Skaloni Messining termadan ketishi haqida: "Bu ishni hozir qilish kerak"
39 yoshli Messi 6 oktyabr kuni Buenos-Ayresdagi "Monumental Antonio Vespusio Liberti" stadionida Beninga qarshi bahsda Argentina terma jamoasi safida soʻnggi marta maydonga tushadi. U avvalroq xalqaro faoliyatini yakunlashini ma'lum qilgan edi.
"Menimcha, u bunga loyiq. Men bu ishga oz boʻlsa-da hissa qoʻshganimdan xursandman. Uning xayrlashuv marosimida boʻlishni xohlayman. Oʻzim ham keyin ishlashda davom etamanmi-yoʻqmi, bilmayman. Shuning uchun u ushbu oʻyinda maydonga tushishi uchun harakat qildik", — dedi Skaloni.
Mutaxassis Messining muxlislar bilan xayrlashish istagini alohida ta'kidladi:
"Biz uning boshidan kechirayotgan barcha narsalarni bilardik. Shunga qaramay, u kelib, oʻz xalqi — uni shunchalik yaxshi koʻradigan insonlar bilan xayrlashish uchun xohish va kuch topdi.
Agar xayrlashuv marosimini oʻtkazish kerak boʻlsa, buni hozir qilish lozim. Chunki u hech qachon toʻxtamasa ham, keyin bu sehr avvalgidek boʻlmasligi mumkin. Hozir esa u muxlislar mehrini his qilishi mumkin boʻlgan eng yaxshi payt", — deya qoʻshimcha qildi Argentina bosh murabbiyi.
Skaloni Messi bilan shaxsan suhbatlashganini ham aytdi: "Men u bilan gaplashdim va buni aynan hozir qilish kerakligiga ishontirishga harakat qildim. Keyin nima boʻlishini hech kim bilmaydi. U meni tushundi. AFA va prezident ham bu tashabbusni qoʻllab-quvvatladi. Bu juda chiroyli holat va u bunga loyiq. Buni qanchalik erta qilsak, shunchalik yaxshi".
Eslatib oʻtamiz, ayni shu sababli Argentinaning Osiyodagi turnesi, hususan, Oʻzbekiston termasiga qarshi oʻyini ham bekor qilindi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0