Fidbol.net

Islom Ahmedov: "Besh nafar himoyachiga qarshi oʻyin olib borish oson emas"

Tahririyat 2
Islom Ahmedov: "Besh nafar himoyachiga qarshi oʻyin olib borish oson emas"

- Oʻyin haqida fikringiz?
- Avvalo qoʻlga kiritilgan qiyin gʻalaba bilan muxlislarimizni tabriklaymiz hamda futbolchilarga oxirigacha kurash olib borishgani uchun katta rahmat aytaman. Yigitlar borini berib harakat qilishdi. Baribir besh nafar himoyachiga qarshi oʻyin olib borish oson emas. Raqib qarshi hujumdan foydalanib gol urdi. Bizda hamma futbolchilar yaxshi harakat qildi. Xarakter koʻrsatganimiz bois gʻalaba qozondik.

- Oʻyin davomida "Andijon" koʻplab burchak zarbalariga ega boʻldi, ammo omadsiz chiqdi.
- Har bir uchrashuvga reja boʻyicha hozirlik koʻramiz. Mashgʻulotlarda burchak zarbalarini amalga oshirganda ham kichik-kichik elementlarni qoʻshib boramiz. Futbolda raqib ham sizni oʻrganib chiqadi. Qoʻqon jamoasi bizni juda yaxshi oʻrgangani koʻrinib turdi, shu bois burchak toʻplarimiz yaxshi amalga oshmadi.

- Ikkinchi oʻyindirki Sandro tarkibda koʻrinmayapti. Agar futbolchida jarohat boʻlsa, buni muxlislarga vaqtliroq etkazgan ma'quldir. Biz koʻpincha bu haqda oʻyin payti ma'lumot olyapmiz.
- Bu kabi holatlar bilan klubimiz mediasi shugʻullanishi kerak.

- Toʻgʻri, gʻalaba qoʻlga kiritildi, lekin oʻyindan qoniqmagan boʻlsangiz kerak?
- Men bunday demagan boʻlardim. Agar raqib ochiq futbol namoyish etganida yanada koʻproq vaziyatga ega boʻlardik. Boʻsh hududlar koʻpayardi. Chuqur himoyaga oʻtgan jamoani yorib oʻtish qiyin. Natijada ikkinchi boʻlimda hujumchilarimiz individual qobiliyatga suyanib harakat qilishdi.

- Jarima zarbalaridan realizatsiya kam. Qolaversa raqib pressing qilganida jamoangiz oʻyini deyarli oʻxshamadi.
- Raqib bizga bizning hududda pressing qildi deb oʻylamayman. Biz ikkinchi zonaga oʻtganda ular 11 kishi boʻlib himoyalandi.

- "Andijon"da qizil kartochkalar koʻpayib ketyapti. Ichki muhitda muammolar bormi?
- Jamoamiz ichki muhiti yaxshi. Qizil kartochka koʻproq emotsiya bilan bogʻliq, balki toliqish bilan bogʻliqdir. Futbolchilarimiz hozir qoʻpollik qilaman degan fikrda oʻynashmaydi. Kuchli jamoalarga qarshi mas'uliyat ikki barobar boʻladi. Shu bois oʻyinchilarimiz oʻzlarini boshqara olishmayapti va buning ortidan qizil kartochka kelib chiqyapti.

- Navbatdagi oʻyin Oʻzbekiston Kubogi doirasida "Olimpik Mobiuz"ga qarshi kechadi. Bu jamoa Proliga klubi ekanligini inobatga olsak, jamoani tayyorlash qiyin boʻladi deb oʻylaysizmi?
- Baribir qiyin boʻladi. "Paxtakor", "Neftchi"ga qarshi futbolchilarda boshqacha tayyorgarlik boʻladi. Lekin biz Proliga klubi bilan oʻyinga tayyorgarlikka befarq boʻlmasligimiz, futbolchilarimiz oʻzlarini erkin qoʻyib yubormasligi kerak. Yigitlarga oʻz maqsadimizni tushuntiramiz: maqsadimiz oxirigacha borib Kubokni qoʻlga kiritish.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring