APL klublari "Man Siti" ishi ushbu mavsumda yopilishini va ehtimoliy sanktsiyalar keyingisida kuchga kirishini xohlashmoqda
APL klublari yakuniy qaror joriy mavsum yakunlanguniga qadar chiqarilishini va ehtimoliy sanktsiyalar keyingi mavsumda kuchga kirishini istashmoqda, deb yozmoqda The Times.
Klub rahbarlaridan biri ish koʻrib chiqilishi jarayoni 2027/28 yilgi mavsumgacha choʻzilib ketishi "qabul qilib boʻlmas" holat boʻlishini ta'kidladi.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan haftada "shaharliklar" APLning moliyaviy qoidalarini buzish boʻyicha deyarli barcha ayblovlar boʻyicha aybdor deb topilgani haqida ma'lumot paydo boʻlgan edi — faqat bittasidan tashqari. 2023 yilning fevral oyida APL "Siti"ni 2009 yildan 2018 yilgacha boʻlgan davrda moliyaviy qoidalarning 115 ta turli buzilishida ayblagan edi. Keyinchalik The Times gazetasi gap 115 ta emas, balki 130 ta qoidabuzarlik haqida ketayotganini xabar qildi: Premer-liga endigina ayblovlarni e'lon qilganida, ba'zi qoidalar boʻyicha chalkashlik yuzaga kelgan edi.
"Manchester Siti"da ayblov verdikti boʻyicha rasman apellyatsiya berish uchun jumagacha vaqt bor. Premer-liganing ushbu mavsumda joriy etilgan yangi qoidalariga koʻra, apellyatsiyani koʻrib chiqish jarayoni 12 hafta ichida yakunlanishi, xulosalar esa oxirgi eshituv oʻtkazilgan paytdan boshlab 30 kun ichida e'lon qilinishi kerak.
Biroq "Siti" yuristlari ushbu holatda bu muddatlar qoʻllanilmasligi kerakligini vaj qilib koʻrsatishlari mumkin, chunki moliyaviy qoidabuzarliklar boʻyicha ish yangi qoidalar joriy etilishidan oldinroq koʻrib chiqila boshlagan.
Manba: championat.asia
Izohlar 0