«Al-Hilol» Jota nomini baqirgan «Al-Taavun» muxlislari ustidan shikoyat qildi
«Al-Hilol» Saudiya Arabistoni futbol federasiyasiga «Al-Taavun» muxlislari ustidan rasmiy shikoyat qildi. Milliy chempionatning 7-turidagi «Al-Taavun» — «Al-Hilol» (0:6) uchrashuvi vaqtida mezbonlarning bir nechta muxlisi mehmonlar yarim himoyachisi Ruben Neveshni provokasiya qilish maqsadida Diogu Jotaning nomini baqirgan.
«Al-Hilol» bunday harakatlarni keskin qoralaydi, ayniqsa ular futbolchilar yoki ularning oila a’zolariga daxl qilsa yoki shaxsiy haqoratga qaratilgan bo‘lsa. Biz o‘yinning barcha ishtirokchilariga hurmat va qadr-qimmat saqlanadigan sport muhitini yaratish zarurligini ta’kidlaymiz.
«Al-Hilol» nizomda belgilangan tartib-taomillarni boshladi va yuz bergan voqea yuzasidan Saudiya Arabistoni futbol federasiyasiga shikoyat yubordi. Bu orqali klub va futbolchilarning huquqlarini himoya qilish hamda bunday qoidabuzarliklar amaldagi qoidalar asosida ko‘rib chiqilishini ta’minlashni maqsad qilgan», — deyiladi klub bayonotida.
Nevesh va Jota yaqin do‘st bo‘lgan. Ular «Portu», «Vulverxempton» va Portugaliya terma jamoasida birga o‘ynashgan. Diogu Jota 2025 yil 3 iyul kuni 28 yoshida avtomobil halokatida vafot etgan. Jota bilan birga mashinada uning akasi Andre Silva ham bo‘lgan.
Manba: stadion.uz
Izohlar 0