Fidbol.net

Timur Kapadze: "Gʻalabaga haqli edik, "Buxoro"ning standartlariga qarshi tayyorgarlik koʻrgandik"

Tahririyat 1
Timur Kapadze: "Gʻalabaga haqli edik, "Buxoro"ning standartlariga qarshi tayyorgarlik koʻrgandik"

— Oʻyin haqidagi fikrlaringiz...
— Albatta, Buxoroda "Buxoro"ga qarshi oʻynash oson boʻlmasligini bilardik. Bahsga yaxshi tayyorgarlik koʻrgandik, raqibni atroflicha oʻrganib chiqdik. Bellashuv kurashlarga boy oʻtgan boʻlsa-da, bugun biz har tomonlama yaxshiroq oʻyin koʻrsatdik va haqli gʻalabani qoʻlga kiritdik, deb oʻylayman. Shu munosabat bilan futbolchilarimizni tabriklayman, maydonda juda faol harakat qilishdi. Endi keyingi uchrashuvga tayyorgarlikni boshlaymiz.

​— Bugun ikkala qanot himoyasiga ham aslida markaziy himoyachi boʻlgan boʻydor futbolchilarni tushirdingiz. Bu qaror raqibning standart vaziyatlardagi xavfli oʻyini bilan bogʻliqmidi?
— Albatta, chunki baland boʻyli futbolchilar kerak edi. Shunga koʻra, Qodirdan tashqari Dilshod hamda Umarni ham maydonga tushirdik. Bilamiz, "Buxoro"ning eng kuchli tomonlaridan biri — bu standart vaziyatlar. Lekin oʻyin shuni koʻrsatdiki, raqibda standartlar juda kam boʻldi. Bahs yakunidagi vaziyatlarni hisobga olmasak, deyarli toʻpni jarima maydoniga uzata olishmadi. Chunki oʻyin nazorati qoʻlimizda edi. Aslida ham, siz aytganingizdek, boʻydor futbolchilarni mazkur omilni inobatga olib maydonga tushirgandik.

​— Jamoaning oxirgi oʻyinlariga e'tibor qaratsak: dastlab gol uryapti-da, keyin bosib oʻtmay, tezkorlik bilan oʻz darvozasidan toʻp olib chiqyapti. Bu holatni nima bilan izohlaysiz?
— Bu, albatta, qaysidir ma'noda diqqat-e'tiborni yoʻqotish bilan bogʻliq. Toʻgʻrisini aytsam, juda oson gol oʻtkazib yubordik. Oddiy uzatmadan soʻng ikki markaziy himoyachimiz xatoga yoʻl qoʻydi, sugʻurtalash ham boʻlmadi. Pala-partishlik natijasida "Buxoro" gol urib ketdi. Lekin shunga qaramay, oʻz kuchimizni toʻplay oldik. Chunki bosim va muxlislar omili bor edi. Toʻp nazoratini davom ettirdik. Ikkinchi boʻlimda esa hamma narsa oʻz joyiga tushdi. Jamoamiz gol urgan ondayoq oʻz darvozasidan toʻp oʻtkazib yuborgani yoqimsiz, albatta. Agar oʻsha gol boʻlmaganida, raqib ochilishi hisobiga birinchi taymning oʻzidayoq yana gol urishimiz mumkin edi.

​— Shoxruh Abdurahmonovni bugun markaziy hujumda oʻynatdingiz va bu qaror oʻzini oqladi. Husayn Norchaev jarohat olganmi? Shoxruhning zaxiradan maydonga tushishi avvaldan rejada bor edimi?
— Birinchidan, Husayn va Asadning yoʻqotilishi jamoamiz uchun sezilarli boʻldi. Tarkibda bunday muammolar va shamollashlar "Buxoro"da ham, boshqa jamoalarda ham uchrab turadi. Tarkibda Kojoni tushirdik, u ham birinchi boʻlimda yomon harakat qilmadi, ikkinchi boʻlimda ham imkoniyati boʻldi. Shoxruhga kelsak, u avval ham hujumchilar yoʻqligida markazda oʻynab, foydali harakat qilgan. Rejamizda uni tushirish bor edi va buni amalga oshirdik. Zaxiradan tushgan futbolchilarni biroz kechroq maydonga tushirganimizning sababi — maydondagi oʻyinchilarning jismoniy holati va harakatlari bizni qoniqtirayotgan edi.

​— Muhammadali Gʻiyosov ham uchrashuvdan soʻng gʻalabani nishonlashda koʻrindi. U qachon safga qaytadi?
— Uni ham sabrsizlik bilan kutyapmiz. Hozircha individual tarzda tiklanish mashgʻulotlarini oʻtkazyapti. "Bunyodkor" bilan oʻyinda olgan jarohati biz uchun katta yoʻqotish boʻldi. Oʻzi asli buxorolik boʻlgani uchun ham bugungi oʻyinga keldi. Nafaqat oʻz a'zolarimizga, balki barcha futbolchilarga sihat-salomatlik tilayman, tezroq safga qaytishsin. Muhammadali keyingi bahsda maydonga tushmasa-da, terma jamoalar oʻyinlari sababli yuzaga keladigan tanaffusdan soʻng safga qaytadi, deb oʻylayman.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring