Gvardiola «Arsenal» bilan chempionlik poygasi haqida fikr bildirdi
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Premyer-ligadagi chempionlik poygasi haqida o'z his-tuyg'ularini bayon etdi. «Shaharliklar» hozirda «Arsenal»dan olti ochko ortda, ammo «kanonirlar» ikki o'yin ko'proq o'tkazishgan. Bugun «Siti» safarda «Everton»ga qarshi o'yin o'tkazadi.
«Hozirgi paytda o'yinlarga tayyorgarlik jarayonida o'zimni o'tgan mavsumga nisbatan ancha xotirjam his qilayapman. Bir yil oldin Chempionlar ligasiga yo'llanma ololmasak, nima bo'lishi haqida doim o'ylardim. Bu menga juda qattiq ta'sir qilgandi. Quyi ligaga tushib ketadigan jamoalarga qanchalik qiyinligini tasavvur qila olaman, chunki bu klubning moliyaviy holati va boshqa ko'plab omillarga bevosita ta'sir qiladi. Lekin biz allaqachon Liga Kubogida g'alaba qozondik, Angliya Kubogi finaliga chiqdik va «Arsenal» bilan chempionlik uchun kurashyapmiz. Bizda hammasi yaxshi», — dedi Gvardiola matbuot anjumanida.
«Everton» — «Manchester Siti» uchrashuvi Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.
Izohlar 0