Fidbol.net

Fabio Kannavaro: "Kelinglar, futbol atrofidagi narsalar haqida emas, oʻyin haqida oʻylaylik. Nima uchun sizni bunday narsalar qiziqtiradi?"

Tahririyat • • 2
Fabio Kannavaro: "Kelinglar, futbol atrofidagi narsalar haqida emas, oʻyin haqida oʻylaylik. Nima uchun sizni bunday narsalar qiziqtiradi?"

Kirish soʻzi (Fabio Kannavaro): Barchaga salom. Biz tayyorgarlik koʻrdik, bu oʻyinga tayyorlanish uchun bizda biroz koʻproq vaqt boʻldi. Ammo bu oʻyin oldidan menda oldingisiga qaraganda koʻproq xavotir bor. Chunki Eronga qarshi oʻynaganingizda, garchi bu oʻrtoqlik uchrashuvi boʻlsa ham, motivatsiya oʻz-oʻzidan paydo boʻladi. Ertaga biz Suriya bilan oʻynaymiz. Bu juda intensiv va qiyin oʻyin boʻladi, biz har bir oʻyinda oʻzimizning mentalitetimiz va falsafamizni koʻrsatishimiz kerak. Jamoada hammasi joyida, faqat Rasuldan tashqari — unda muammo yuzaga keldi va u ertaga maydonga tusha olmaydi. Qolgan hammasi a'lo darajada.

- Eronga qarshi oʻyinda biz optimal tarkibda maydonga tushdik, deyish mumkin. Ertaga Suriyaga qarshi oʻyinda asosiy tarkibda oʻynamagan futbolchilarga imkoniyat beriladimi? Umuman olganda, yondashuvingiz qanday boʻladi?
- Ha, balki kimnidir almashtirarmiz, chunki biz Koreyaga uchishimizni ham oʻylashimiz kerak, u erda yana bir oʻyinimiz bor. Bundan tashqari, har bir kishiga oʻynab koʻrish, oʻz daqiqalariga ega boʻlish va ushbu guruhning bir qismi ekanligini his qilish imkoniyatini berish foydali deb hisoblayman.

- Abduvohid Ne'matovning holati qanday, u ertangi oʻyinga tayyormi?
- Ne'matovga kelsak, mashgʻulotda u barmogʻida muammo sezdi. Nima boʻlganini aniq bilmayman, lekin ertaga ertalab tibbiy shtab bilan gaplashgandan keyin qaror qabul qilamiz. Ertangi oʻyin uchun tarkibni ham ertaga koʻramiz.

- Osiyo oʻyinlarida ishtirok etayotgan futbolchilar Koreyaga boradimi, reja qanday?
- 23 yoshgacha boʻlgan terma jamoadan futbolchilarni jalb qilishga harakat qilamiz. Albatta, balki ulardan kimgadir dam olish kerak boʻlar, bu vaziyatga bogʻliq, bu boʻyicha qarorni oʻzim qabul qilaman.

- Soʻnggi intervyularingizdan birida: «Men eng koʻp xohlaydigan narsa – futbolchilar jurnalistlar bilan muloqot qilmasligi», degandingiz. Shu fikringizga biroz oydinlik kirita olasizmi: jurnalistlar umuman futbolchilar bilan gaplashmasligi kerakmi — mikst-zonada, mashgʻulotdan oldin, undan keyin yoki intervyu paytida?
- Yigitlar, kelinglar oʻyinlar haqida oʻylaylik. Nega sizni oʻyinlarning oʻzi emas, koʻproq bunday narsalar qiziqtiradi? Tushunmayman, nima uchun biz doimo futboldan boshqa istalgan narsani muhokama qilish uchun sabab izlaymiz. Meni tashvishga soladigan yagona narsa — bu futbol. Futbolchilar atrofidagi boshqa barcha futbolga xos boʻlmagan vaziyatlarni tinch qoʻying va iltimos, futbol haqida oʻylang.

- Siz terma jamoaga kelganingizdan beri koʻp narsa oʻzgardi, jamoaning umumiy rivojlanishi va oʻsishi haqida tez-tez gapirasiz. Ammo bir narsa hozircha oʻsmayotgandek tuyuladi — bu raqiblarning darajasi. Suriya bilan bogʻliq vaziyat tushunarli, ular oʻyini bekor qilingan jamoani oʻrnini egalladi. Lekin biz Eron bilan emas, boshqa kuchliroq raqiblar bilan oʻrtoqlik oʻyinlari oʻtkaza olamizmi? Eron bilan siz kelguningizcha ham doim oʻynab kelganmiz, bundan hamma charchadi. Top terma jamoalar bilan oʻynashni xohlardik va sizni davringizda bu jihat ham oʻsishi kerak...
- Biz harakat qilyapmiz.

- Biz tarixda birinchi marta Eron terma jamoasini magʻlub etdik, bu yaxshi natija. Ayting-chi, Eron ustidan qozonilgan gʻalabadan soʻng, terma jamoa oʻyinida yana qanday kamchiliklar koʻzga tashlandi?
- Biz koʻp narsalarni yaxshilashimiz kerak. Afsuski, biz har kuni birga boʻlmaymiz, lekin koʻp jihatdan oʻsishimiz kerak. Biz oʻyinni koʻrib chiqdik va men futbolchilarga qaerda kuchayishimiz kerakligini koʻrsatdim. Ba'zida biz voqealarni juda tezlashtirib, individual tarzda echim topishga harakat qilamiz. Ba'zida esa biz shunchaki toʻpni Eldorga beramiz, chunki uning eng yaxshi ekanini bilamiz, hatto u uchta raqib orasida boʻlganida ham. Men ularga ba'zida orqaga qaytib, hujumni boshidan, noldan boshlash mumkinligini tushuntirishga harakat qildim. Biz chiziqlar orasidagi boʻsh hududlarni topishga harakat qilyapmiz. Lekin bizga koʻproq sabr kerak. Hammasi sekin boʻladi. Shunday holatlardan keyin gol uryapmiz, endi xotirjam boʻlishimiz kerak. Goldan keyin biz koʻproq xatolarga yoʻl qoʻyyapmiz. Shuningdek, biz tez-tez oʻyinning dastlabki 20 daqiqasida gol oʻtkazib yuboryapmiz. Bu oʻyinning juda muhim qismi. Biz Eron bilan oʻyinni koʻrib chiqdik va yigitlarga qaerda yaxshiroq oʻynashimiz mumkinligini tushuntirdim.

- Koʻpchilik terma jamoalarda uzoq vaqt davomida asosiy hisoblangan darvozabon boʻladi. Germaniyada bu Noyer, Ispaniyada Simon. Bizda shunday darvozabon Yusupov edi. Endi u terma jamoada yoʻq, Ne'matovni uzoq yillar davomida birinchi raqamli boʻladi deb hisoblash mumkinmi?
- Siz Ispaniya haqida gapiryapsiz. Ularda bosh murabbiy jamoani anchadan beri boshqarib keladi. Men yaqinda keldik, men ham kuzatyapman va tahlil qilyapman. Ne'matov hozir jarohat olgan. Olimpiya terma jamoasida yana bir yaxshi darvozabonimiz bor. Biz hammaga imkoniyat beramiz.

- Ertangi oʻyin oldidan Suriya terma jamoasining qanday kuchli tomonlarini ta'kidlay olasiz?
- Bu yaxshi jamoa. Ular ertaga bizga boʻsh zonalarni bermay, maksimal darajada zich (kompakt) oʻynashadi. Oʻyin qiyin boʻladi. Biz oʻyinni yaxshi boshlashimiz va nazorat qilishimiz kerak. Xalqaro oʻyinlar bu — xalqaro oʻyinlar.

- Siz U17 terma jamoasi darvozaboni Ibrohim Shokirovni terma jamoa mashgʻulotiga chaqirdingiz. Bu nima bilan bogʻliq?
- Mashgʻulotlarda bizga bir oʻyinchi etishmayotgan edi. Shu sababli men bir darvozabon soʻradim va ular Shokirovni chaqirishdi

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring