Fidbol.net

Anvar Gʻofurov: "Magʻlubiyatda mening xatoyim katta boʻldi"

Tahririyat 1
Anvar Gʻofurov: "Magʻlubiyatda mening xatoyim katta boʻldi"

Oʻyindan keyingi matbuot anjumanida "Surxon" bosh murabbiyi Anvar Gʻofurov ishtirok etdi.

- Oʻyin haqida fikringiz?
- Avvalambor "Kattaqoʻrgʻon" jamoasini gʻalaba bilan tabriklayman. Oʻyinga keladigan boʻlsak, mening xatoyim katta boʻldi, chunki tarkibni oʻzim tanlaganman. Birinchi taymdagi oʻyinimiz umuman yoqmadi. Negadir birinchi boʻlimda umuman oʻyinimiz qovushmadi va futbolchilar men tushunmaydigan futbol namoyish etishdi. Tarkibda Superliga uchrashuvidan keyin oʻzgarishlarni amalga oshirgandik, lekin bu oʻzgarishlar oʻzini oqlamadi.

- Kubok bahsi boʻlgani uchunmi negadir jamoangizda ishtiyoq koʻrinmadi?
- Bu men uchun ham qiziq. Ayniqsa birinchi taymda yigitlarni taniy olmadim. Ikkinchi taymda oʻn kishi qilgan ishni 11 kishi bajara olmadi. Biz bundan-da yaxshi oʻyin koʻrsata olamiz. Uchrashuvni toʻliq tahlil qilib chiqamiz. Har bir futbolchi maydonga tushganidan keyin borini berishi kerak. Chunki egnida klub libosini kiyib oʻynayapti. Futbol orqasidan hammamiz oila boqamiz, shunday ekan ishga mas'uliyat bilan qarash kerak. Xato hammada boʻladi, lekin hamma borini berib oʻynashi kerak.

- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi "Neftchi" va "Surxon"bilan oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazishni lozim topdi. "Neftchi" - Oʻzbekiston chempioni, lekin bejizga "Surxon" ham tanlanmagan boʻlsa kerak?
- Buning uchun xursandmiz. Lekin qiladigan ishimiz juda koʻp. Buni juda yaxshi tushunib turaman. Oʻzim ham murabbiy sifatida oʻzgarishim va koʻp ishlashim kerak. Albatta, men xohlagan jamoani tuzish uchun vaqt kerak boʻladi va ishonamanki, ikkinchi davrada biz boshqa jamoaga aylanamiz. Hali jamoa ham, jamoaga qoʻyiladigan talablar ham oʻzgaradi.

- Ma'lumki, klub belgilangan vazifani bajarishi uchun iqtisodiy muammolarga duch kelmasligi talab etiladi. Bu mavsum "Surxon"da ham muammolar koʻzga tashlandi. Hozirgi moliyaviy holat qanaqa?
- Rahbariyatga katta rahmat, koʻp narsalar ijobiy hal qilindi. Qarz bor, lekin ozgina. Asosiy toʻlovlar amalga oshirildi. Bugungi magʻlubiyatga buning daxli yoʻq. Menimcha, yigitlarda koʻtarinki kayfiyat kamroq boʻldi, balki murabbiy sifatida men etkazib bera olmagandirman. Har bir proofessional futbolchi oʻyinga alohida oʻzi tayyorlanishi shart.

- Bugungi magʻlubiyatdan keyin jamoaning guruhdan chiqish imkoniyatlarini qanday baholaysiz? Chunki Kubokda keyingi bahs "Paxtakor" bilan boʻladi.
- Aytib oʻtganimdek, bu magʻlubiyat men uchun ham dars boʻldi. Rotatsiya yaxshi narsa, kam oʻyin amaliyotiga ega futbolchilar unumli foydalansa, oʻziga yaxshi boʻladi, bundan ham jamoa yutadi. Lekin rotatsiya foyda bermasa, demak murabbiy xato qilgan boʻladi. Kelajakda bu kabi xatolarni takrorlamaslikka harakat qilamiz.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring