Fidbol.net

Sherzod A'zamov: "Raqiblarni jismonan yutib qoʻyamiz deb oʻylamayman. Sayfiev oʻng qanotda ilojsizlikdan oʻynayapti"

Tahririyat 3
Sherzod A'zamov: "Raqiblarni jismonan yutib qoʻyamiz deb oʻylamayman. Sayfiev oʻng qanotda ilojsizlikdan oʻynayapti"

Soʻnggi nazorat uchrashuvlari va terma jamoa atrofidagi voqealar yuzasidan taniqli sobiq futbolchi va ekspert Sherzod A'zamov bilan suhbat uyushtirdik.

— Hozirgi kunda terma jamoa tarkibi borasida hamma turlicha fikrlar bildirmoqda. Sizning Jahon chempionatiga yoʻl olgan tarkibimiz haqidagi fikringiz qanday?


— Avvalambor shuni aytish kerakki, terma jamoa murabbiylar shtabi imkoni boricha eng maksimal va kuchli tarkibni yigʻishga harakat qildi. Ular futbolchilarning hozirgi holatini, ruhiyati va xarakterini ichidan bilganliklari uchun bizdan koʻra yaxshiroq tahlil qila olishadi. Biroq, ayrim oʻyinchilarning yakuniy roʻyxatdan tushib qolgani meni ham biroz hayron qoldirdi. Shaxsiy fikrimcha, Alisher Odilov va Nodirbek Abdurazzoqov kabi futbolchilar bu safargi tarkibga va Jahon chempionatiga borishga loyiqroq edilar.

— Oxirgi yillarda oʻzimiz uchun yuqori planka (mezon) qoʻyib oldik. Kanada va Gollandiya bilan oʻyinlarda asosiy kamchiliklarimiz nimalarda koʻrindi? Gollandiyaga qarshi bahsda vakillarimiz ancha yaxshiroq taassurot qoldirgandek boʻldi...

— Bu ikki uchrashuvni tahlil qiladigan boʻlsak, Gollandiyaga qarshi oʻyinda terma jamoamizning mazmunliroq koʻringani sababi — raqib bizga etarlicha baho bermaganida boʻlishi mumkin. Evropadagilar bizga qarshi bor kuchlari bilan oʻynashmadi, vaziyatlardan unumli foydalanishmadi. Shu bois bizning jamoa fon kuchliroq koʻrindi. Ammo yaqin Erondagi voqealarni inobatga olsak, ayni paytda oʻyin amaliyotisiz qolib ketgan futbolchilarimiz bor. Yigitlarning uchta qiyin oʻyinga jismoniy kuchlari etadimi-yoʻqmi — buni vaqt koʻrsatadi. Shu sababli bu Jahon chempionati oʻyin amaliyoti yoʻq futbolchilarimiz uchun ancha ogʻir oʻtadi.

— Siz Hojiakbar Alijonov bilan ham, Farrux Sayfiev bilan ham birga toʻp tepgansiz, ularning imkoniyatlarini yaxshi bilasiz. Ayni paytda bosh murabbiy Kannavaro oʻng qanot himoyasidagi muammoga echim topishga qiynalmoqda. Sobiq futbolchi va mutaxassis sifatida bu vaziyatdan qanday chiqish mumkin deb oʻylaysiz?

— Hozirgi holatda murabbiy ilojsizlikdan Farrux Sayfievni oʻng qanotga qoʻyishga majbur boʻlmoqda. Bu Sayfievning u erga loyiq emasligidan emas, albatta. Farrux — istalgan oʻyinchi bilan raqobatlasha oladigan kuchli futbolchi, biroq u chap qanotda ancha samaraliroq va foydaliroq oʻynaydi. Bu muammoning eng oddiy va toʻgʻri echimi — asli shu pozitsiyada oʻynaydigan, jarohat olgan oʻng qanot himoyachilarimizning tezroq safga qaytishidir.

— Musobaqa oldidan jismoniy tayyorgarlik va futbolchilarning optimal formasi oʻrtasidagi balansni ushlash juda qiyin. Hozirgi yuklamalar fonida terma jamoamiz turnirga charchoq alomatlari bilan kirishi xavfi bormi yoki bu zamonaviy futbolda normal holatmi?

— Ochigʻi, biz terma jamoa murabbiylariga aql oʻrgatadigan darajada emasmiz. Ular oʻzlari nima istashayotganini va jamoani qaysi holatga olib chiqmoqchi ekanliklarini juda yaxshi bilishadi. Agar sobiq futbolchi sifatida shaxsiy fikrimni soʻrasangiz, menga koʻproq oʻyin amaliyoti berilishi yoqardi. Hozir ham shu fikrdaman. Biz guruhdagi uchta raqibni ham shunchaki jismoniy ustunlik yoki koʻp yugurish evaziga yuta olamiz, deb oʻylamayman. Murabbiylar ham buni biladi, lekin hech boʻlmasa raqiblar bilan jismoniy holatda teng boʻlish, ulardan qolishmaslik maqsadida shunday yuklamalar berishgan boʻlishi mumkin.

— Xoʻsh, unda biz guruhdagi raqiblardan aynan nimaning evaziga ochko olishimiz va gʻalaba qozonishimiz mumkin?

— Birinchi navbatda — raqiblarning bizga qarshi oʻz oʻyinlarini koʻrsata olmasliklari hisobiga. Ikkinchi va eng asosiy omil esa — futbolchilarimizdagi yuksak ishtiyoq va Vatan sharafi uchun maydonda bor kuchini berib oʻynash tuygʻusi boʻladi. Mana shu ikki omil bizga muvaffaqiyat keltirishi mumkin.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring