Rashidjon Gʻofurov: "Oʻrgatgan boshqa, futbolchining oʻzida ham ma'suliyat boʻlishi kerak"
— Rashid aka, uchrashuv haqidagi fikrlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz...
— Avvalambor, assalomu alaykum. Bugungi oʻyin haqida fikrimni bildiradigan boʻlsam, raqib jamoani oldindan bilardik — juda ham stabil, yosh va charchash nimaligini bilmaydigan jamoa. Hatto bir kishi kam boʻlib qolgani ham bilinmadi. Bizga qaraganda imkoniyatlarni koʻproq yaratishdi, bizda ham vaziyatlar boʻldi. Lekin tomoshabop oʻyin kechdi, har ikkala tomonda ham imkoniyatlar etarlicha boʻldi. Oʻyin birinchi golgacha edi. Shuning uchun tomosha qiladigan tomoshabop oʻyin boʻldi. Menga yoqdi "Gʻazalkent" jamoasi. Ularni oldindan ham koʻrganmiz, uyda magʻlubiyatga uchraganimizda bilardik qanday kuchga ega ekanligini. Ularni yosh deb boʻlmaydi, maydonga tushgandan keyin yoshning ahamiyati qolmaydi.
— Oʻtgan turda "Shoʻrtan"dan qabul qilingan magʻlubiyatdan soʻng jamoada bir qancha rotatsiyalar yuz berdi. Xususan, asosiy darvozabon Ozodbek Ma'rupovni asosiy tarkibda koʻrmadik. Umuman olganda, statistikaga qaraydigan boʻlsak, "Yaypan" eng koʻp gol oʻtkazib yuborish va gol urish boʻyicha oqsayapti — eng yomon koʻrsatkichga ega 5 ta jamoadan biri boʻlib turibdi. Bu haqida nima deysiz?
— Toʻgʻri aytyapsiz. Darvozabonlarga keladigan boʻlsak, bizda uchta darvozabon bor. Har biriga oʻyin amaliyoti berish uchun navbat bilan imkoniyat beryapmiz. Hatto darvozani daxlsiz saqlagan taqdirda ham keyingi oʻyinda boshqasiga imkoniyat beramiz. Shunday vaziyat boʻlib qoldi. Sababi bizda Superligaga chiqish vazifasi yoʻq degani oʻynamaslik kerak degani emas. Lekin imkoniyat boricha hammaning oʻyin amaliyotini oshirishga harakat qilyapmiz. Oqsash masalasiga kelsak, har doim oʻyinni biz nazorat qilamiz, "Shoʻrtan" bilan ham 90 daqiqa davomida oʻyin tizginini qoʻlda ushlab turdik. Lekin golni raqib urib ketdi — uzoqdan ikki-uchta gol oʻtkazib yubordik. Bizda hujumni yakunlaydigan, gollar uradigan hujumchi yoʻqligi uchun ba'zan toʻliq pozitsion oʻyin koʻrsatishga majbur boʻlyapmiz. Har oʻyinda buning ustida ishlayapmiz, lekin oʻrgatgan boshqa, hujumchining oʻzida tugʻma sezgi boʻlishi kerak. Mana, hozir bir himoyachini olib tashlab, yana bitta hujumchini tushurdik, lekin qayoqqa yugurishni, nima qilishni bilmayapti. Oʻrgatgan boshqa, futbolchining oʻzida ham mas'uliyat boʻlishi kerak.
— Himoyachining oʻrniga hujumchini tushirdim deb ta'kidlab oʻtdingiz. Koʻrsatma bergandirsiz, lekin baribir himoya oxirgi chizigʻida toʻrtta himoyachi qolib ketyapti. Qizildan keyin, bir kishi koʻp boʻlib turgan paytda hujumni kuchaytirishning iloji yoʻqmidi?
— Aynan shunday qildik. Faqat bizda ikkita tayanch yarim himoyachi oʻynagani uchun, ikkinchi tayanch va uchta himoyachi boʻlganda, ular hujumga oʻtganda toʻrtinchi himoyachi vazifasini bajarib turadi. Shuning uchun koʻzga toʻrt kishi boʻlib koʻrindi. Hujumga oʻtganda bittasi qoʻshiladi, orqada uchta himoyachi qoladi. Baribir raqib qarshi hujumga oʻtganda kimdir ularni yopishi kerak.
— "Yaypan"da moliyaviy ahvol qanday? Safar oʻyinlari, maoshlar boʻyicha muammolar yoʻqmi?
— Bizda hech qanday muammo yoʻq. Hozircha qarzdorlik ham yoʻq — maoshlar ham, safar xarajatlari ham oʻz vaqtida berilyapti. Mukofot puliga kelsak, mukofot pulini yutgan jamoa oladi. Hozir hatto pulimiz ham tayyor, yutsa — darhol beriladi. Katta xarajat qiladigan jamoalarda muammo boʻlishi mumkindir, lekin bizda hammasi joyida, hammasi yaxshi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0