Fidbol.net

"Tezkor studiya": Shomurodov "Fenerbaxche" bilan kelisha olmayapti, Mbappe Messidan ilhom olyapti

Tahririyat 3
"Tezkor studiya": Shomurodov "Fenerbaxche" bilan kelisha olmayapti, Mbappe Messidan ilhom olyapti

Koʻrsatuvning navbatdagi efirida ekspertlar Kamoliddin Alimov, Tolibjon Qosimov va Mirkomil Musaev Frantsiya — Marokash uchrashuvi, Kilian Mbappening fenomenal rekordi hamda oʻzbekistonlik muxlislar uchun eng shov-shuvli transfer yangiliklarini tahlil qilishdi.

504816.jpg

Marokashning magʻlubiyatiga nima sabab boʻldi: Charchoqmi yoki raqibning kuchi?

Tolibjon Qosimov: — Marokash terma jamoasi bu safar koʻpchilik kutgandek mazmunli oʻyin koʻrsata olmadi. Menimcha, buning bosh sababi — oddiy charchoq. Bosh murabbiy ham oʻyindan oldin ayrim futbolchilarning bahsga jismonan tayyor emasligini ta'kidlagandi. Marokashliklar avvalgi uchrashuvlarda juda katta kuch sarflab, kuchli raqiblarga qarshi yuqori tempda harakat qilishgandi. Mana shunday qisqa va yirik musobaqalarda kuchni toʻgʻri taqsimlash qanchalik muhimligini Marokash misolida yaqqot koʻrdik.

Aslida jamoaning ishonchsiz oʻyinidan darak beruvchi ilk signal Kanada bilan bahsdayoq koʻzga tashlangandi. Oʻshanda marokashliklar birinchi boʻlimda raqib darvozasiga birorta ham aniq zarba yoʻllay olishmagan, Kanada toʻliq ustunlik qilgandi. Toʻgʻri, ikkinchi boʻlimda oʻyinni keskin oʻzgartirishgandi, ammo Frantsiyaga qarshi bunday taktika oʻtmadi. Darvozabon Yassin Bunu bir nechta seyvlar ijro etdi, hatto penaltini qaytardi, ammo asosiy hujumchi Saybarining yoʻqligi va raqibning haddan tashqari kuchliligi oʻz soʻzini aytdi. Bugungi Frantsiyani toʻxtatib qoladigan kuch bormikan oʻzi?

52445fe6-40d2-47d3-81a7-946d3b000fe5.png

Mirkomil Musaev: — Frantsiyaning kuchi boshqa jamoalar fonida yanada yaqqolroq koʻzga tashlanmoqda. Ular musobaqa boshidan buyon zaxira kuchlarini juda oqilona tejab ishlatishdi. Marokash esa xuddi oʻyindan oldin taslim boʻlib qolgandek taassurot qoldirdi. Birinchi boʻlimda faqat himoyalangan Marokashni koʻrdik. Ular xuddi Kanada bilan oʻyindagi kabi birinchi boʻlimda ehtiyotkorlik qilib, ikkinchi boʻlimda vaziyatga qarab oʻzgarish kiritmoqchi boʻlishdi. Biroq Frantsiya uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq nazoratni oʻz qoʻliga oldi. E'tiborlisi, biz bu bahsda guruh bosqichidagi jangovar Marokashni koʻrmadik. Agar Bunu qutqarma organida, hisob yanada yirik boʻlishi mumkin edi. Ular xuddi penaltilar seriyasini koʻzlab, qarshi hujumga tayangandek harakat qilishdi.

Ishtaha ovqat paytida keladi, deganlaridek, Frantsiya oʻz oʻyin tizimini mukammal darajaga olib chiqdi. Boshqa tomondan, Messining mundialdagi yorqin oʻyini Mbappeni ham ruhlantirib yubordi, u maydonda ikki hissa kuch bilan harakat qilmoqda.

6c8a649e-31ea-400f-91a8-650cd83c20b8.png

Mbappe — Pelening yoʻlidan

Tolibjon Qosimov: — Ushbu Jahon chempionati haqiqiy ma'noda Mbappening turniriga aylanmoqda. U bir marta chempion boʻldi, oʻtgan mundialda finalgacha bordi, mana endi yana choʻqqi sari odimlayapti. Vaqtida afsonaviy Pele Jahon chempionatlarida qanday dominantlik qilgan boʻlsa, Mbappe ham hozir shunday darajada. U navbatdagi rekordni rasmiylashtirdi: ketma-ket ikkita mundialda "gol+pas" tizimida 10 dan ortiq ochko jamgʻargan tarixdagi yagona futbolchiga aylandi. Oldinda uni yana ikkita muhim oʻyin kutib turibdi.

Kamoliddin Alimov: — Frantsiya terma jamoasida avlodlar almashinuvi shu qadar tekis va ogʻriqlarsiz ketyaptiki, bu jarayon umuman sezilmayapti. Aksincha, ular har bir Jahon chempionatida faqat kuchayib borayotgandek taassurot qoldirmoqda.

Snimok ekrana (432).png

🚨 EKSKLYuZIV: Eldor Shomurodov Saudiya Arabistoniga yoʻl olishi mumkin!

Koʻrsatuv yakunida studiya mehmonlari oʻzbekistonlik futbol muxlislari uchun kutilmagan eksklyuziv insaydni boʻlishishdi.

Tolibjon Qosimov: — Hamyurtimiz Eldor Shomurodovga Turkiyaning "Fenerbaxche" klubi jiddiy qiziqayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Bizga etib kelgan soʻnggi ma'lumotlarga koʻra, Eldor "Fenerbaxche" rahbariyati bilan moliyaviy shartlarni kelisha olmagan va katta ehtimol bilan bu transfer amalga oshmaydi.

Hozirda Shomurodovda boshqa jiddiy variantlar paydo boʻlgan. Terma jamoamiz sardori faoliyatini Saudiya Arabistoni chempionatida davom ettirishi mumkin. Saudiya klublaridan futbolchimizga rasmiy va moliyaviy jihatdan juda manfaatli takliflar bor. Vaziyatlar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Tolibjon Qosimov
: — Jahongir Oʻrozovni "Borussiya M"ga oʻtmasligini aytgan edik. Lekin uning agentini ma'lum qilinishicha, Oʻrozovga Germaniya vizasi tayyorlanyapti ekan. Balki tez orada yangilik boʻlishi mumkin.

Snimok ekrana (441).png

Homiylarimiz: CAU, “InfinBank”, “AKFA”, “Ucell”,  “TT LLC”, “Black Cofee”, “OfoTour”

Manba: championat.asia

Jamoalar

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring