"Biz har doim hujumkor futbol oʻynashga harakat qilamiz" — Farhod Nishonov
— Farhod aka, bugungi oʻyin haqida oʻz fikrlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.
— Bugun judayam xursandmiz, juda muhim gʻalabani qoʻlga kiritdik. Peshqadam ustidan qozonilgan gʻalaba har doim yoqimli boʻlgan. Yigitlarga rahmat, yaxshi oʻyin koʻrsatishdi. Ogʻir va juda qiyin oʻyin boʻldi, baribir buni tan olaman. "Aral" bekorga Proligada peshqadam emas, baribir oʻz kuchini koʻrsatdi. Shunga qaramay, yigitlar xarakter koʻrsata oldi, kurashdik va muhim gʻalabani qoʻlga kiritdik.

— Jamoa ikkinchi goldan keyin ham "avtobus" tashlab olmadi, aksincha vaqti-vaqti bilan hujumga oʻtib turdi. Ya'ni hisobni ushlash maqsadi yoʻq edi. Lekin yaratilayotgan vaziyatlarni yakunlashda ozgina muammolar borligi koʻzga tashlandi…
— Ha, muammolar boʻldi. Futbolchilarimiz baribir bosim ostida qolganda, oʻsha hal qiluvchi epizodlarda yaxshiroq harakat qilishimiz, yaxshilanishimiz kerak. Koʻrgan boʻlsangiz, 3 metrdan, 5 metrdan, 10 metrdan gol ura olmayapmiz. Shunga qaramay, eng muhim narsa — harakat bor, toʻgʻri joyga yugurishyapti, gol uradigan zonalarga kirib borishayapti, u erga oxirgi paslar etib borayapti. Bosqichma-bosqich barchasi yaxshilanib, gollar ham uramiz. Jamoamizning oʻyin uslubi shunaqa, biz har doim himoyada oʻynamaymiz. Oʻzimizning uslubimiz bor — har doim hujumkor futbol oʻynashga harakat qilamiz. Koʻrganingizdek, oʻtgan oʻyinda ham, undan oldingi oʻyinda ham, bu safar ham zaxiradan tushgan oʻyinchilarimiz oʻyinni sezilarli darajada kuchaytirib beryapti.
— Raqibning imkoniyatidan kelib chiqqan holda, bu oʻyinda ochko olish rejalashtirilganmidi yoki maksimal gʻalabami?
— Yigitlarning oʻzida ham yutish uchun juda katta xohish va jiddiy tayyorgarlik bor edi. Bu oʻyinga yaxshi tayyorgarlik koʻrgandik. Maqsafimiz faqat gʻalaba qozonish edi, shuning uchun oldinga katta kuch bilan harakat qildik.
Manba: championat.asia
Izohlar 0