Inyesta de la Fuentening Pedri borasidagi qaroridan hayratda
«Barselona»ning sobiq o‘yinchisi Andres Inyesta Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuentening Jahon chempionatining so‘nggi o‘yinlarida Pedrini asosiy tarkibdan olib tashlaganidan hayratda qolganini tan oldi.
«Pedrini va uning qanday darajadagi futbolchi ekanini bilganim uchun bu meni hayron qoldirdi. Ammo qisqa muddatli turnirlarda murabbiyning aynan o‘sha vaqtdagi his-tuyg‘ulari, raqib va jamoadoshlarning darajasi muhim ahamiyat kasb etadi», — dedi Inyesta Cadena SER radiosi efirida.
Inyesta yarim himoyachi terma jamoada «Barselona»ga qaraganda yomonroq o‘ynaydi, degan fikrga qo‘shilmadi.
«Uning xuddi shunday o‘ynamayotgani aniq, chunki bu ikki xil jamoa. Men o‘zim ham shu kabi gap-so‘zlarga duch kelganman, ammo bu haqiqat. Pedri istalgan joyda va istalgan pozisiyada o‘ynay oladi. Eng muhimi, murabbiyda tanlash uchun aql bovar qilmas darajada keng imkoniyat bor», — deb ta’kidladi sobiq futbolchi.
JCH-2026 finalida Argentina va Ispaniya 19 iyul kuni to‘qnash kelishadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 20 iyulga o‘tar kechasi, soat 00:00 da boshlanadi.
Manba: stadion.uz
Izohlar 0