Sergey Tashuev: “Oʻzbekiston finalga chiqsa quvongan boʻlardik. Bu hayotda hamma narsa boʻlishi mumkin”
Qolaversa, bu borada koʻpchilik va shu jumladan xorijiy mutaxassislar ham Fabio Kannavaro boshchiligidagi bosh jamoamiz toʻgʻrisida oʻz fikr va mulohazalarini bildirishda davom etmoqdalar. Bu albatta oʻziga yarasha qiziq.
Rossiya futboli jamoatchiligi tomonidan ham tez-tez koʻzga koʻringan mutaxassislarning bildirayotgan munosabatlariga koʻzimiz tushib qoladi. Bu borada esa oʻzimiz harakat qilib, bevosita rossiyalik mutaxassis bilan bogʻlandik.
Jumladan, hozirda Rossiya birinchi divizion ishtirokchisi sanalgan “Enisey” klubiga bosh murabbiylik qilib kelayotgan tajribali Sergey Tashuev savollarimizga javob qaytarishga rozilik bildirdi.
- Sergey Abuezidovich, ushbu intervyuga rozilik berganingiz uchun tashakkur. Bilamizki, siz ayni paytda Rossiya birinchi divizion ishtirokchisi – “Enisey” klubi bosh murabbiyisiz. Ayting-chi, u erdagi ishlaringiz qanday?
- Albatta, “Enisey”da oʻzimni yaxshi his qilyapman. Muxlislarning ishonchi va muhit menga ma'qul kelyapti. Yaxshi natijalarga erishishimiz uchun hali koʻp ishlashimiz kerak. Oʻyin tashkil qilish, vaziyatni oʻzgartirish va jamoani yanada shakllantirish boʻyicha bir qator ishlarni amalga oshiryapmiz. Oldinga intilish asosiy rejamiz. Minskda yozgi yigʻinni oʻtkazmoqchimiz va oʻzbek klubiga qarshi oʻyin oʻtkazishimiz ham mumkin.
- Endi asosiy mavzuga oʻtsak. Siz bilan jahon chempionati haqida gaplashmoqchiman. Mundialda qaysi terma jamoalarga muxlislik qilasiz?
- Jahon chempionati haqida gapirganda bir qator terma jamoalar qatori tabiiyki, Oʻzbekistonga ham muxlislik qilaman. Oʻzbek futbolchilarini yaxshi bilaman. Oʻz vaqtida Mirjalol Qosimovni Samaradagi oʻyinlari orqali juda yaxshi tanirdim. Shuningdek, Sergey Lushanni ham bilaman. Hozirgi avlod futbolchilari ham ajoyib. Eldor Shomurodov, Abbos Fayzullaevni aytishim mumkin. Uni ayniqsa, “Fakel”ga qarshi oʻyinlarini yaxshi eslayman. Albatta, “Manchester Siti”da oʻynayotgan himoyachi Abduqodir Husanovni tilga olish lozim. Uni “Energetik BGU”da oʻynaganini bilardim. Oʻshanda u yoshgina yigitcha edi. Oʻz vaqtida meni jamoam “Energetik BGU”ga qarshi oʻynagan. Biz 1:0 ga yutgandik. Oʻsha uchrashuvda oʻzbek yigiti yomon oʻyin koʻrsatmagan. Oʻshanda u bizga qarshi oʻynagandi, hozir esa “Manchester Siti”da (kuladi). Abduqodirga keyingi faoliyatida ham omad tilayman.
- Oʻzbekiston milliy terma jamoamiz oʻz tarixida ilk bor jahon chempionatida ishtirok etadi. Ma'lumki, siz oʻzbek futbolini Sobiq ittifoq davridan beri bilasiz. Oʻzbekistonning mundialda ishtirok etishi siz uchun nimani anglatadi?
- Oʻz vaqtida Toshkentda bir necha bor boʻlganmiz va Qibrayda, keyin adashmasam Chirchiqda yigʻinlar oʻtkazganmiz. Oʻzbek futbolini bilaman. Oʻsha paytda Valeriy Kechinov yosh edi va uni yaxshi tanirdim. Iqtidorli bola edi. “Paxtakor”ni, ayniqsa, 1979 yilda halokatga uchragan jamoani yaxshi eslayman. An, Fyodorov va yana boshqalar oʻzbek futbolini eng yorqin futbolchilaridan edi. Shuni aniq ayta olamanki, doim sizlarda iqtidorli oʻyinchilar boʻlgan. MDHdan faqat Oʻzbekiston jahon chempionatiga chiqdi va barcha qatori men ham albatta terma jamoangizga ishqibozlik qilaman.
- Milliy termamiz Fabio Kannavaroga ishonib topshirilganini yaxshi bilasiz. Sizningcha, italiyalik mutaxassis terma jamoamiz bilan syurpriz koʻrsata oladimi?
- Kannavaro oʻz vaqtida ajoyib himoyachi boʻlgan. Fabio bejizga jahonning eng yaxshi futbolchisi boʻlmagan. Italiyaning eng kuchli markaziy himoyachisi edi. Aynan oʻzining yorqin oʻyinlari tufayli dunyodagi eng zoʻr futbolchiga aylana olgan. Oʻylaymanki, uning boshchiligidagi Oʻzbekiston himoyada tartibli oʻyin koʻrsatadi. Men yaxshi natijalar kutyapman. Hujumda ham jamoaning imkoniyatlarini yomon deb boʻlmaydi. Nazarimda, Kannavaro bir qator taktik yangiliklarga qoʻl ursa kerak. Himoyani mustahkamlagan holda hujumlardan oqilona foydalana olishi juda muhim. Shunda koʻzlagan maqsadga erisha oladi. Ayniqsa, qarshi hujumlardan unumli foydalanishlari kerak. Buning uchun oʻziga xos taktikalar tuzish lozim. Menimcha, buni uddalasa kerak. Jamoani himoyasi mustahkam boʻlsa, hujumlar ham samarali chiqadi.
- Kolumbiya, Portugaliya va Kongo Oʻzbekiston bilan bir guruhda. Nima deb oʻylaysiz, bu “oʻlim guruhi”mi va undan vakillarimiz “sogʻ-omon” keyingi bosqichga chiqa oladimi?
- Albatta, guruh juda qiyin. Lekin shunday boʻlsa-da, sen jahon chempionatining final qismiga chiqdingmi, demak guruhda hech kimdan qoʻrqmasliging kerak. Raqibni toʻgʻri oʻrganish, uni kuchli va kuchsiz tomonlarini toʻgʻri baholay olish natijaga erishishda katta rol oʻynaydi. Men koʻplab Rossiya va Ukraina klublarida toʻp tepganman. Oʻyinlar davomida raqiblarni kuchli va kuchsiz jihatlarini oʻrganib, tahlil qilardik va shunga qarab oʻyin taktikasini tuzib chiqardik. Oʻzbekiston ham raqibni toʻgʻri baholab, har taraflama oʻrganib, shunga yarasha oʻyin tashkil qilishi muhim. “Shaxtyor”, “Dinamo Kiev”, “Dnepr”, “Metallist” singari kuchli klublar safidagi etuk futbolchilar oʻynagan hamda raqibni yaxshi oʻrganib chiqib, ularga etarlicha qarshilik koʻrsatishardi. Ular doimo raqibni kuchini toʻgʻri taqsimlab shunga qarab oʻyin koʻrsatishardi. Vaqtida pressing qilardik, oʻz vaqtida himoyalanardik. Bularning barchasi raqibni oʻrganish bilan bogʻliq jarayonlar edi. Aytmoqchimanki, raqibni yaxshi oʻrganish juda muhim. Bosim bilan agressiv futbol koʻrsatardik. Hech kimdan qoʻrqmasdan kuchli oʻyin koʻrsatish harakatida boʻlaverish kerak.
- Yana bir jihatga alohida e'tibor qaratish kerakki, Oʻzbekiston nafaqat Markaziy Osiyoda, balki MDH mamlakatlari orasida ham jahon chempionatida yagona vakil sifatida qatnashadi. Xoʻsh, Rossiyada terma jamoamizning boʻlajak ishtiroki borasida qanday fikrlar bildirishmoqda?
- Albatta, osiyoliklar, shuningdek yon qoʻshnilar - Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston terma jamoangizni qoʻllab-quvvatlaydi. Shu bilan birga Rossiya ham jahon chempionatida Oʻzbekistonga muxlislik qiladi. Koʻplab oʻyinchilar Rossiya chempionatida toʻp tepishgan va bizning ishqibozlarimiz ularni yaxshi bilishadi. Shu sababli tabiiyki, terma jamoangizni qoʻllab-quvvatlashadi.
- Sizningcha, qaysi futbolchilarimiz mundialda kashfiyot boʻlishlari mumkin?
- Shomurodov, Xusanov, Fayzullaev kabi etakchilar bor va ular oʻzlarini koʻrsatishlari katta ehtimol. Ulardan tashqari yana bir qancha oʻyinchilar ham yaxshi oʻyin koʻrsatishlariga umid qilaman. Terma jamoa yigitlari oʻzlaridan iliq taassurot qoldirish uchun bor kuch va imkoniyatlarini ishga solishlariga ishonaman. Terma jamoangiz tarkibida yana boshqa yangi futbolchilarni ham kuzatishimiz mumkin.
- Mundial finalida qaysi terma jamoalarni koʻryapsiz?
- Ispaniya, Frantsiya yoki Braziliya. Kuchli jamoalar ishtirokidagi zoʻr finalni koʻrishni xohlayman. Anchelotti kabi kuchli murabbiylarni finalda koʻrsam ajablanmayman. Evropa Chempionlar ligasi finalida ham koʻrdikki, bir jamoa hujum qilyapti, boshqasi esa raqibni xato qilishini kutyapti. Finalda qiziqarli oʻyinni koʻrishni xohlagan boʻlardim. Shuningdek, Oʻzbekiston ham finalga chiqsa bundan quvongan boʻlardik. Bu hayotda hamma narsa boʻlishi mumkin.
Manba: championat.asia
Izohlar 0