Neymarning holati haqida yangi ma’lumotlar chiqdi
Braziliya terma jamoasi hujumchisi Neymar AQSHning Nyu-Jersi shtatidagi mehmonxona sport zalida jamoaning tiklanish mashg‘ulotlarida qatnashdi, deb xabar bermoqda CNN nashri.
Manbaning xabariga ko‘ra, JCH-2026 final bosqichi doirasidagi Marokashga qarshi o‘yinda (1:1) asosiy tarkibda maydonga tushgan futbolchilar tiklanish mashqlarini bajarishgan, qolgan futbolchilar esa majmua ichida jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishgan.
Braziliya futbol konfederasiyasi tomonidan e’lon qilingan kadrlarda 34 yoshli Neymarning velotrenajyorda ishlayotgani aks etgan. Bundan avvalroq u boldir mushaklaridan jarohat olgan edi.
Globo nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchi ikkinchi turdan o‘rin olgan Gaitiga qarshi o‘yinga (20 iyun) qadar tayyor bo‘lishi kutilmoqda.
Neymar terma jamoa safida o‘tkazgan 128 ta uchrashuvda 79 ta gol urgan va 59 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Shuningdek, uning hisobida Jahon chempionatlarida o‘tkazilgan 13 ta o‘yinda 8 ta gol va 4 ta golli uzatma mavjud.
Manba: stadion.uz
Izohlar 0