Kolumbiya terma jamoasi bosh murabbiyi Oʻzbekistonga qarshi oʻyindan oldin nimalar dedi? (Toʻliq matbuot anjumani)
– Kolumbiya futbolining ushbu avlodi uzoq kutgan lahzada, shuncha kunlik yigʻin va birga oʻtkazilgan vaqtdan soʻng, jamoaga aytadigan soʻnggi soʻzingiz qanday boʻldi?
– Barchaga xayrli kun. Xabarim odatdagidek – oʻyindan zavq olishsin, shukronalik keltirishsin va Kolumbiya libosi uchun maydonda jonlarini berishsin. Birinchi kundan nima degan boʻlsak, shu. Xudoga shukur, 8 yildan soʻng yana ushbu mundialdamiz. Bizda umid katta, oʻzimizni yaxshi tomondan koʻrsatish istagi kuchli – har kungi xabarimiz shundan iborat.
– Jamoa va muxlislar oʻrtasida yuzaga kelgan iliq munosabat haqida soʻramoqchi edim. Federatsiya tomonidan mikst-zonalar tashkil etilayotgani, oʻyinchilarni koʻrish uchun mashgʻulotlarda koʻproq vaqt berilayotgani muxlislarni jamoaga yaqinlashtirmoqda. Bu tashabbus qaerdan paydo boʻldi?
– Oʻylaymanki, bu tabiiy ravishda yuz berdi. Yigitlar maydonda borlarini berib, yurakdan oʻynashmoqda va muxlislar buni his qilmoqda. Matbuot har doim biz bilan birga boʻlishi kerak. Ba'zida ma'lumot kam berilishi mumkin, lekin bu ataylab qilinmaydi. Kolumbiya juda muhim sinov oldida turgan bir paytda rahbarlar, muxlislar, jurnalistlar va umuman ushbu goʻzal sport turiga daxldor barchamiz birlashishimiz kerak deb hisoblayman.
– Oʻzbekistonning soʻnggi 5 ta oʻyini haqida gapirsak: jamoa 2 marta gʻalaba qozondi, 2 marta yutqazdi va 1 marta durang oʻynadi. 6 ta gol urib, 7 ta oʻtkazib yubordi. Oʻtkazilgan tahlillarga tayanib, Oʻzbekistonga qarshi taktik va strategik rejangiz aniqmi yoki hali oʻylantirayotgan jihatlar bormi?
– Taktik va strategik rejamiz aniq – oʻyinga qanday yondashishimizni bilamiz. Taktik jihatdan ikkita holat bor: biri himoyaviy, ikkinchisi hujumkor. Bu borada Oʻzbekistonning xususiyatlari juda yaqqol koʻzga tashlanadi. Shunday ekan, biz hujumda ham, himoyada ham yakkakurashlarda yutib chiqishga harakat qilamiz.
– Ertangi oʻyinda Kolumbiya favorit. Biroq ushbu Jahon chempionatining ilk oʻyinlarida favoritlar doim ham yutavermayapti. Bu sizni xavotirga solmaydimi?
– Yoʻq, Jahon chempionatlari bizga kichik jamoalar yoʻqligini va hech kimni kamsitmaslik kerakligini koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston – kuchli raqiblarga qarshi yaxshi natijalar qayd etgan jamoa. Ularda ajoyib murabbiy bor, toʻrt-besh nafar yuqori darajadagi futbolchilari bor va eng muhimi – ular nima oʻynayotganini aniq biladigan tartibli jamoa. Ertangi oʻyinda ularni ortda qoldirish biz uchun asosiy chaqiriq boʻladi.
– Jahon chempionatining dastlabki oʻyinlarida jamoalarning intensivligi, tezligi va yuqori pressingi ajralib turibdi. Kolumbiya mundialning bunday tezkorligiga qanchalik moslasha oladi? Misol uchun, Xames ertangi oʻyinga qanday tayyorgarlik bilan etib keldi?
– Xamesning holati yaxshi, uning jismoniy tayyorgarligi doimiy oʻsib bormoqda. Albatta, uning iste'dodi shundayki, ba'zida boshqalar kabi koʻp yugurmasa ham, oʻyinga oydinlik kiritadi va muhim masalalarni hal qiladi. Intensivlikka kelsak, Kolumbiya bu borada talabga javob beradi. Biz intensivlik boʻyicha dunyoda etakchilardan sanaladigan jamoalarga qarshi oʻynaganimizda (masalan, Frantsiya) ulardan qolishmadik. Gap faqat yugurishda emas, asosiysi – toʻgʻri himoyalanish va samarali hujum qilishdir.
– Meksika chempionatida tajriba toʻplagan, balandlikka yaxshi moslashgan Viller Ditani ertangi asosiy tarkibda koʻrishimiz mumkinmi? Uning hozirgi holati siz uchun qanchalik muhim?
– U "Krus Asul" bilan Meksikada ajoyib turnir oʻtkazdi va shu orqali milliy terma jamoaga chaqirildi. U qolgan 25 ta futbolchi kabi oʻynashga tayyor. Xudoga shukur, bizda barcha chiziqlarda va pozitsiyalarda raqobat juda kuchli. Yakuniy qaror esa individual xususiyatlar hamda raqibga qarshi qoʻllaniladigan strategiyaga qarab qabul qilinadi.
– Asosiy 11 talikni qanday tanlaysiz? Ma'lumotlarga tayanasizmi yoki his-tuygʻulargami? Va buni futbolchilarga qachon ma'lum qilasiz?
– Yuqorida aytib oʻtganimdek, bu – oʻyin strategiyasi va futbolchilarning individual imkoniyatlari oʻrtasidagi muvozanatdir. Qaror har doim terma jamoa foydasini koʻzlab qabul qilinadi.
– Hozirga qadar boʻlib oʻtgan 17 ta oʻyinda qariyb 50 ta gol urildi. Chempionatning bu qadar sermahsul starti yoxud autsayderlarning oʻta chuqur himoyalanishi sizni hayron qoldirdimi?
– Yoʻq, bu kutilgan holat edi. Oʻzini imkoniyat jihatdan biroz pastroq baholagan jamoa chuqur himoyalanishni ma'qul koʻradi. Qolaversa, hozirgi futbolchilar jismonan oʻta baquvvat. Maydon markazidan hujumga oʻtish jarayonlari halokatli darajaga etgan. Bugun ham bir nechta jamoalarda tezkor hujumga oʻtish qanday natija berganini koʻrdik. Agar himoyaga oʻz vaqtida qaytmasangiz, darhol gol oʻtkazib yuborasiz. Shuning uchun hozir koʻplab jamoalar toʻgʻridan-toʻgʻri, vertikal hujumlarni tanlamoqda.
– Siz ham Xose Pekerman, Ernan "Bolilo" Gomes, Maturana kabi mundiallarda ishtirok etgan mashhur murabbiylar qatoriga qoʻshildingiz. Yordamchi murabbiylikdan bosh murabbiylikka oʻtish qanday boʻldi va bu tajriba Oʻzbekistonga qarshi oʻyinda sizga qanday yordam beradi?
– Bu uzoq yillik mehnatimning natijasi. Yillar davomida soyada, boshqa pozitsiyada ishladim. Xosedan, qolaversa futbolchilik faoliyatimdagi boshqa murabbiylardan koʻp narsa oʻrgandim. Futbolni tark etishimdan 3-4 yil oldin murabbiy boʻlish niyatim qat'iy edi. Doimo oʻrganishga, tinglashga, tahlil qilishga va oʻzimni rivojlantirishga harakat qildim. Xudo menga jahon chempionatida bosh murabbiy boʻlish imkonini berganidan benihoya minnatdorman va buni Kolumbiya termasi bilan a'lo darajada oʻtkazmoqchiman.
– Jamoa Gvadalaxaraga kelganidan beri futbolchilardagi kayfiyatni qanday baholaysiz? Oʻyinga 24 soat qolganda ularning holati qanday?
– Jamoa shunchaki ajoyib! Yigitlar terma jamoa libosi har narsadan ustun ekanini his qilib, oʻzlarini butunlay baxshida etishmoqda. Tarkibdan ba'zi futbolchilarni tushirib qoldirish men uchun ogʻir boʻldi, chunki ular ham xuddi asosiy roʻyxatdagilar kabi mehnat qilishgandi. Ammo maqsadimiz bitta – biz barcha narsani yutish uchun keldik, buning uchun esa oʻzimizni toʻliq qurbon qilishimiz kerak.
– Kolumbiyalik muxlislardan biri Luis Dias haqida shunday dedi: "U xuddi oʻz mahallasida oʻynagandek toʻp tepadi". Bunga qoʻshilasizmi? U oʻzining ilk Jahon chempionatiga qanday holatda keldi?
– Jahon chempionatiga kelgan har bir futbolchi oʻzining yoshlikdagi orzusini eslaydi. Lucho ham shunday. Unga "Bugun dam olasan" desangiz ham, baribir borib toʻpni olib keladi. Toʻp bilan boʻlish vasvasasiga qarshi tura olmaydi. Bu menga juda yoqadi. Biz Argentinada "bolalikdagi orzu" deb ataymiz, bugun oʻsha orzusidagi bola ertaga jahon chempionati maydoniga tushadi. Bu toʻgʻridan-toʻgʻri qalb va aql bilan bogʻliq boʻlgan sof tuygʻu.
– Odatda tarkibni oldindan e'lon qilmaysiz, lekin Oʻzbekistonga qarshi ertangi oʻyinda qanday taktik chizma va tarkibni koʻramiz?
– Aytishimni xohlaysizmi? Gap shundaki, men buni hali oʻyinchilarning oʻziga ham aytmadim. Lekin biz yaxshi holatdamiz. Bizda 26 nafar haqiqiy "sherlar" bor. Bundan juda xursandman.
– 8 yillik tanaffusdan keyin Kolumbiya ushbu mundialda dunyoga qanday qiyofasini namoyish etmoqchi?
– Ajoyib savol. Biz oʻzligimiz, mohiyatimiz va uslubimiz ustida koʻp ishladik. Kolumbiya – bu quvonch. Xalqimiz tabassum qilish uchun sababga muhtoj va terma jamoamiz xuddi shuning uchun yaxshi oʻynashni xohlaydi. Bu oson emas, lekin buning uchun qoʻlimizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Kolumbiyalik muxlislarga yoqadigan chiroyli oʻyin uslubini saqlab qolishga harakat qilyapmiz.
– Janubiy Amerika va Kolumbiyaning eng yulduzli futbolchilaridan biri sifatida Luis Diasga boʻlayotgan katta bosim haqida qanday fikrdasiz?
– U bu jarayonni Amerika Kubogi va saralash bosqichlarida ham boshidan oʻtkazdi. Qandaydir vaqt u gol ura olmadi va butun Kolumbiya xavotirga tushdi. Lekin bu oʻsish jarayoni. Uning futbolchi va inson sifatidagi etukligi har qanday bosimdan ustun boʻlishi kerak. Oʻylaymanki, u ajoyib mundial oʻtkazadi.
– Aeroportda va koʻchalarda bizni sariq libosli muxlislar toʻlqini kutib oldi. Ularning koʻpchiligi shu erga kelish uchun yillar davomida pul yiqqan. Ularga qanday soʻzlarni aytgan boʻlardingiz?
– Rahmat, rahmat, rahmat! Ularga faqat minnatdorchilik bildirish kerak. Ularning berayotgan mehri va ishonchi – bizning ham qalbimizda bor. Biz ham ular kabi bu turnirdan umidvormiz.
– Pele va Maradona Jahon kubogini koʻtargan "Atsteka" stadionining tarixi barchaga ma'lum. Infantino ham uni "Jahon futboli sobori" deb atadi. Siz va futbolchilaringiz uchun ushbu afsonaviy stadionda oʻynash nimani anglatadi?
– Bu haqiqatan ham afsonaviy, dostonlarga aylanadigan stadion. Bu maysazorda eng zoʻr Pele va eng zoʻr Maradonani koʻrganmiz. Bu maydonga qadam qoʻyishning oʻzi oʻzgacha hayajon baxsh etadi. 1986 yilda men Argentina yoshlar jamoasida edim va bu voqealarni juda yaqindan kuzatganman. Oʻshanda Diego va mening doʻstlarim ushbu stadionda nimalar qilganini xotirlash – ajoyib tuygʻu.
– Statistikaga koʻra, ertaga stadionda 65 ming nafar kolumbiyalik boʻlishi kutilyapti. Bu haqda qanday fikrdasiz?
– Biz terma jamoani qabul qilib olganimizdan beri qaerga bormaylik, bizni sariq toʻlqin kuzatib yuribdi. Buni futbolchilar oʻzlarining maydondagi harakatlari bilan yuzaga keltirishdi. Muxlislarimiz bizga berayotgan barcha mehrni biz ham yorqin gʻalabalar va quvonchli damlar bilan qaytarishga umid qilamiz.
– Iltimos, yana Oʻzbekiston haqida toʻxtalib oʻtsangiz. Bu jamoaning oʻyin uslubi qanday va ularning Kolumbiya uchun eng xavfli jihatlari nimalardan iborat?
– Bu jamoa quyi blokda uchta yoki beshta himoyachi bilan himoyalanadi. Ular ikkita markaziy yarim himoyachi, ikkita vinger va raqib darvozasiga orqa oʻgirib, toʻpni yaxshi qabul qilib oladigan bitta sof "toʻqqizlik" bilan harakat qiladi. Ular qarshi hujumga juda yaxshi oʻtadilar va standart vaziyatlardan unumli foydalanishadi. Shu sababli bu – juda tartibli va ehtiyot boʻlish kerak boʻlgan jamoa. Ularning oʻz oʻyin uslubi aniq. Bunga qarshi turishning yoʻli – toʻp nazoratini qoʻlga olish, boʻshliqlarni topish, chiziqlar orasini yorib oʻtish. Ertangi oʻyinda bizdan katta sabr va hujumlarni yakunlashda juda katta tajovuzkorlik talab etiladi.
– Mundial boshida eng koʻp muhokamalarga sabab boʻlayotgan mavzulardan biri – suv ichish tanaffusi (kuling-breyk). Buning jamoaga ta'siri haqida fikringiz qanday?
– Harorat 30–35 darajaga koʻtarilganda, bunday tanaffus kerak. Futbolchilar suv ichib, oʻyinga qaytishlari uchun bu toʻgʻri qaror. Ammo tanaffus 3–5 daqiqaga choʻzilib ketsa, u oʻzining asl mohiyatini yoʻqotadi. E'tibor bersam, oldinlari tanaffus vaqtida kameralar murabbiyning qanday koʻrsatma berayotganini koʻrsatardi, hozir esa hammasi tijorat reklamalariga aylanib ketgan. Bu futbolchilarning sogʻligʻi uchun qilinmoqdami yoki boshqa maqsad bormi? Oʻzimizga shu savolni berib koʻrishimiz kerak.
– Kolumbiyada balandlik masalasiga koʻp e'tibor beriladi. Jamoaning dengiz sathidan 2200 metr balandlikdagi sharoitga moslashuvi qanday kechdi?
– Biz Bogotada ham shugʻullandik. Keyin San-Diegoda dengiz sathida boʻldik. Oʻylaymanki, jamoamizning moslashish jarayoni yaxshi kechdi va ertaga jismoniy muammolar boʻlmaydi.
– AQSh termasining muvaffaqiyatidan soʻng murabbiy Pochettino ularning eng asosiy yutugʻi sifatida zaxiradan tushganlarning oʻyinni xuddi asosiy tarkibdagi intensivlikda davom ettira olganini aytdi. Siz ham bunga qanday erishmoqchisiz?
– Futbolchilarga doimiy ravishda buni uqtirib kelamiz. Barcha yigitlarimiz juda yaxshi holatda, ularning darajasi teng. Zaxiradan maydonga tushgan oʻyinchi yoki muammoni hal qilishi, yoki xatoni toʻgʻirlashi, yoki oʻzidan oldin toʻp tepgan oʻyinchining ishini davom ettirishi kerak. Oʻrtoqlik oʻyinlarida koʻplab oʻzgarishlar qilganimiz tufayli, ba'zan temp tushib ketganini koʻrdik. Ammo bu futbolchilarning yomon oʻynaganidan emas, balki bir nechta almashtirishlar tufayli taktik chizmaning biroz buzilganidan dalolat beradi.
– Siz uchun bu beshinchi Jahon chempionati. 1990 yil Germaniyaga qarshi finalda boy berilgan imkoniyatni endi hayot sizga qaytaradi deb oʻylaysizmi?
– Bu oʻtib ketdi. Har bir turnir – yangi chaqiriq, yangi sahnadir. Umid qilamanki, Xudo menga jahon chempioni boʻlishni nasib etadi – bu qanchalik tezroq sodir boʻlsa, shuncha yaxshi.
– Tarkib chaqiruvida Jon Kordobaning holati koʻpchilikni oʻylantirgandi. U ertangi oʻyinga tayyormi yoki uni keyingi Kongo bilan oʻyinga asrab qoʻyasizmi? Umuman, barcha 26 nafar futbolchining sogʻligʻi qanday?
– Barcha 26 nafar oʻyinchining sogʻligʻi juda yaxshi holatda. Kordoba allaqachon futbol oʻynashni boshladi va mashgʻulotlarga qoʻshildi, u toʻliq tayyor. Toʻgʻri, u qolganlar bilan oʻrtoqlik oʻyinlarida qatnashmadi va ehtimol futbol amaliyoti jihatidan biroz ortda qolgandir, ammo u maydonga tushishga mutlaqo tayyor.
– Bu siz uchun ilk mundial debyuti emas, futbolchi sifatida 1990 yilda qatnashgansiz. Futbolchi sifatida maydonga tushish va murabbiy sifatida chetdan boshqarish oʻrtasida qanday farq bor? Futbolchilardagi hayajonni qanday bosasiz?
– Ruhiy tayyorgarlik uzoq vaqtdan beri olib borilmoqda. Futbolchilar ijtimoiy tarmoqlarga yoki oʻyin oldi mayda chalgʻituvchi narsalarga berilib ketmasligi kerak – maksimal kontsentratsiya talab qilinadi. Farqqa keladigan boʻlsak, futbolchi maydonda bor kuchini ishga solib, natijaga toʻgʻridan-toʻgʻri ta'sir koʻrsatadi va shuning oʻzi unga kifoya. Murabbiy esa oʻyinchilarning harakatiga va oʻzi tuzgan taktik rejaning ishlash-ishlamasligiga koʻproq qaram boʻladi. Ochigʻi, oʻynashni koʻproq yoqtirardim, chunki u erda hammasi koʻproq oʻzimga bogʻliq edi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0