Timur Kapadze: "Bugun yutmasak boʻlmasdi, viloyat hokimining tugʻilgan kuniga yaxshi sovgʻa boʻldi"
"Navbahor" muxlislarini gʻalaba bilan tabriklayman. Qiyin oʻyinda yoqimli gʻalabaga erishdik. Oʻn kishi qolganimiz biroz qiyinchilik tugʻdirdi, shunga qaramay yigitlar iroda koʻrsatishdi. Muxlislarimiz bizga dalda berishdi. Viloyat hokimining tugʻilganiga yaxshi sovgʻa boʻldi deb oʻylayman. Kojoning tugʻilgan kuni ham edi. Bugun yutmasak boʻlmasdi", - deya gap boshladi Timur Kapadze.
- Kubokdagi boʻlajak oʻyin haqida nima deysiz?
- Muborakda safar oʻyinimiz bor. Keyin esa yana "Nasaf" bilan oʻyin. Hech qaysi bir raqibga qarshi ketma-ket oʻyin oʻtkazish oson boʻlmaydi. Taqvim juda zich. Oldindan bir narsa deyish qiyin. Oson raqibning oʻzi yoʻq. Har bir jamoaning oʻz maqsadi bor.
- Gʻiyosov haqida gapirib oʻtsangiz...
- Biz uchun katta yoʻqotish. "Bunyodkor"ga qarshi uchrashuvda raqib himoyachisi ataylab sakradi. Unga tarkibga qaytish uchun vaqt kerak. Hozirgi kunda u Toshkentda davolanmoqda.
- Bahsli vaziyatlar koʻp boʻldi, hakamlik haqida nima deysiz...
- Bunday oʻyinlar asabiy boʻladi. Hakamlar mundialda ham ishlashdi. Darajasi qanday ekanligi ma'lum. Men bir nechta vaziyatni koʻrmay qoldim. Takroriy vaziyatni koʻrmasdan xulosa qilish notoʻgʻri.
- Soʻnggi oʻyinlarda qiyinchilik bilan gʻalaba erishilmoqda. Jamoaga bir nima etishmayotgandek. Buning sababi nimada? Masalan, hujumda faqat Norchaev oʻynamoqda. Norchaev-Kojo tandemi bir vaqtning oʻzida maydonda boʻlishiga nima deysiz?
- Oʻtgan oʻyinda ikkisi ham maydonda edi. Kojoga biroz vaqt kerak. U endi maydonga qaytdi. Vingerlarimiz ham hujumchi hisoblanadi. Oʻyindan oʻyinga kuchayib boryapmiz. Oʻtgan oʻyin ham osondek tuyulayotgandi, 0:2 hisobidan oʻyin oʻzgarib ketdi. "Bunyodkor" darvoza tomon uchta zarba berdi va uchta gol urdi. Bunday oʻyinlar jamoani yanada oʻstiradi. Bir oila sifatida boʻlib, muhit yaxshilanadi. Men ham osonroq gʻalaba qozonishimiz tarafdoriman. Masalan, 3:0 hisobida yutaylik. Lekin raqiblarni oʻzingiz koʻrib turibsiz. Asosiysi ochkolar toʻplab borish. Birinchi davrada juda koʻplab oʻyinlarda ochkolar yoʻqotgandik. Endi uydamiz va muxlislarimiz bizni qoʻllab-quvvatlamoqda. Birinchi davrada muxlislar etishmagandi. Maydonga ham biroz vaqt kerak. Bunday maydonda toʻp bilan muomala qilish qiyin. Toʻp sakrashida muammo bor. Sentyabrga yaqin maydonlar yaxshilanib qoladi. Yoz fasli maydonlarni yomonlashtirib qoʻydi. Yomon maydon holat futbol tempini oʻldirib qoʻyadi. Jamoa hali yangi, kimdir keldi, kimdir ketdi.
- Aleks Fernandes soʻnggi vaqtlarda koʻrinmay qoldi. Unga nima boʻldi?
- Jarohat. Uning soʻnggi oʻyini OKMKga qarshi edi va asosiy tarkibdan joy olgan edi. Endi jarohatdan qaytdi va bugun zaxirada edi. Hozirgi holati yaxshi. Uch kun avval jamoaviy mashgʻulotlarga qaytdi.
- Bugun oʻzgarishlar toʻliq oʻzini oqladi. Avvalgi uchrashuvlarda esa ushbu jihatda kamchiliklar kuzatilgan edi. Bunga nima sabab boʻldi?
- "Bunyodkor" bilan yaxshi oʻynab turgandik, 2:0 hisobida edi. Yana vaziyatlarimiz bor edi. Shuning uchun men Ruslanni ikkinchi taymga asrab qoʻygan edim. Maydonga tushib, oʻyinga ta'sir oʻtkazdi. Oʻyin har xil kechishi mumkin. Barcha faktorlarni hisobga olishimiz kerak. Har bir raqibni oʻrganamiz. Bugun chetlatishdan soʻng hammasi oʻzgarib ketdi. Oʻzi zaxiraga olinishini soʻragan futbolchilar ham boʻldi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0