"Tezkor studiya": Ispaniya finalga qanday chiqdi?
Musobaqaning ilk finalchisiga aylangan Ispaniya terma jamoasi yarim finalda turnirning asosiy da'vogarlaridan biri — Frantsiyani musobaqadan chiqarib yubordi. Studiya ekspertlari Tolibjon Qosimov, Kamoliddin Alimov va Mirkomil Musaev, Narzulla Saydullaev ushbu uchrashuv tahlilini olib borishdi.

Tolibjon Qosimov: "De La Fuentening aqlli taktikasi Frantsiyaning dahshatli hujumini zararsizlantirdi"
Oʻyindan oldin koʻpchilik Frantsiyani yaqqol favorit sifatida koʻrayotgan edi. Boisi, frantsuzlar musobaqaning eng kuchli va dahshatli hujum chizigʻiga ega jamoa hisoblanardi. Ammo maydonda ushbu yulduzli hujum triosi hech narsa qila olmadi. Bunga esa toʻgʻri taktika tanlagan Ispaniya terma jamoasi sababchi boʻldi. Murabbiy Luis de la Fuentening jamoani oʻyinga qanday tayyorlagani uchrashuv davomida yaqqol bilindi.
Frantsiya ustozi Dide Desham ushbu bahsda tezkor qarshi hujumlarga umid bogʻlagan edi. Chunki ispanlar toʻp nazoratini oʻz qoʻlida ushlab turishi sir emasdi. Biroq Ispaniya raqibga bunday imkoniyatni umuman bermadi. Hujumga oʻtish vaqtida ham orqa chiziqdagi uch nafar himoyachi oʻz pozitsiyasini tashlab ketmadi. Natijada Frantsiya qarshi hujumga qochish uchun maydonda kattaroq boʻsh hudud topa olmadi. De La Fuente haqiqatan ham oʻta aqlli murabbiy ekanligini isbotladi.
Toʻgʻrisi, oʻyindan oldin kimdan soʻrasangiz ham bunday manzarani tasavvur qilolmasdi. Sababi, frantsuzlar tarkibida ushbu bahsgacha jami 23 ta golli uzatmani amalga oshirgan Usmon Dembele, Kilian Mbappe va Maykl Olise kabi ijrochilar bor edi. Ular har oʻyinda xavfli vaziyatlar yaratib kelishayotgandi. Biroq Ispaniya shu qadar mukammal tayyorgarlik koʻribdiki, ularga umuman yoʻl bermadi. Frantsiya birinchi boʻlimda birorta ham xavfli vaziyat yaratolmadi va ularning birinchi boʻlimdagi kutilgan gollar (xG) koʻrsatkichi 0 ga teng boʻldi.
Bundan tashqari, maydonda yana avvalgi sport formasiga qaytgan Rodrini koʻrdik. U jarohatlar sababli "Manchester Siti" tarkibida mavsumni toʻliq oʻtkaza olmagan edi. Koʻrinib turibdiki, yarim himoyachi bor kuchini aynan mana shu Jahon chempionati uchun asrab qoʻygan ekan.
Kamoliddin Alimov: "Ispaniya 2,5 yildan beri Frantsiyaga yutqazmayapti"
Terma jamoalarning oʻzaro oʻyinlari statistikasiga nazar tashlasak, ustunlik toʻliq Ispaniya tomonida ekaniga guvoh boʻlamiz. Luis de la Fuente boshqaruvidagi hozirgi Ispaniya terma jamoasi Frantsiyaga umuman magʻlub boʻlmayapti.
Bugungi kunda ushbu mutaxassis qoʻl ostida ispanlarning magʻlubiyatsiz seriyasi naq 2,5 yildan beri davom etib kelmoqda. Bu juda katta va tahsinga loyiq koʻrsatkichdir.

Mirkomil Musaev: "Bu yilni basklar yili deb atashimiz mumkin"
Futbol mana shunday kutilmagan vaziyatlari bilan qiziq. Biz oʻyindan oldin har qancha raqamlar, statistika va tahlillarga suyanmaylik, yashil maydondagi jarayon baribir boshqacha kechishi mumkin. Toʻgʻri, ba'zida prognozlar va hisob-kitoblar oʻzini oqlaydi, ammo futbol baribir oʻzining mana shunday kutilmagan goʻzalligi bilan barchani maftun etadi.
Joriy yilni bemalol "basklar yili" deb atashimiz mumkin. Ispaniya terma jamoasi yilning eng asosiy musobaqasida kim aslida eng kuchli ekanligini butun dunyoga namoyish etib qoʻydi. Dide Desham ham bahsdan avval raqibning bu kuchini yaxshi anglab etgandi.
Aslida, Ispaniya maydon markazini toʻliq nazorat qilish evaziga butun oʻyin taqdirini hal qildi. Ular kerak paytda tartibli himoyalanishni, zarur vaziyatda esa hujumlarni yuqori darajada tashkil qilib, bahs suratini oʻzlari istagandek boshqara olishdi.
Homiylarimiz: CAU, “InfinBank”, “AKFA”, “Ucell”, “TT LLC”, “Black Cofee”, “OfoTour”
Manba: championat.asia


Izohlar 0