Fabrisio Romano Meyson Grinvudning APLga qaytishi haqidagi mish-mishlarga munosabat bildirdi
Taniqli insayder Fabrisio Romano «Marsel» hujumchisi Meyson Grinvudning Londonning «Tottenxem» klubiga o‘tishi mumkinligi haqidagi xabarlarga izoh berdi.
Bundan oldinroq, Fransiyaning nufuzli L’Equipe nashri 24 yoshli angliyalik futbolchiga bir yo‘la bir nechta grand klublar, jumladan, «Arsenal», «Tottenxem» va «Roma» qiziqish bildirayotgani haqida xabar tarqatgan edi. Shu bilan birga, futbolchining o‘zi ham faoliyatini boshqa kuchliroq chempionatda davom ettirish variantini istisno etmayotgani aytilgandi.
Biroq Romano «shporlar» bilan hech qanday muzokara olib borilmayotganini aytib, bu ma’lumotni rad etdi.
«Tottenxem» Meyson Grinvudni sotib olish ustida ishlamayapti, bu borada tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», — deb yozdi jurnalist o‘zining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Yakunlangan mavsumda Grinvud «Marsel»ning haqiqiy yetakchilaridan biriga aylandi. U fransuz klubi safida barcha musobaqalarda 45 ta o‘yinda maydonga tushib, 26 ta gol urdi va 11 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Mana shunday yorqin o‘yin orqali u yana Yevropaning yetakchi jamoalari e’tiborini tortdi.
Qayd etilishicha, «Marsel» klubi shartnomasi 2029 yilgacha mo‘ljallangan o‘z yulduzi bilan xayrlashishni istamayapti. Shunga qaramay, agar juda yirik va dahshatli taklif tushsa, Provans klubi futbolchining sotuvini ko‘rib chiqishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yozda «Marsel» Grinvudni «Manchester Yunayted»dan taxminan 30 million yevro evaziga sotib olgan edi. Shu bilan birga, ingliz klubi futbolchining keyingi sotuvidan tushadigan sof foydaning 40 foizini o‘zida saqlab qolgan.
Manba: stadion.uz
Izohlar 0