Lempard “Koventri”ga Angliya termasidagi sobiq sherigining oʻgʻlini taklif qildi
Angliya klubi 18 yoshli darvozabon Jek Raddi bilan shartnoma imzolanganini e'lon qildi.
Yosh posbon Angliya terma jamoasining sobiq darvozaboni Jon Raddining oʻgʻli hisoblanadi. Bir necha hafta avval Jek “Norvich” akademiyasini tark etgandi, shundan soʻng u «Koventri» safiga borib qoʻshildi.

E'tiborli jihati shundaki, Lempard uning otasini juda yaxshi taniydi. 2012 yilda Frenk va Jon Raddi Angliya terma jamoasida birgalikda toʻp tepishgan hamda Italiyaga qarshi kechgan va inglizlarning 2:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlangan oʻrtoqlik oʻyinida maydonga tushishgandi. Ushbu oʻyin Raddi uchun milliy terma jamoadagi yagona uchrashuv boʻlib qolgan.
39 yoshli Jon Raddi “Norvich”, “Vulverxempton” va “Nyukasl” kabi klublardagi ishtiroki bilan mashhur. Oʻtgan mavsum yakunlangach, uning “qargʻalar” bilan shartnomasi nihoyasiga etdi va darvozabon klubni tark etdi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0