Lautaro Martines: «Ayrim narsalar yoqmagandi»
Yakshanba kuni Milanning «Inter» klubi skudettoni muddatidan oldin qo'lga kiritdi. Kristian Kivu shogirdlari A Seriyaning 35-turida «Parma»ni mag'lub etib, turnir jadvalida ikkinchi o'rinda borayotgan «Napoli» bilan oradagi farqni 12 ochkoga yetkazdi.
O'yindan keyin o'tkazilgan intervyuda jurnalistlar jamoa sardori Lautaro Martinesga o'tgan yozdagi voqeani eslatishdi. U jamoadoshlarini ochiqchasiga tanqid qilib, ayrimlar «Inter»da o'ynashni xohlamayapti deb aytgan edi.
«O'sha paytda ko'nglimdan aynan shu tuyg'ular o'tgan edi. Ayrim narsalar menga yoqmadi va buni ochiq aytdim. Mening xarakterim shunaqa. Men hech narsani oldindan tayyorlab qo'ymagandim. Ammo endi hammasi ortda qoldi — hozir qalbimiz quvonchga to'la», — dedi argentinalik hujumchi DAZN bilan suhbatda.
Eslatib o'tamiz, 13 may kuni «Inter» Italiya Kubogida ham zafar quchishi mumkin — finalda jamoa «Lasio»ga qarshi maydonga tushadi.
Izohlar 0