Oʻzbekistonning boʻlajak raqibi – Suriya ishtirokidagi oʻyinda translyatsiya mojarosi yuz berdi
Iordaniyadagi uchrashuv translyatsiyasi boshlanishi bilan tomoshabinlar xira tasvir, tez-tez uzilishlar va hisobni koʻrsatishdagi xatoliklarga guvoh boʻlishdi. Keyinroq esa signalning oʻta yomonligi sababli telekanallar oʻyin namoyishini butunlay toʻxtatishga majbur edi. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda muxlislarning keskin tanqidlar toʻlqinini keltirib chiqardi.
Iordaniya televideniesi oʻyinni oʻz texnik imkoniyatlari va koʻchma televizion stantsiyalari yordamida bepul translyatsiya qilishni taklif qilganini, biroq Iordaniya futbol assotsiatsiyasi buni rad etib, xususiy kompaniyani tanlaganini va yuz bergan holat uchun mas'uliyat Assotsiatsiya zimmasida ekanini ma'lum qildi.
Oʻz navbatida, Iordaniya futbol assotsiatsiyasi muxlislardan uzr soʻrab, bayonot berdi. Qayd etilishicha, mahalliy telekanallar translyatsiya huquqi boʻyicha taklifga kech javob bergani sababli ular xususiy kompaniya xizmatidan foydalanishga majbur boʻlgan. Efirdagi uzilishlar esa signal uzatishda ishlatilgan internet xizmatining sifatsizligi bilan izohlangan.
Hozirda ikki xil bayonot oʻrtasida qolgan jamoatchilik xususiy kompaniya bilan tuzilgan shartnoma tafsilotlarini oshkor qilishni, translyatsiya barbod boʻlgani uchun aybdorlarni javobgarlikka tortishni hamda kelgusi oʻyinlarda bunday holat takrorlanmasligi uchun choralar koʻrishni talab qilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Suriya terma jamoasi 1 oktyabr kuni Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga qarshi navbatdagi oʻrtoqlik oʻyinini oʻtkazadi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0