Fidbol.net

"Neftchi" sobiq ustozining mundial xotiralari: Gusev sharhlaridan tortib, Chilavert va Taffarel seyvlarigacha

Tahririyat 5
"Neftchi" sobiq ustozining mundial xotiralari: Gusev sharhlaridan tortib, Chilavert va Taffarel seyvlarigacha

2022-2025 yillarda "Neftchi"da Vitaliy Levchenkoga koʻmaklashgan, bugungi kunda Dushanbening "Istiqlol" jamoasida faoliyatini davom ettirayotgan darvozabonlar murabbiyi Farruh Berdiev Jahon chempionati oldidan fikrlarini bildirdi.

Ilk bor koʻrilgan va muhrlanib qolgan turnir — Frantsiya-1998

Mening xotiramda birinchi boʻlib muhrlanib qolgan musobaqa — 1998-yilda Frantsiyada oʻtgan Jahon chempionatidir. Oʻshanda biz hali yosh bola edik. Oʻsha paytlari har bir oʻyinni toʻliq tomosha qilishga imkon topa olmasdik, chunki turnir jami 64 ta oʻyindan iborat edi. Biroq televizorda har bir uchrashuv tafsilotlarini koʻrsatib boruvchi mashhur "Parij vaqti" koʻrsatuvi boʻlardi. Ushbu afsonaviy dasturni taniqli sharhlovchi Viktor Gusev olib borardi va biz oʻyinlar sharhini (obzorini) intizorlik bilan kutib, tomosha qilardik.
1998-yilgi chempionat juda qiziqarli oʻtgan. Mezbon Frantsiya oʻz uyida Braziliya terma jamosini yirik hisobda magʻlub etib, chempion boʻlgan edi. Shuningdek, ajoyib oʻyinlar koʻrsatgan Xorvatiya terma jamoasining uchrashuvlari ham hamon yodimda.
Oʻsha davrdagi afsonaviy darvozabonlar ijrosi esa chinakam darslik edi:
Faben Bartez oʻzining ajoyib seyvlari bilan yorqin taassurot qoldirgan;
Paragvaylik afsona Xose Luis Chilavert nafaqat darvozada turardi, balki oʻzi chiqib jarima zarbalarini (shtrafnoy) raqib darvozasiga joylab qoʻyardi;
Braziliyalik Klaudio Taffarelning harakatlari ham oʻsha davr futbolining goʻzalligi edi. Biz ularni bolaligimizda hayrat bilan tomosha qilganmiz.

gettyimages-1306034116-2048x2048.jpg



Men koʻrgan eng zoʻr mundial — Germaniya-2006

Men guvoh boʻlgan jahon chempionatlari ichida eng mukammali va unutilmasi, shubhasiz, 2006-yilgi Germaniya maydonlaridagi turnirdir. Oʻzim ham azaldan Italiya terma jamoasining sodiq muxlisi hisoblanaman.
Oʻsha chempionatda Italiya va Frantsiya terma jamoalari oʻrtasidagi dramatik final uchrashuvi futbol tarixidan abadiy joy oldi. Ayniqsa, darvozabon Janluiji Buffon oʻzining fantastik oʻyinlari va qahramonliklari bilan Italiyaning jahon chempioni boʻlishiga ulkan hissa qoʻshgandi. Umuman olganda, 2006-yilgi turnir juda koʻp dramatik va unutilmas uchrashuvlarga boy boʻlgan.

— Men Oʻzbekiston terma jamoasiga muxlislik qilaman. Chunki biz qoʻshni davlat, qardosh xalqmiz. Qolaversa, Oʻzbekiston milliy terma jamoasida oʻtgan yili «Neftchi» klubi safida birga ishlagan futbolchilarimiz — darvozabon Botirali Ergashev, Jamshid Iskanderov va Farrux Sayfievlar bor. Bundan tashqari, tarkibda juda koʻplab tanish futbolchilar mavjud, ularning hammasiga chin dildan muxlislik qilamiz.
Shuningdek, alohida ta'kidlab oʻtishim kerakki, bu yilgi Mundialda nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun MDH davlatlari orasidan faqatgina Oʻzbekiston qatnashmoqda. Bu juda katta faxr! Qoʻshnilarimizga omad yor boʻlsin. Ishonamanki, Fabio Kannavaro — kuchli mutaxassis va uning atrofida juda kuchli murabbiylar shtabi jamlangan. Barcha futbolchilarga, murabbiylarga va rahbariyatga omad tilayman.

photo_2026-06-13_13-57-11.jpg


— Albatta, Jahon chempionatidagi darvozabonlar oʻyinini diqqat bilan kuzataman. Menimcha, qaysi terma jamoa finalgacha etib borsa, oʻsha jamoa posboni turnirning eng yaxshi darvozaboni boʻladi. Shaxsiy fikrimcha, bu nominatsiyaga Alisson Beker, Tibo Kurtua yoki Jordan Pikford asosiy da'vogar boʻlishi mumkin. Bu yilgi Jahon chempionati juda qiziqarli oʻtadi va musobaqa davomida koʻplab yangi, iqtidorli darvozabonlar kashf etilishiga ishonaman.


— JCh-2026 uchun Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga ayni paytda mamlakatning eng kuchli uch nafar darvozaboni saralab olindi. Ularning barchasi yuqori darajadagi posbonlar. Maydonda kim oʻynashidan qat'i nazar, omad ular tomonida boʻlsin. Ilohim, oʻzlarining chiroyli oʻyinlari va mahoratli seyvlari bilan jamoani muhim vaziyatlarda qutqarib qolishsin. Men ularning hammasini yaqindan taniyman va doimiy ravishda gaplashib turaman.
Afsuski, reglamentga koʻra qaydnomaga faqat 3 ta darvozabon kiritilishi shart. Agar 4 ta darvozabon olib ketish imkoniyati boʻlganida, men bu roʻyxatga Vladimir Nazarovni ham qoʻshgan boʻlardim. Nazarov ham bunga loyiq edi, biroq oxirgi oʻyinlarda kamroq oʻyin amaliyotiga ega boʻlgani uchun, menimcha, kuchli uchlikdan oʻrin ololmadi. Terma jamoa darvozabonlar murabbiyi va bosh murabbiy eng kuchli uchlikni tanlashda ancha bosh qotirishgani aniq. Oʻtkir Yusupov — Jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritishda oʻzining ishonchli oʻyinlari bilan juda katta xizmat qilgan tajribali va mahoratli darvozabon. Shu bilan birga, Botirali Ergashev va Abduvohid Ne'matov ham milliy jamoada sogʻlom raqobatga toʻliq tayyor. Ularning hammasi kuchli posbonlar, barchalariga yana bir bor omad yor boʻlishini tilayman.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring