Roberto Martines: "Oʻzbekistonni magʻlub etish – asosiy maqsadimiz" (toʻliq matbuot anjumani)
– Kongo DRga qarshi oʻyindan soʻng qattiq tanqidga uchragan kiyinish xonasidagi holat bilan bu hafta qanday kurashdingiz va ertaga Ronaldu asosiy tarkibda maydonga tushadimi?
– Birinchidan, bu jarayonimizning bir qismi ekanligini ta'kidlamoqchiman. Jahon chempionatida ishtirok etyapmiz va guruhda uchta oʻyin bor. Shuning uchun biz uchun hech narsa oʻzgarmaydi. Asosiysi – yaxshi mashgʻulot oʻtkazish, oʻyinlarga tayyorgarlik koʻrish, keyin esa baho berish, tahlil qilish va oʻzimizga nisbatan juda talabchan boʻlish. Oʻyindan keyin aynan shunday qildik: nimani toʻgʻri qildik, qaysi jihatlarni amalga oshira olmadik, nega toʻp nazorati va sifatimiz yuqori boʻlsa-da, raqib jarima maydonchasi atrofiga etarlicha etib bora olmaganimizni koʻrib chiqdik. Koʻzlangan natijaga erisha olmaganimiz uchun ichimizdagi gʻazab va hafsala pir boʻlish hissini yoʻqotishimiz kerak edi, lekin kiyinish xonasida barchaning diqqati joyida. Juda yaxshi ishladik va endi birinchi oʻyinda oʻxshamagan barcha jihatlarni yaxshilashimiz kerak. Jahon chempionatidagi holat shunday. Portugaliya ham darhol maqsadlariga erishishga tayyor holda keladigan jamoa emas. Qiyinchiliklar paytida oʻzimizga tanqidiy koʻz bilan qarab, oʻsishimiz kerak. Qiyin vaziyatni boshdan kechirdik, ammo bunga boʻlgan munosabat jamoaga kuch berdi va bizni yanada jipslashtirdi. Qilingan mehnatni va futbolchilarning oʻrnak boʻlarli munosabatini yuqori baholayman. Asosiy tarkibdagi futbolchilar bilan hali gaplashmadim, shuning uchun bu haqda hozir hech narsa deya olmayman. Oʻzingizga ma'lumki, futbolchilar bilan muhokama qilmagan narsalarimni omma oldida gapirishni yoqtirmayman.
– Asosiy tarkib haqida koʻp gapirmasligingizni tushundim, shuning uchun raqib haqida boshqa savol bermoqchiman. Bu jamoa koʻpincha beshta himoyachi va toʻrtta yarim himoyachi bilan harakat qilib, juda kuchli himoya chizigʻiga ega. Bu holat Portugaliyani birinchi oʻyinga nisbatan hujumga koʻproq kuch tashlashga, yarim himoyachilarni hujumga koʻproq jalb qilishga majbur qiladimi? Bu birinchi oʻyinda etishmagan jihat edi. Portugaliya bunday hujumkor chaqiriqqa hozir koʻproq tayyor deb hisoblaysizmi?
– Birinchi oʻyindagi dastlabki 20 daqiqalikni juda yaxshi oʻtdi deya olamiz. Menimcha, keyin nima boʻlganini tushunish muhimroq. Tanaffusgacha boʻlgan keyingi 25 daqiqada pozitsiya va tartib-intizom borasida oqsadik. Iqtidorimiz yuqoriligi oʻz yoʻliga, ammo bizda tizim va intizom boʻlishi shart. Aynan mana shu jihat etishmadi. Ikkinchi boʻlimda oʻyinimiz biroz yaxshilandi, lekin raqib ham jonlanib qoldi va oʻyin hissiyotlarga boy tarzda kechdi. Oʻzbekiston – umuman boshqacha jamoa. Toʻgʻri, ularning himoyasi juda yaxshi tashkillashtirilgan va murabbiyi yirik musobaqalarda katta tajribaga ega. Ammo bu mutlaqo boshqa oʻyin boʻladi. Biz toʻp bilan qanday harakat qilishimiz kerakligini, kerakli boʻsh hududlarni topish va birga-bir vaziyatlarni yaratish uchun qanday qilib taktik ustunlikka erishishimizni tushunib olishimiz muhim. Ta'kidlash joizki, biz soʻnggi 40 ta oʻyinda gollar va raqib jarima maydonchasiga etib borish boʻyicha eng yaxshi koʻrsatkichga ega jamoamiz, ya'ni bu bizning zaif tomonimiz emas. Biroq birinchi oʻyinda bizga ikkinchi golni urishga toʻsqinlik qilgan koʻplab hissiy omillar boʻldi.
– Odatda terma jamoamiz bir qanotda toʻgʻridan-toʻgʻri hujumga oʻtadigan vinger, boshqa qanotda esa markazroqqa oʻtib oʻynaydigan vinger bilan harakat qilishini koʻrardik. Ikkita markazroqqa moyil va kombinatsion oʻynaydigan vinger (masalan, Feliks va Bernardu yoki Feliks va Trinkan) bilan oʻynashning qanday kamchiligi bor deb oʻylaysiz?
– Bizda turli xil uslubdagi futbolchilar bor. Savolingizni tushundim, lekin biz qanotlarda qarama-qarshi oyoqda oʻynaydigan futbolchilardan ham foydalanamiz: oʻng qanotda Konseysau yoki Pedru Netu, chapda Rafael Leau. Nunu Mendeshdan, chiziqlar orasida esa Brunu Fernandesh, Bernardu Silva, Joau Feliks yoki Trinkandan foydalanishimiz mumkin. Bu muammo emas. Terma jamoamizning eng kuchli jihati va boyligi shundaki, bizda tanlov imkoniyati koʻp. Oʻyin holatidan, futbolchilarning sport formasidan va raqibdan kelib chiqib toʻgʻri qaror qabul qilishimiz kerak. Hozirgi vaqtda yakka tartibda shugʻullangan Tomash Araujudan tashqari barcha oʻyinchilar maydonga tushishga tayyor. Tomash bu oʻyinni oʻtkazib yuboradi, ammo keyingi bahsda safga qaytishiga umid qilyapman. Ruben Diash ham safga qaytdi. Barcha futbolchilar, xoh asosiy tarkibda, xoh zaxiradan qoʻshilib jamoaga yordam berishga tayyor. Soʻnggi uch yarim yil ichida Portugaliya terma jamoasi aynan turli xil kombinatsiyalar va taktik egiluvchanlikdan unumli foydalanib kelmoqda.
– Ruben Diash haqida gapirib oʻtdingiz. Tajribali futbolchi sifatida u Oʻzbekistonga qarshi oʻyinda maydonga tushsa, qanday ta'sir koʻrsatishi mumkin? Portugaliya koʻproq oldinga borishini va Oʻzbekiston ehtiyotkorroq oʻynashini hisobga olsak, unga koʻp ham ish tushmasligi mumkin...
– Biz oʻyin qiyin va raqobatbop boʻlishini kutyapmiz, chunki Oʻzbekiston Kolumbiyaga qarshi oʻyinda buni isbotladi. Raqibni qattiq hurmat qilamiz. Bu shunchaki oʻrtoqlik oʻyini emas, balki yirik musobaqadir va faqat maydondagi 11 kishi emas, balki 27 nafar futbolchimizning barchasi diqqat-e'tiborini jamoani kuchaytirishga qaratgan. Soʻnggi toʻrt kun ichida futbolchilardagi ajoyib ishtiyoqni koʻrdim. Ruben Diash birinchi oʻyinda maydonga tushmagan boʻlsa-da, bu jarayonda juda muhim rol oʻynadi. Bizda katta tajribaga ega olti nafar sardor bor va ular qiyin damlarda katta yordam berishadi. Eng muhimi shu. Jamoada gʻazab bor edi, ammo barcha mas'uliyatni oʻz boʻyniga oldi va tezroq oʻz ustimizda ishlab, eng yuqori darajamizga chiqishga diqqatni qaratdi. Ertaga Oʻzbekiston, keyin Kolumbiya bilan oʻynaymiz, shundan soʻnggina oʻtgan uchta oʻyinga baho berib, aslida qanday holatda ekanimizni koʻrib chiqamiz. Ertaga shunchaki maydonga tushib gʻalaba qozonamiz deb oʻylasak, qattiq yanglishamiz.
– Futbolchilar, jurnalistlar va muxlislar oʻrtasidagi muhit siz xohlagandan koʻra biroz keskinroq ekanini sezyapsizmi? Bunga nafaqat Portugaliyaning yomon oʻyini, balki Ruben Diashning bir necha kun oldingi matbuot anjumanidagi fikrlari ham sabab boʻldimi? Bu keskin muhit Portugaliyaning jahon chempionatidagi ishtirokiga qanday ta'sir qilishi mumkin?
– Birinchi navbatda shuni aytishim kerakki, Portugaliyaga kelgan birinchi kunimdan beri "shovqinsiz", ya'ni bosim va muhokamalarsiz birorta ham oʻyin oʻtkazmadim. Biz tajribali, diqqatni jamlagan va mas'uliyatli jamoa ekanimizni maydonda koʻrsatganmiz. Bu – jahon chempionati, bu erda "shovqin" boʻlishi tabiiy hol. Futbolchilar uchun kim terma jamoa bilan birga ekanini va kim qarshi ekanini tushunib etish juda muhim. Kiyinish xonasidagi asosiy maqsad – mas'uliyatni his qilish, toʻgʻri yondashuvni koʻrsatish va oʻsish uchun oʻzini tanqid qila olishdir. Men aynan shuni koʻryapman. Biz diqqatimizni jamlaganmiz va avvalgidan ham kuchliroqmiz. Jamoa hozir musobaqaga kelgan paytidagidan koʻra jipslashgan. Tashqaridagi shovqin-suronlar kiyinish xonasiga kira olmaydi, bunga kafolat beraman.
– Bu yangi vaziyat emas, qachonki tanqid boʻlsa, barcha oʻqlar asosan Ronalduga qaratiladi. Gohida bu adolatsizday tuyuladi, chunki boshqa futbolchilar ham yaxshi oʻynamagan boʻladi. Sardor bunga qanday munosabatda boʻlyapti? Uning tajribasi va ichki muhit haqida nima deya olasiz?
– U haqiqiy oʻrnak boʻladigan sardor. U juda katta tajribaga ega sardordek munosabat bildiryapti va biz uning tajribasidan unumli foydalanishimiz kerak. Bu uning oltinchi jahon chempionati. Biz 21 mavsumdan beri terma jamoa sharafini himoya qilib kelayotgan inson haqida gapiryapmiz. Unda oʻsishga va jamoaga yordam berishga boʻlgan ishtiyoq hali ham juda yuqori. U kiyinish xonasida barcha uchun namunadir.
– Terma jamoa sizning boshqaruvingizda Millatlar ligasida Germaniya va Ispaniyaga qarshi juda yaxshi oʻyinlar oʻtkazdi, lekin oʻtgan hafta Kongoga qarshi oʻyindagi kabi yomon oʻyinlar ham boʻldi. Bu farqni qanday tushuntirasiz? Portugaliya Oʻzbekistonga qarshi bahsga tayyor ekanligiga qanday kafolat berasiz?
– Eng muhimi – barqarorlik. Futbolda shunday boʻlib turadi: ba'zan yaxshi oʻynaysiz, ba'zan esa unchalik emas. Lekin bu jamoaning barqarorligini unutmaslik kerak. Soʻnggi 40 ta oʻyinda jamgʻarilgan ochkolar va urilgan gollar foizi boʻyicha terma jamoa tarixidagi eng yaxshi koʻrsatkichga ega jamoa haqida gapiryapmiz. Futbolchilar hurmatga loyiq. Futbol shunday, har doim ham chiroyli oʻyin koʻrsatib boʻlmaydi. Oʻyin qovushmagan paytda magʻlub boʻlmaslik va kiyinish xonasidagi raqobatbardoshlik ruhini saqlab qolish muhim. Ertaga yangi oʻyin. Chempion doim ham barcha oʻyinlarda 3:0 hisobida gʻalaba qozonavermaydi. 2010 yilda Ispaniya birinchi oʻyinda Shveytsariyaga yutqazgan, ammo yakunda jahon chempioni boʻlgan. Futbol – bu detallar va mayda jihatlardan iborat. Oʻylaymanki, birinchi oʻyindagi tajribadan soʻng jamoa ruhiy tomondan ancha kuchli va tayyor holatda. Oʻzbekiston – bizga yaxshi tanish jamoa, saralash bosqichida ularga oʻxshash uslubdagi jamoalarga qarshi oʻynaganmiz. Raqibni qattiq hurmat qilamiz, ertaga diqqatimizni dastlabki 20 daqiqalikdagi yaxshi oʻyinimizni butun 90 daqiqa davomida koʻrsatishga qaratamiz.
– Boya "shovqin" haqida gapirdingiz. Javobingizdan shunday tuyuldiki, bu sizni bezovta qilyapti yoki buni adolatsizlik deb hisoblayapsiz. Nega bunday munosabat bildiryapsiz?
– Yoʻq, umumiy ma'noda bunga qarshilik qilolmaysiz. Har doim shovqin boʻladi, ijobiy va salbiy fikrlar yangraydi. Natijaga erisha olmaganingizda tanqidlar boʻlishi tabiiy hol. Men birinchi oʻyindagi durangdan keyin menga gul berishlarini kutmagandim. Biroq ba'zi gap-soʻzlar adolatsiz va mantiqqa toʻgʻri kelmaydi. Ular bizning kundalik ishimizga xalaqit bermaydi, lekin aynan mana shunday qiyin damlarda haqiqiy chempion jamoalar shakllanadi. Millatlar ligasida gʻolib chiqqanda maqtash oson, ammo qiyin damlarda birlashish muhimroq. Men bunga tabiiy jarayon sifatida qarayman.
– Oʻyindan keyingi futbolchilardagi gʻazab hissi haqida gapirdingiz. Shu barcha tanqidlardan soʻng, futbolchilarda Oʻzbekistonga qarshi oʻyinda oʻzlarini koʻrsatish va nega bu musobaqa favoritlaridan biri ekanliklarini isbotlash istagi bormi?
– Men doim futbolchilarimizning oʻz ishiga boʻlgan yuqori sadoqati haqida gapiraman. Oʻzbekistonni magʻlub etish bizning maqsadimizdir, lekin bu soʻnggi kunlardagi voqealarga javob qaytarish uchun emas, balki ushbu futbolchilarning terma jamoa libosini kiyishdan faxrlanishlari va shu paytgacha qilgan mehnatlari uchundir. Biz bu erga aniq maqsadlar bilan kelganmiz. Musobaqa talablari juda yuqori: vaqt mintaqalari, parvozlar va albatta, raqiblarning kuchi. Oson oʻyinlar boʻlmasligini koʻrib turibmiz. Jamoa diqqatini jamlagan va yaxshi ishlamoqda, biz soʻnggi kunlarda ruhan ancha oʻsdik.
– Ertaga tarkibda oʻzgarishlar qilsangiz, bu Kongo bilan oʻyindagi kamchiliklar tufayli boʻladimi yoki Oʻzbekistonning oʻyin uslubi sabablimi?
– Men yuqorida aytib oʻtdim: birinchi oʻyindagi dastlabki 20 daqiqalik yaxshi, undan keyingi 25 daqiqalik esa xuddi oʻsha futbolchilar bilan va xuddi oʻsha raqibga qarshi juda yomon oʻtdi. Shuning uchun biz toʻgʻirlashimiz va yaxshilashimiz kerak boʻlgan jihatlar bor. Maydonga tushgan futbolchilarning harakatidan koʻnglim toʻldi. Biz har bir oʻyinga raqibdan va oʻz oʻyinchilarimizning holatidan kelib chiqib tayyorgarlik koʻrishimiz kerak. Tarkibdagi oʻzgarishlar birinchi oʻyindagi hissiyotlarga berilib emas, balki sovuqqonlik bilan va jamoamiz maqsadiga erishishi uchun qilingan taktik yurish boʻladi.
– Oʻzbekiston terma jamoasi yigʻinida Fabio Kannavarodan intervyu olgandik. Portugaliya guruhdagi eng kuchli jamoa hisoblanadi. Sizda faqat himoyalanish emas, balki boshqa oʻziga xos rejalar ham bormi? Oʻzbekistonning zaif tomoni nimada deb oʻylaysiz?
– Ideal jamoa mavjud emas. Toʻpni nazorat qiladigan va hujumkor oʻynaydigan jamoalar standart vaziyatlarda yoki qarshi hujumda ochiq boʻlib qolishi mumkin. Toʻpsiz yaxshi tashkillashtirilgan oʻyin koʻrsatadigan jamoalarda esa boshqa jihatlarda muammolar boʻladi. Fabio Kannavaroning tajribasini va oʻz jamoasi bilan qilayotgan ishini qattiq hurmat qilamiz. Yirik turnirlarda katta bosim va umidlarsiz ishtirok etadigan jamoalarga qarshi oʻynash doim qiyin, chunki Oʻzbekiston uchun bu erga etib kelishning oʻzi katta bayram. Ularni qattiq hurmat qilamiz va bizni qiyin oʻyin kutayotganini tushunib turibmiz. Har qanday jamoaning kuchli va zaif tomonlari bor.
– Oldingi kungi durangdan soʻng Krishtianuning himoyachilarni chalgʻitishdagi oʻrnini himoya qildingiz. Uning yopiq himoyaga qarshi oʻyinda qanday foydasi tegishi haqida batafsilroq gapirib bersangiz.
– Biz toʻpga egalik qilishni, raqibga tezda pressing uyushtirib, toʻpni qaytarib olishni xohlaydigan jamoamiz. Toʻp oʻzingizda boʻlganda raqib yarimida xarakter va sovuqqonlik bilan harakat qilishingiz kerak. Ayniqsa, yopiq himoyaga qarshi oʻynaganda, soʻnggi pallada boʻsh hududlarni ocha oladigan futbolchi kerak va Krishtianu bu borada tengsizdir. Raqamlar ham buni tasdiqlaydi. Uning oʻziga xos harakatlari orqali biz hujumning yakuniy fazasini keskinlashtira olamiz.
– Ushbu guruhning darajasi haqida fikringizni bilmoqchi edim. Kolumbiya, Kongo Demokratik Respublikasi va keyingi raqibingiz haqida nima deya olasiz?
– Jahon chempionatlarida hissiyotlar katta rol oʻynaydi. Ba'zi jamoalar bundan ilhomlanib, oʻz imkoniyatlaridan yuqoriroq oʻyin koʻrsatadi, ba'zilariga esa bosim va hayajon halaqit beradi. Shuning uchun raqiblar qanday holatda boʻlishini oldindan aytish qiyin. Kolumbiyaning salohiyati hammamizga ma'lum – ularda ajoyib yakkakakurashchilar bor va murabbiy tizimni yaxshi shakllantirgan. Ular chiziqlar orasidagi masofani yaxshi saqlashadi, tranzitsiyalarda tezkor va standart vaziyatlarda xavfli. Umuman olganda, juda mukammal jamoa.
– Olti nafar etakchi borligini aytdingiz. Ular kimlar va jamoadagi oʻrni qanday?
– Aslida etakchilarimiz undan ham koʻp. Har kungi mashgʻulot va kiyinish xonasidagi oʻzini tutish orqali liderlik xususiyatini koʻrsatish mumkin. Ammo biz terma jamoa safida eng koʻp oʻyin oʻtkazgan olti nafar futbolchidan iborat etakchilar guruhi bilan ishlaymiz. Bular – Krishtianu Ronaldu, Bernardu Silva, Brunu Fernandesh, Ruben Diash, Ruben Nevesh va Joau Kanselu.
– Krishtianuning pozitsiyasi va jamoaga moslashuvi koʻp muhokama qilinmoqda. Jahon chempionatida e'tibor markazida boʻlgan bir paytda uni koʻproq "och" ushlab turyapsizmi yoki xotirjammi?
– U juda tajribali futbolchi va bu unga yordam beradi. U diqqatni qanday jamlash, tiklanish va mashgʻulotlarga tayyorgarlik koʻrish borasida barchamizga oʻrnakdir. Bu uning oltinchi jahon chempionati. Lekin bu birinchi oʻyindan keyingi umumiy umidsizlik hissini yoʻqqa chiqarmaydi. Aynan shu umidsizlik hissi keyingi oʻyinga tayyorgarlik koʻrish uchun eng yaxshi turtkidir. Ertaga ilk daqiqalardan boshlab birinchi oʻyindagi xatolardan xulosa chiqargan holda, yuqori darajada oʻynashga tayyor jamoani maydonda koʻrishimizga ishonaman.
– Kichik jamoalarning grandlarni hayratda qoldirishi bu ularning oʻsishidan darak beradimi yoki kuchli jamoalarning pasayishidanmi?
– Menimcha, bugungi kunda bunday syurprizlar oddiy holga aylandi. Texnologiyalar tufayli har qanday jamoa, xoh u katta boʻlsin, xoh kichik, oʻyinga taktik va texnik jihatdan juda yaxshi tayyorgarlik koʻrishi mumkin. Biz barcha koʻrsatkichlarni: tezlik, boʻsh zonalardan foydalanish, yakuniy zonaga qanday kirib borishni oʻlchay olamiz. Agar oʻyin bir tekis kechsa va raqib tayyorlangan reja boʻyicha oʻynasa, har qanday jamoa raqobatbardosh boʻla oladi. Bu texnologiyalarning rivojlangani va murabbiylarning oʻz ustida koʻproq ishlayotganining natijasidir.
– Boshqa jamoalarning oʻyinidan ilhomlanib, biror taktikani oʻzlashtirib olasizmi?
– Ilhom olish uchun turnirni kuzatib oʻtirish biroz kech deb oʻylayman. Bizning bunga vaqtimiz yoʻq. Bizda tahlilchilar jamoasi bor va har bir qadam oldindan tayyorlangan. Eng katta ma'lumot va ilhom manbai – bu bizning mashgʻulot maydonimizda sodir boʻlayotgan jarayonlardir. Qaysi futbolchi oʻzini qanchalik yaxshi his qilyapti, kimning mavsumi yaxshi oʻtdi va kim tetik – shularni kuzatishimiz kerak. Boshqa oʻyinlarni tomosha qilib, undan nimanidir olishga vaqtimiz yoʻq.
Manba: championat.asia
Izohlar 0