Fidbol.net

"Ochko yoʻqotdik deb hisoblayman" — Zayniddin Tojiev

Tahririyat 3
"Ochko yoʻqotdik deb hisoblayman" — Zayniddin Tojiev

— Zayniddin aka, eng avvalo uchrashuv haqidagi fikrlaringiz... 
— Bugun kurashlarga boy uchrashuv boʻldi. Birinchi boʻlimda yakkakurashlarda bolalarimiz koʻp yutqazib qoʻyishdi. Birinchi boʻlimdan keyin ular bilan ozgina jiddiyroq gaplashib oldik. Endi qizil kartochkaga keladigan boʻlsak, oʻyin boshidan 2-3 marta Olimovni yiqitishdi, bir marta ogohlantirish berib, ikkinchisida qizilni qaerdan topdi, nima boʻldi u erda... Bugun oʻyin tasvirga olinmadi, xulosa chiqara olmaymiz buni aniq. Lekin u vaziyat oʻyinni buzib qoʻydi. Ikkinchi boʻlimga keladigan boʻlsak, kamchilik boʻlib oʻynagan boʻlsak ham, juda koʻp golli vaziyatlar yaratdik. Misol uchun, 11 kishi boʻlib ham raqib bunday vaziyatlar yarata olmadi. Lekin 10 kishi boʻlib ham bolalar oʻzida kuch topib vaziyatlar yaratishdi. Endi omad degan narsa ham kerak, omad kelmadi. Shuning uchun biz bugun ochko yoʻqotdik deb hisoblayman.

— Ikkinchi boʻlimda maydonga tushirilgan va oʻyinni kuchaytirishi kutilgan Sadirjonov maydondan olinib, oʻrniga Nabatov tushirildi. Bu qaror haqida nima deya olasiz? 
— Hozir baribir bolalar yosh. Oʻyinga kirishib ketishi qiyin boʻldi bugun. 10 kishi boʻlib qoldik, himoyada ham oʻynash kerak, kontsentratsiya jiddiyroq boʻlishi kerak, ikki baravar oʻzi va oʻrtogʻi uchun ishlashi kerak. Bugun oʻyinga tushib keta olmadi, oʻshaning hisobiga zaxiraga olindi va Nabatov tushirildi. Nimaga? Chunki baribir bizga tezkorlik kerak edi. Kamchilik boʻlib oʻynayotganda qarshi hujumda oʻynash kerak edi, oʻshaning hisobiga shunday qarorga keldim.

— Jamoa toʻpurari Abdurahmon Abdullaev dastlabki 15 daqiqada hujum ortida, oʻng qanotda oʻynadi. Keyinchalik oʻyin borishiga qarab markaz va chap qanotga oʻtdi. Umuman olganda Abdullaevga erkinlik berildimi? 
— Yoʻq, endi hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda 4-4-1 ga oʻtib oldik. Kamchilik boʻldik, shuning uchun Abdullaev yarim himoyaga tushdi. Chunki himoyada bizda tizim bor, tizim buzilmasligi kerak. Oʻsha tizim buzilmasin deb uni yarim himoyaga tushirdik.

— Hozir "Gʻazalkent" tarkibida bir qancha yoʻqotishlar bor: Roʻziboev, Feruzbek Olimov, Diyorbek Tojiev. Bu yoʻqotishlar jamoaning Kubok oʻyiniga qanchalik ta'sir qiladi? 
— Tayyorlanamiz. Yana bir bor takrorlayman —  rahbariyat oldimga vazifa qoʻygan: futbolchini etishtirib chiqarish. Ularning oʻrnini bosadigan bolalar bor, ularga oʻyin amaliyoti beramiz. Bu tabiiy hol, kimdir ketadi, kimdir oʻrnini bosadi. Bu bizning ishimizning samarasi hisoblanadi.

— Bilamizki, futbolchingiz Olimovga nisbatan oʻyinlarda koʻproq qoʻpol holatlar kuzatiladi. Bu uning jismoniy holati bilan bogʻliqmi yoki psixologik?
 — Psixologik. Bu oʻzi psixologiyaga bogʻliq. Chunki hozir atrofga qarasangiz, oʻyinni tahlil qilsangiz, sal narsaga asabiylashib ketaveradi. Futbolchilar bilan gaplashadi, hakam bilan gaplashadi, tortishadi. Misol uchun, bu narsa boʻyicha ish olib boryapmiz, gapiryapmiz. Lekin u oʻzini ushlay olmasa, kelajakda oʻziga zarar boʻladi. Oʻyindan oldin koʻrsatmada ham aytilgandi: "Hakam bilan gaplashmanglar, bu shunday hakam, bitta qarorga keldimi — oʻzgartirmaydi". Hamma narsa oʻyindan oldin aytilgan edi, lekin boʻlar ish boʻldi.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring