"Real"ni tark etgan Alaba Italiyaga yo‘l olishi mumkin
David Alaba faoliyatini Italiyada davom ettirishi mumkin. Il Messaggero ma’lumotiga ko‘ra, 34 yoshli avstriyalik himoyachi "Lasio" qiziqish doirasiga tushgan.
Rim klubi Alessio Romanyoli "As-Sadd"ga o‘tganidan keyin himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun yangi futbolchi izlamoqda.
Alaba Madridning "Real" klubini tark etganidan keyin erkin agent maqomida qolmoqda. "Lasio" sport direktori Anjelo Fabiani avvalroq transfer oynasi yopilganidan keyin ham klub erkin agentlar bozorini kuzatishda davom etishini aytgan edi.
Hozircha Alaba bilan aniq muzokaralar olib borilmayapti. Manbaga ko‘ra, uning nomzodi klub yaqin haftalarda ko‘rib chiqishi mumkin bo‘lgan variantlardan biri hisoblanadi.
"Lasio" himoyani kuchaytirish uchun Diogu Leyteni ham ehtimoliy nomzodlar qatoriga kiritgan.
Alaba "Real"da 5 yil o‘ynadi va madridliklar safida ikki marta Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi. U "Bavariya"da o‘ynagan davrida esa 10 marta mamlakat chempioni bo‘lgan va yana ikki bor Chempionlar ligasi kubogini qo‘lga kiritgan.
So‘nggi mavsumlarda himoyachining faoliyatiga jiddiy jarohatlar sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Manba: stadion.uz
Izohlar 0