"Mundial Allplay bilan": Oʻzbekistonning ilk turdagi raqibi Kolumbiya haqida nimalarni bilish kerak?
Ularga Jeyms Rodriges etakchilik qilmoqda va u hamon jamoaning muhim figurasi boʻlib qolmoqda. Kolumbiyaning 4-2-3-1 sxemasi aynan uning «oʻninchi raqam» pozitsiyasi atrofida qurilgan. Qanotlarda ham kuchli yordam bor. Luis Dias jamoaning asosiy gol manbalaridan biriga aylangan, ammo u terma jamoada «Bavariya»dagi kabi yorqin oʻyin namoyish etayotgani yoʻq.
Kolumbiya bu jahon chempionatiga serqirra va notekkis saralash bosqichidan keyin etib keldi. Saralash davomida Braziliya ustidan 2:1 hisobidagi gʻalaba yoki 2024 yilgi Amerika kubogi finalidagi magʻlubiyat uchun Argentinadan olingan revansh kabi yorqin lahzalar boʻldi.
Biroq shundan keyin Boliviyadan 0:1 hisobidagi magʻlubiyat keldi va bu olti oʻyinlik gʻalabasiz seriya boshlanishiga sabab boʻlib, jamoaning mundialga chiqish imkoniyatlarini xavf ostida qoldirdi. Yakunda Boliviya va Venesuela ustidan qozonilgan yirik gʻalabalar Kolumbiyaga yoʻllanmani ta'minlab berdi.
Mart oyida Xorvatiya va Frantsiyaga qarshi oʻrtoqlik oʻyinlaridagi omadsiz natijalardan keyin jamoa haqidagi shubhalar saqlanib qolmoqda. Biroq bosh murabbiy, 60 yoshli Nestor Lorenso optimizmni yoʻqotmagan.
Murabbiy
Nestor Lorenso faoliyatidagi beshinchi jahon chempionatida ilk bor bosh murabbiy sifatida jamoani boshqaradi. U 1990 yilgi mundialda Argentina terma jamoasi safida oʻynagan. Shuningdek, Xose Pekerman yordamchisi sifatida 2006 yilda Argentina, 2014 va 2018 yillarda esa Kolumbiya terma jamoalarida ishlagan.
«Xose men uchun xuddi otadek inson boʻlgan, — degan Lorenso. — Murabbiylik litsenziyasini endigina olgan paytimda u meni milliy jamoa shtabiga taklif qilgandi. U meni kichikligimdan biladi. Deyarli har doim murabbiy sifatida tanirdi, ammo u meni “Argentinos”ning zaxira jamoasida ham shugʻullantirgan».

Kolumbiyadan tashqari Lorenso mustaqil ravishda faqat Peruning «Melgar» (Arekipa) klubini boshqargan. Ammo bu sobiq «Suindon» himoyachisiga yaxshi natijalar koʻrsatishga toʻsqinlik qilmadi.
Asosiy yulduz
Luis Dias 2018 yildan keyin terma jamoada paydo boʻldi va Kolumbiyaning eng muhim futbolchisiga aylanish uchun ma'lum vaqt kutdi. U 2021 yil Braziliyada oʻtgan Amerika kubogida toʻrtta gol bilan musobaqaning eng yaxshi toʻpurari boʻlib, Kolumbiyani yarim finalga olib chiqqanidan keyin keng ommaga tanildi.
Hozir 29 yoshda boʻlgan sobiq «Liverpul» vingeri ancha etuklashdi va bu mavsum «Bavariya» safida ajoyib oʻyin namoyish etdi.

«Bizda ajoyib terma jamoa, ajoyib tarkib va ajoyib murabbiylar borligini bilaman. Saralash bosqichi biz uchun yaxshi oʻtdi, chunki juda katta natijalar qayd etdik», — dedi Dias ESPN'ga.
Kimni kuzatish kerak?
Andres Gomes Kolumbiya terma jamoasida hali koʻp oʻyin oʻtkazmagan boʻlsa-da, oʻzini tezda koʻrsata oldi. U 2023 yil dekabridagi debyutida Meksikaga qarshi oʻyinda gʻalaba golini urdi. Keyin Urugvay maydonida kechgan bahsda hisobni tenglashtirgan golga mualliflik qildi, garchi Kolumbiya oʻsha uchrashuvda magʻlub boʻlgan boʻlsa ham.
«Vasko da Gama» hujumchisi kechroq ochilgan futbolchilardan sanaladi, ammo 24 yoshida u endi Jon Arias yoki hatto Luis Diasga munosib raqobatchi boʻlish darajasiga etgan.

Uning bolaligi ogʻir kechgan.
«Bolaligimda ba'zi doʻstlarimning oʻldirilganini koʻrdim, boshqalari esa notoʻgʻri yoʻlga kirib ketdi. Ammo butun oilamiz har doim futbol bilan yashagan», — degan u Choco 7 Dias nashrida.
Koʻpchilik e'tiboridan chetda qoladigan qahramon
Kolumbiya oʻyiniga muvozanat bagʻishlaydigan futbolchi — Jefferson Lerma. U mamlakatning yirik klublari akademiyalaridan chiqmagan. Evropaga yoʻlni u kamtarona «Atletiko Uila» klubidan boshlagan.
Xose Pekerman uni 2018 yilgi jahon chempionati uchun terma jamoaga chaqirganda bu kutilmagan qaror boʻlgan, chunki Lerma saralash bosqichida qatnashmagan edi.

Hozirda «Kristal Pelas» yarim himoyachisi Richard Rios bilan birga markazdagi aniq asosiy futbolchi hisoblanadi. «Benfika» vakili yorqin harakatlar va ijodkorlik uchun javob bersa, Lermaning vazifasi boʻsh hududlarni yopish va koʻzga tashlanmaydigan ogʻir ishlarni bajarishdan iborat.
Taxminiy asosiy tarkib
4-2-3-1: Vargas; Munos, Sanches, Lukumi, Moxika; Rios, Lerma; Jon Arias, Jeyms Rodriges, Luis Dias; Suares.
"JCh-2026'ni Allplay'da tomosha qiling — CHAMPIONATASIA promokodi bilan 45 kun bepul"
Promokodni faollashtirish HAVOLASI
Manba: championat.asia
Izohlar 0