Tahririyat 10
Fabio Kannavaro: "Beshta gol farqi bilan yutqazdikmi, demak futbolchilar emas – men xato qilganman" (toʻliq matbuot anjumani)

– Bugungi raqib haqiqatan ham juda kuchli edi. Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi soʻnggi oʻyinda gʻalaba qozonib, keyingi bosqichga yoʻl olishga hali ham ishonasizmi? Qolaversa, Krishtianu Ronaldu sizda qanday taassurot qoldirdi?

– Buni bilardik. Qur'a natijalari ma'lum boʻlgach, Kolumbiya va Portugaliyani koʻrganimdanoq bu juda qiyin boʻlishini tushungandim. Biz uchun bu birinchi Jahon chempionati, shuning uchun futbolchilarimga oson emasdi. Kolumbiya bilan oʻyindan soʻng ular bilan faxrlanishimni aytgandim, bugun ham faxrlanaman. Ha, ularning choʻchiganini, qiynalganini koʻrdim, lekin ular biror soniya ham taslim boʻlishmadi. Toʻpni egallaganlarida faqat himoyalanmasdan, hujum qilishga, xavf tugʻdirishga va futbol oʻynashga harakat qilishdi. Bu men uchun juda muhim. Barcha chiziqlarda yuqori saviyali futbolchilarga ega jamoaga qarshi oʻynaganda qiynalish tabiiy hol. Ular birinchi oʻyinda durang oʻynashgandi, shuning uchun bugun ancha yuqori ishtiyoq bilan harakat qilishdi. Krishtianu Ronalduga qarshi oʻynaganda unga bir santimetr ham boʻsh hudud berib boʻlmasligini bilasiz, chunki shunday qilsangiz, u ikkita gol urib ketadi. Biz hali ham keyingi bosqichga chiqishga ishonishimiz kerak, chunki matematik jihatdan imkoniyatimizni yoʻqotmaguncha uyga qaytmaymiz. Aytganimdek, endi bu ikki oʻyinni unutishimiz kerak, chunki ular juda kuchli raqiblarga qarshi oʻtdi.

– Menimcha, bu murabbiy va futbolchi sifatidagi faoliyatingizdagi eng yirik magʻlubiyat boʻldi. Ba'zi statistikalarni koʻrayotgandim.

– Yoʻq, futbolchi sifatida "Barselona"ga qarshi 2:6 hisobida magʻlubiyatga uchraganman. Ha, beshta gol farqi bilan emas. Lekin magʻlubiyat hisobga bogʻliq emas.

– Shuni soʻramoqchi edim, bugun Portugaliya juda kuchlimidi yoki jamoangizdan yaxshiroq oʻyin kutganmidingiz?

– Menimcha, har ikkisi. Dastlabki ikkita golni juda erta oʻtkazib yubordik. Men ularga buni tushuntirishga, tayyorlashga, koʻproq ma'lumot berishga harakat qilgandim, shuning uchun bu holat men uchun kutilmagan boʻldi. Gol oʻtkazib yuborganimizdan keyin yuqori pressing qoʻllashga, gol urishga intildik va gol ham urdik, lekin afsuski, markazda qoida buzilgan ekan. Muammo shundaki, Portugaliyaga oʻxshagan markazda va qanotlarda juda yaxshi oʻynaydigan jamoalarga qarshi harakat qilganda qiyin boʻladi. Kecha aytganimdek, bu jamoa haqiqatan ham kuchli va bugun birinchi oʻyinga qaraganda koʻproq motivatsiyaga ega ekanini koʻrdim. Har qanday raqibga ularga qarshi oʻynash qiyin boʻladi.

– Futbolda xotira qisqa boʻladi, bu ayni haqiqat va buni hammamiz bilamiz. Siz buyuk futbolchi boʻlgansiz, shuning uchun soʻramoqchi edim: Krishtianu Ronaldu misolida aytadigan boʻlsak, soʻnggi paytlarda u haqida aytilayotgan gaplarda ba'zan hurmatsizlik qilinmayaptimi?

– Futbolchilarga nisbatan hurmat haqida gapirsak, koʻpchilik Krishtianu singari Osiyoda faoliyat olib borish vaqtni behuda sarflash deb oʻylaydi. Lekin keyin Jahon chempionatiga kelasiz va 41 yoshda ham sizda gʻalabaga boʻlgan chanqoqlik hali ham yuqori ekanini koʻrsatasiz. Chunki inson futbol oʻynashni shunchaki unutib qoʻymaydi. Messi MLSda oʻynayapti va Jahon chempionatidagi ishtiroki orqali tarixga yanada mustahkamroq kirdi. Hozir futbol faqat Evropada emas. U oʻz ufqlarini, chegaralarini kengaytirdi, barcha uchun ochildi va saviya oʻsmoqda. Krishtianu hamisha futbol tarixidagi eng kuchli oʻyinchilardan biri boʻlib qoladi.

– Bugun asosiy tarkibda Kolumbiya bilan oʻyinga nisbatan oʻzgarishlar qildingiz va bulardan ikkitasi muvaffaqiyatsiz chiqdi. Sababi, Abduvohid Ne'matovni Yusupovning oʻrniga tushirdingiz. Bundan tashqari, Odiljon Hamrobekov ham markazda xatolarga yoʻl qoʻydi va bu gollarga olib keldi. Bu magʻlubiyatda asosiy aybdor murabbiy deb hisoblaysizmi? Ya'ni, murabbiyning taktik xatolari magʻlubiyatga sabab boʻldimi? Javobgarlikni oʻz boʻyningizga olasizmi?

– Albatta, murabbiy javobgar. Men holati yaxshiroq deb hisoblagan futbolchilarni maydonga tushirishga harakat qilaman. Men futbolchilarimga yordam berish uchun mas'uliyatni oʻz boʻynimga olaman, chunki bu ularning birinchi Jahon chempionati ekanini bilaman. Men ularga paslarda xato qilishlari mumkinligini, qoʻpolliklarga yoʻl qoʻyishlari mumkinligini va hatto yaxshi oʻynamasliklari ham mumkinligini aytganman – bu men uchun muhim emas. Men ularga ishonch bildiraman va doim ishonch bildirishda davom etaman. Chunki ularga faqat ishonch bildirganimdagina, ular oʻsishga va oʻzlarini yaxshiroq his qilishga intilishadi, shundagina futbol oʻynashdan qoʻrqishmaydi. Men faqat bugun emas, butun hayotim davomida ham futbolchi, ham murabbiy sifatida mas'uliyatni doim oʻz zimmamga olganman. Shuning uchun bugun 5 ta gol farqi bilan yutqazdikmi, demak, bunda futbolchilar emas, men xato qilganman.

– Nega jamoangiz bekor qilingan golni urgan paytdagi oʻyinini ushlab qololmadi? Oʻsha vaziyatda ular chinakam raqobat koʻrsatayotgan edi. Nima uchun bu tempni saqlab qolishning iloji boʻlmadi? Bu sizning jamoangiz bilan bogʻliqmi yoki Portugaliyaning kuchi bilanmi? Hamda, Kolumbiya va Portugaliya bilan oʻynagan murabbiy sifatida, bu ikki terma jamoani bilgan holda ushbu guruhdagi vaziyat qanday yakunlanadi deb oʻylaysiz?

– Oʻylaymanki, bekor qilingan gol bizning ishonchimizni ancha pasaytirib yubordi. Bu juda achinarli, chunki jamoa xuddi Kolumbiyaga qarshi oʻyindagi kabi harakat qila boshlayotgandi. Futbolchilar koʻproq jasorat bilan oʻynab, oʻyinni nazorat qilishga harakat qilayotgandi. Toʻliq 90 daqiqa davomida boʻlmasa ham, ular yaxshi oʻynay boshlashgandi. Keyin esa muvozanat yoʻqolganda va uchinchi golni oʻtkazib yuborganingizdan soʻng vaziyat yanada qiyinlashadi. Kolumbiyaga kelsak, ular juda yaxshi jamoa. Lekin Portugaliyani buyuk jamoa darajasida koʻryapman. Ularning koʻplab oʻyinlarini va jihatlarini kuzatdim. Ular markazda ham, qanotlarda ham, jamoaviy tarzda ham qanday oʻynashni juda yaxshi bilishadi. Har ikki jamoa kuchli, ammo Portugaliyada qandaydir ustunlik borligi aniq.

– Sobiq jahon darajasidagi himoyachi sifatida ayta olasizmi, nega Krishtianu Ronalduga qarshi oʻynash bunchalik qiyin? Jarima maydonchasidagi harakatlarimi yoki gol urish qobiliyatimi? Nima uchun unga qarshi harakat qilish bunchalik murakkab?

– U jarima maydonchasi ichida toʻpni oʻziga ohangrabodek tortadi va u erda juda koʻp harakat qiladi. Shuningdek, sheriklari ham unga moslashib oʻynaydi, uni izlashadi, unga toʻp uzatishadi va unda doim juda qulay vaziyatlar paydo boʻladi. Himoyachi sifatida unga yaqin oʻynash uchun juda hushyor va aqlli boʻlishingiz kerak, chunki jarima maydonchasi ichida unga 1 santimetr boʻsh joy bersangiz, tamom boʻlasiz.

– Hamkasbimning savolini davom ettirib, soʻramoqchi edim: oʻzining eng yaxshi sport formasidagi Fabio Kannavaro bugun Krishtianu Ronalduni toʻxtata olgan boʻlarmidi? Aytaylik, Jahon chempionatida gʻolib chiqqan 2006 yilgi davringizda.

– Men uni koʻp marta toʻxtatib qolganman, lekin u ham menga qarshi koʻp marta gol urgan. Ammo men ancha oldin faoliyatimni yakunlaganman. U esa hali ham oʻynayapti va bu bilan uni tabriklayman, chunki u ajoyib professional. Men unga yana bir necha yil oʻynay olishini, futboldan rohatlanishda davom etishi kerakligini aytdim, chunki uning holatiga qarasangiz, bunga bemalol qodir.

– Birinchi boʻlimda 5 talik himoya koʻzga tashlandi, lekin bu biroz aldamchi edi, chunki ular markazga qarab siljishdi. Salohiyatdagi farqlarga qaramay, jamoa chuqur himoyaga yotib olmadi. Ikkinchi boʻlimda ham ularni oldinga boshlashda davom etdingiz va ehtimol, yirik magʻlubiyat xavfini yuzaga keltirdingiz. Bu sizni tashvishga solmadimi? Ularning maydonning oldingi qismida oʻynashda davom etishini afzal koʻrdingizmi?

– Ha, chunki Portugaliyaga yutqazish oddiy hol. Agar yuz marta oʻynasak, yuz marta yutqazishimiz mumkin. Bu aniq. Shuning uchun men ulardan koʻproq jasorat koʻrsatishni, futbol oʻynashni va qoʻrqmaslikni soʻradim. Faqatgina mana shunday mentalitet orqali jamoa sifatida va yakka tartibda oʻsish mumkin deb hisoblayman. Bugun qanotda 18 yoshli yigitni oʻynatdim, yana bir 22 yoshli futbolchimiz bor edi. Tarkibimizda 22 yoshli ikki-uchta yigitlar bor va albatta, murabbiy sifatida ularga ishonch berishim kerak. Nega? Chunki Portugaliyaga qarshi oʻyinda himoyaga yotib olsangiz, 99 foiz holatda baribir magʻlubiyatga uchraysiz. Shuning uchun men: "Nega endi boshqacharoq oʻynashga harakat qilib koʻrmaymiz?" dedim. Shu sababli ulardan hech qachon orqaga qaytishni yoki yopiq oʻyin koʻrsatishni soʻramaganman va bundan keyin ham soʻramayman. Jamoam yutqazsa ham barchaga qarshi ochiq oʻynashini afzal koʻraman. Bu muammo emas, chunki biz bu erga tajriba orttirish uchun kelganmiz. Mundial – Oʻzbekiston uchun birinchisi. Oʻzbekiston ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etmoqda. Bugun tarkibda 20 yoshdan oshgan yana ikkita yigitni maydonga tushirdim. Shunday ekan, oldimizga qoʻygan maqsadimiz men uchun juda aniq. Agar kimdir Jahon chempionatida gʻalaba qozonmoqchi boʻlsa, bu umuman boshqa masala.

Manba: championat.asia

Jamoalar

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring