Fidbol.net

Islom Ismoilov: "Doriev bugungi oʻyinda umuman koʻrinmadi, unga hech qanday imkoniyat qoldirmadik"

Tahririyat 4
Islom Ismoilov: "Doriev bugungi oʻyinda umuman koʻrinmadi, unga hech qanday imkoniyat qoldirmadik"

- Oʻyin haqida fikringiz?

- Avvalo shuni aytishimiz kerak, muhtaram Prezidentimiz tomonidan viloyat hokimi Xayrullo Hayitboevich "Fidokorona mehnatlari uchun" ordeni bilan taqdirlandi. Bu bilan viloyatimiz rahbarini tabriklaymiz hamda bugungi gʻalabani shu insonga bagʻishlaymiz.

Xayrullo Hayitboevich Fargʻona futbolini koʻtarish maqsadida astoydil harakat qilib kelmoqda, oxirgi yillarda futbol rivoji uchun katta ishlarni amalga oshirdi. Kecha funbolchilar bilan gaplashganimizda ham gʻalaba qozonishimiz shartligini va viloyat hokimini xursand etish maqsadimiz borligini aytgandik.

Oʻylaymanki, bugun ishonchli gʻalabani qoʻlga kiritdik. Birinchi taymda va ikkinchi boʻlimning dastlabki 20 daqiqasida tezkor, intensiv futbol namoyish etdik. 20-daqiqaga qadar koʻplab hujumlar uyushtirdik, ammo imkoniyatlardan foydalana olmadik. Soʻngra bitta imkoniyatdan foydalanib gol urdik. Doimiy ravishda hujumkor oʻyin koʻrsatishni oʻylaydigan boʻlsak, vaziyatlardan foydalanishimiz kerak boʻladi. Bu borada tanaffus payti ham futbolchilarga kerakli koʻrsatmalarni berdik. Chunki har bir hujum tezlik talab qiladi.

Muxlislar niyati sifatli futbol koʻrish boʻlsa, buning yagona echimi tezlik. Tez harakat qilsakgina, oʻyin sifati oshadi. Sekin futbol muxlislarga yoqmasligi aniq. Lekin oʻyin tezlashganidan keyin futbolchilar koʻp kuch yoʻqotyapti, har bir hujumga butun jamoa boʻlib oʻtishga harakat qilyapmiz. Kerak paytda har bir oʻyinchimiz bitta hujum payti 60-70 metr masofani bosib oʻtyapti. Bu esa koʻp mehnatni talab qiladi.

Bugun dastlabki yigirma daqiqalikda va ikkinchi boʻlimning ham dastlabki 20 daqiqasida mavsumdagi eng chiroyli oʻyinlarimizdan birini namoyish etdik. Umuman oʻyindan va natijadan koʻnglim toʻldi, raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmadik. 

- Bugun Doriev har tomonlama "bogʻlab" qoʻyildi. Unga oʻyin bermaslik uchun kimdir biriktirilganmidi?

- Yoʻq, biz qaysidir oʻyinchiga qarshi personal qoʻymaymiz. Bu usuldan yiroqmiz. "Soʻgʻdina" bilan oldingi oʻyinda ham Dorievni zararsizlantirish uddasidan chiqqandik. Jizzaxliklar oʻyin uslubi Doriev atrofida qurilgan. Bu futbolchi oʻzi gol uradi, ham gollarga assist beradi. Doriev toʻpni qabul qilib olgach uch nafar futbolchi kutib olishini ta'minladik. Bu ishni ayniqsa qanotdagi oʻyinchilarimiz a'lo darajada bajarishdi. Chunki u toʻpni qabul qilgan paytda hududlarni bir vaqtda yopa oldik. Doriev bugungi oʻyinda umuman koʻrinmadi, unga hech qanday imkoniyat qoldirmadik.

- Jarohat olganlar "Paxtakor" bilan oʻyingacha qaytadimi?

- Bu ogʻriqli savol. Jamoamizda koʻplab etakchi oʻyinchilar yoʻq, ularning oʻrni beqiyos. Biz ham tezroq safga qaytishlarini kutyapmiz. Katta ehtimol bilan bu qiyin holat. Lekin shifokorlar ishlashyapti, hamma maksimal darajada harakat qilyapti. Jarohat olgan futbolchilarimiz "Paxtakor" bilan oʻyingacha safga qaytishlarini umid qilib qolamiz. Oʻyin uslubimiz shakllanayotgan bir paytda futbolchilarning safdan chiqishi rejalarimizga ta'sir qiladi. Shunga qaramay maydonga tushayotganlar bor kuch bilan harakat qilmoqda.

- Soʻnggi oʻyinlarda koʻryapmizki, "Neftchi" asosan qanotlar orqali hujum qilyapti. Bu siz tanlagan taktikami yoki raqib oʻyinidan kelib chiqib shunday yoʻl tutyapsizmi?

- Aslida biz qanotlardan hujum qilishni yoqlamaymiz. Shaxsan oʻzim buning tarafdori emasman. Mashgʻulotlarda bu borada deyarli ishlamaymiz. Oʻyindan oldingi koʻrsatmalarda ham bu haqda gapirmaymiz. Maqsadimiz tezroq darvozaga yoʻl topish. Aksar jamoalar bizga qarshi chuqur himoyalanyapti. Kerak paytda oʻn kishi boʻlib himoyaga oʻtyapti. Shunaqa payt nailoj qanotlar orqali hujum qilyapmiz. Agar qanotlardan uzatiladigan toʻplar foydamizga ishlasa, bundan xursand boʻlamiz. Lekin afsuski, bu boʻyicha oqsayapmiz.

_JP88186.JPG

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring