Amir Gʻalinoi: "Raqiblarni tabriklayman. Oʻzbekiston rivojlanib bormoqda"
- Avvalo, bugungi oʻyin va 3:1 hisobidagi magʻlubiyat haqida fikringiz?
- Bu magʻlubiyat uchun uzr soʻrayman. Oʻzbekiston terma jamoasi va uning yaxshi murabbiyini tabriklayman. Oʻyin yaxshi oʻtdi. Birinchi va ikkinchi gollarni individual xatolar tufayli oʻtkazib yubordik. Bu xatolar biz oʻyinni nazorat qilayotgan paytda sodir boʻldi.
Birinchi gol juda yosh bolalarcha xatodan keyin urildi. Ikkinchi boʻlimda almashtirishlar orqali gol urishga erishdik. Ikkinchi golni ham urishga harakat qilayotgan edik, ammo yana tajribali futbolchimiz juda bolalarcha xato qildi va shundan keyin vaziyatimiz izdan chiqdi.
- Bugungi tarkibda juda koʻp oʻzgarishlar boʻldi. Yangi futbolchilarning oʻyinidan qoniqdingizmi?
- Umuman olganda, juda koʻp oʻzgarishlar qildik. Koʻplab futbolchilar terma jamoa muhitida birinchi marta oʻynashdi. Ayrim futbolchilarning oʻyinidan qoniqdik. Ammo ba'zilariga terma jamoaga yordam bera olishi uchun koʻproq vaqt va oʻyin kerak.
- Oʻzbekiston terma jamoasi soʻnggi vaqtlarda tobora kuchayib borayotgani haqida nima deya olasiz?
- Kecha ham aytgan edim, Oʻzbekiston rivojlanib bormoqda. Bu milliy terma jamoalar oʻrtasidagi bahs boʻlsa-da, biz uchun tayyorgarlik muhimroq edi. Koʻplab oʻzgarishlar qildik va ayrim yosh futbolchilarning darajasini sinab koʻrishga harakat qildik.
- Oʻzbekistonga qarshi oʻyindagi uchta gol oʻtkazib yuborilishi avval kuzatilmagan. Bunday xatolarga nima sabab boʻldi? Jamoaning jismoniy holatida muammo bormi?
- Dunyoning har bir joyida futbolchilar xato qiladi. Bu futbolning bir qismi. Bu oʻyinlar aynan shunday xatolarni aniqlash uchun kerak. Keyin rasmiy oʻyinlarda bunday xatolar takrorlanmasligi lozim. Albatta, natija biz uchun yaxshi emas. Lekin yana ta'kidlayman, birinchi va ikkinchi gollarni asosan individual xatolar tufayli oʻtkazib yubordik. Oʻzbekistonning rivojlanayotgani va yaxshi murabbiyi borligiga shubha yoʻq. Ammo birinchi va ikkinchi gollar vaqtida etarlicha diqqatni jamlay olmadik.
- Bu magʻlubiyat uchun kimni aybdor deb hisoblaysiz?
- Asosiy aybdor — menman. Har qanday holatda ham jamoa bosh murabbiyi sifatida mas'uliyatni oʻz zimmamga olaman. Bugun ikki nafar tajribali futbolchimiz xatolaridan zarar koʻrdik. Lekin bu futbolning bir qismi. Dunyoning istalgan joyida futbolchilar xato qilishi mumkin.
- Keyingi oʻyin — Rossiyaga qarshi. Jamoa u oʻyingacha yaxshiroq holatga kela oladimi?
- Albatta. Bu Jahon chempionatidan keyingi birinchi FIFA kunlari. Kecha ham aytganimdek, biz hali optimal holatimizga kelganimiz yoʻq. Ishonamanki, Rossiyaga qarshi oʻyinda holatimiz ancha yaxshi boʻladi.
- Bugungi magʻlubiyatdan keyin Eron terma jamoasining keyingi yoʻnalishi qanday boʻladi?
- Bu magʻlubiyat uchun aziz Eron xalqi va muxlislaridan uzr soʻraymiz. Ishonamanki, terma jamoaning natijalari yana yuqoriga qarab oʻzgaradi. Biz xulosa chiqaramiz va ishlashda davom etamiz.
Manba: championat.asia
Izohlar 0