Fidbol.net

Azamat Sharipov: "Bizning oʻyin uslubimizga ham maydon halaqit qildi"

Tahririyat 4
Azamat Sharipov: "Bizning oʻyin uslubimizga ham maydon halaqit qildi"

- Mavsumdagi ilk gʻalabadan xursandmiz. Yigitlar bugun yaxshi oʻyin namoyish qilib berishdi. Oʻyinni yaxshi boshlagandik. Ilk 35 daqiqa bizning nazoratimiz ostida oʻtdi. Bir qator qulay vaziyatlar boʻldi, bundan foydalana olmadik. Ikkinchi boʻlimda esa yigitlar biroz oʻyinni tashlab qoʻyishdi, keyin yana nazorat qildik. Bu futbol. Jamoam xarakter koʻrsatdi va biz gʻalaba qozondik.

- Hamkasbingiz Rashid Gʻofurov oʻyindan keyingi matbuot anjumanida maydon sifati yomon boʻlganini va oʻyini yoʻq jamoa gʻalaba qozonganini aytdi. Shu fikrga qoʻshilasizmi?

- Ikkala jamoa ham shu maydonda futbol oʻynadi. Biz birinchi marta oʻz maydonimizda futbol oʻynadik. Agarda mezbon jamoa barcha oʻyinlarini bir stadionda qabul qilib, mashgʻulotlarini olib borsa, maydon ustunlik berishi mumkin. Lekin bizning ham chempionatda ushbu stadiondagi birinchi oʻyinimiz. Biz ham oʻz oʻyinimizni erdan paslar orqali qurmoqchi edik, lekin bizning oʻyin uslubimizga ham maydon halaqit qildi. Lekin biz maydonga qarab oʻzgarishga qaror qildik va oʻyinimizni maydonga moslashtira oldik.

- Bugun jamoa mavsumdagi ilk gʻalabasini qoʻlga kiritdi. Siz ushbu gʻalaba jamoani ruhiy chuqurlikdan olib chiqib ketadi, deb ayta olasizmi?

- Albatta. Bizda koʻplab muammolar boʻldi va shuncha qiyinchiliklardan oʻtib, gʻalaba qozonishning oʻzi qiyin. Eng muhimi biz ishlashda davom etyapmiz, yigitlar mehnat qilishyapti. Xohish istak boʻlsa, istalgan narsaga erishsa boʻladi. Futbolga boʻlgan mehr, istak, xohishlarni ushlab qola olsak, keyingi oʻyinlarda ham gʻalaba qozona olamiz.

- Muxlislarning bugungi oʻyinga ishtiyoqi boshqacha edi. Gʻalaba uchun asosiy sabab deb shuni koʻrsata olasizmi?

- Bu muxlislar shunchaki muxlislar emas. Qaysidir futbolchining akasi, opasi, ukasi... Istaysizmi yoʻqmi, biz ularning oldida kuch olamiz. Bugungi gʻalabada muxlislarimizning ham hissasi katta deb oʻylayman. Yigitlar charchab qolayotgan boʻlsa-da, yuguryapti, demak, gʻalabada muxlislarning ham nechadir foiz hissasi bor.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring