"Debyutant terma jamoalar qadamida hamisha oʻzgacha sehr boʻladi" — Eronlik jurnalist Oʻzbekiston haqida gapirdi
Sababi oddiy, dunyo hamjamiyati doimgi terma jamoalarning imkoniyatidan xabardor. Ilk bor qatnashadiganlar esa "sirli tulpor" boʻlib koʻrinadi. "Mehr news" nashri jurnalisti Mehdi Mortazavian saytimiz jurnalisti Abdulaziz Iskandarovga Oʻzbekiston va Eronning mundialdagi ishtiroki haqida gapirdi.
"Eron — Osiyoning Jahon chempionatlaridagi eng tajribali vakillaridan biri. Milliy terma jamoa 2006 yildan buyon dunyo birinchiliklarini muntazam ravishda oʻtkazib yubormay kelyapti. Bunday barqarorlik esa jamoaga xalqaro futbolning eng yuqori choʻqqisida bebaho tajriba toʻplash imkonini berdi.
Bugungi kunga kelib, Eron uchun shunchaki Jahon chempionatiga yoʻllanma olishning oʻzi etarli emas. Endi talab va kutishlar butunlay boshqacha. Forslar qit'aning etakchi futbol mamlakatlaridan biri sifatida e'tirof etilmoqda va jamoatchilik ulardan navbatdagi qadamni kutyapti. Bugungi maqsad — guruh bosqichidagi uchta oʻyin bilan cheklanib, uyga qaytish emas. Amir Gʻalenoi qoʻl ostidagi jamoa turnirda uzoqroq qolishni, toʻrtta yoki beshta uchrashuv oʻtkazishni chin dildan maqsad qilgan. Albatta, jamoa atrofida hanuz taktik va texnik savollar mavjud, bosh murabbiy ham ma'lum darajada tanqidlarga uchrab turibdi, biroq talablar avvalgi avlodlarga nisbatan ancha yuqori ekanligi shubhasiz.
Oʻzbekiston uchun esa Jahon chempionatiga chiqish — ulkan tarixiy yutuq. Musobaqada 32 ta yoki 48 ta jamoa ishtirok etishidan qat'i nazar, JCh futbol olamidagi eng yirik voqea boʻlib qolaveradi va butun dunyo nigohini oʻziga qaratadi. Ilk bor qatnashayotgan terma jamoaning qadamida hamisha oʻziga xos sehr boʻladi. Debyutantlar dunyo sahnasida oʻzlarini koʻrsatish uchun turnirga oʻzgacha kuch, yuqori motivatsiya va shijoat bilan tashrif buyurishadi",- deydi Mehdi Mortazavian.
Toʻliq intervyuni tez orada e'tiboringizga havola qilamiz.
Ma'lumot uchun, Oʻzbekiston dastlabki bahsini Toshkent vaqti bilan 18 iyun kuni 7:00 da Kolumbiyaga qarshi oʻtkazadi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0