Fidbol.net

Andrey Shipilov: "Oddiy vaziyatlarda nima uchun toʻpni yoʻqotdik, hayronman"

Tahririyat 1
Andrey Shipilov: "Oddiy vaziyatlarda nima uchun toʻpni yoʻqotdik, hayronman"

- Oʻyin haqida fikringiz?
- Chiroyli bahs guvohi boʻldik. "Andijon" muxlislariga alohida respekt. Agar ishqibozlik bu darajada boʻlmaganida, "Andijon"ga yanada qiyin boʻlardi. Muxlislar sabab raqib kuchli energiya bilan oʻynadi va gʻalaba qozondi. Bahsni yaxshi boshladik, birinchi taym zoʻr oʻtdi. Ikkinchi boʻlimni ham yaxshi boshladik. Raqib hisobni tenglashtirgandan keyin ham yaxshi harakat qildik.

Oddiy vaziyatlarda nima uchun toʻpni yoʻqotdik, hayronman. Balki hushyorlikni yoʻqotgandirmiz. Uchinchi oʻyindirki 1:0 hisobida oldinda boryapmiz, lekin omad kelmayapti. Bugun magʻlubiyatga uchramasligimiz kerak edi. Toʻp nazorati bizda edi, ammo nima boʻldi hayronman. Hozir oʻyinni tahlil qilishga vaqtimiz kam. Oldinda Kubok uchrashuvi kutmoqda. Keyin yana chempionat oʻyinini oʻtkazamiz. Katta tanaffusdan keyin yigitlarga har bir ochko oltinga teng boʻlishini aytgandim.

- Jamoangiz 70 daqiqa pressingda harakat qilib raqibga deyarli oʻyin bermadi. Futbolchilar almashganidan keyin taktikani ham oʻzgartirdingizmi? Shundan soʻng hujumga oʻtish toʻxtadi.
- Kartinkani koʻrdingiz, "Andijon" deyarli hech narsa qila olmadi. Ularda oʻyin oʻxshamadi hatto. Biz har bir bahsga jiddiy qaraymiz. Bu oʻyinga derbi sifatida qarashdi, lekin biz uchun har bir uchrashuv derbi. Biz deyarli hech narsani oʻzgartirmadik. Zaxiradan tushganlarga ham shu gapni aytdik. Demak, qaerdadir sifat rol oʻynadi. Bizga Aliboev, Iskanderov oʻxshagan oʻyinchilar kerak. Hech bir jamoa iflos oʻyin koʻrsatmadi, hech kim erga yotib olmadi. Qiziqarli bahs guvohi boʻldik. Biz sovuqqonlik bilan oʻyinni tugatib qoʻyishimiz kerak edi. Oʻzimiz yutqazib qoʻydik.

- Tajribali Tabatadzeni asosiy tarkibda tushirsa boʻlmasmidi?
- Uning oʻrnida harakat qilgan Elbek ham yaxshi oʻyin koʻrsatdi. Tabatadzeda tajriba koʻp, Elbekda esa yoshlarga xos boʻlgan shijoat kuchli. Bu oʻyinda Elbek oʻziga topshirilgan ishni yaxshi bajardi.

- Gadoev bilan Sohibjonov qaydnomaga kiritilmadi. Ularda jarohat bormi?
- Sohibjonovning ichi ogʻrib qoldi. Biz uning oʻziga kelishini kutdik, 2-3 kg. vazn yoʻqotdi. Gadoev oʻz maydonimizdagi "Dinamo" bilan bahsda jarohat oldi. Shu oʻyinda bizning uch nafar oʻyinchimiz safdan chiqdi. Umid qilamizki, Gadoev Kubok oʻyinigacha safga qaytadi. Sohibjonov haqida bir narsa deya olmayman. Egor Kondratyuk esa jarohati sabab 6-8 oyga safdan chiqdi deb oʻylayman.

- Futbolchi paytingizni yaxshi eslaymiz. "Andijon"da toʻp tepgansiz va bosh bilan yaxshi oʻynaydigan himoyachi boʻlgansiz. Sizga oʻxshagan "jangchi" himoyachilar nega etishib chiqmayapti?
- Bilasizmi, bu savolni kutgandim va menga koʻp mutaxassislar bergan. Menda Otabek Djuraev bilan katta suhbat boʻldi, unga ham koʻp narsalarni aytib berdim. Bizda hozir markaziy himoya bilan bogʻliq muammolar koʻp.

Yaxshiyamki, bir futbolchimiz Angliyada, yana biri Shveytsariyada oʻynayapti. "Andijon" futbolchisi yaqinda Rossiyaga ketdi. Futbolchilarimiz chetda oʻynashi terma jamoa uchun yaxshi. Hozir nega zoʻr markaziy himoyachilar yoʻq, bilmayman.

Oʻz paytida "Paxtakor"da Boyan Miladinovich zoʻr faoliyat olib borgandi. Ammo uning atrofidagi futbolchilar ham zoʻr edi: Egor Krimets, Anzur Ismoilov... Shveytsariga ketgan futbolchimiz u erda koʻp muddat ushlanib qoladi deb oʻylamayman: balki bir yil, balki bir yarim yil. Keyin yanada kuchli chempionatga ketsa kerak.

"Manchester Siti"da oʻynayotgan futbolchimiz markaziy himoyachilarga yaqqol namuna boʻla oladi. Oldingi paytlarni eslang: Farhod Magometov, Andrey Fyodorov kabilar boʻlardi. Hozir darvozabonlar orasida ham koʻpchiligini legionerlar tashkil qilyapti. Jahon chempionatida oʻynab qaytganidan soʻng Kannavaro kimni terma jamoaga chaqirgan boʻlsa, shular oʻz klublarida xato qilyapti. Men familiyasini aytmoqchi emasman. Yaxshi himoyachilar chiqishi uchun akademiyalar zoʻr ishlashi kerak.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring