Fidbol.net

Eronlik ekspert: «O‘zbekiston Portugaliyaga qarshi o‘yinda sensasiya qayd etishi mumkin»

Tahririyat 6
Eronlik ekspert: «O‘zbekiston Portugaliyaga qarshi o‘yinda sensasiya qayd etishi mumkin»

Eronning "Mehr News" nashri jurnalisti va eksperti Mehdi Mortazavian JCH-2026 doirasida O‘zbekiston va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasidagi bo‘lajak uchrashuv haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Ha, 2018 yilgi jahon chempionati guruh bosqichida Eron Portugaliyaga qarshi juda dramatik va unutilmas o‘yin o‘tkazgan edi. 1:1 hisobida yakunlangan o‘sha bahs Eron futboli tarixidagi eng muhim uchrashuvlardan biri bo‘lib qolgan. Chunki biz o‘shanda katta sensasiya yaratishga juda yaqin kelgandik.

Agar Eron o‘sha o‘yinda g‘alaba qozonganida, jamoa o‘z tarixida ilk bor pley-off bosqichiga chiqqan bo‘lardi. Jahon futboli grandlaridan biriga qarshi tarixiy natija qayd etish uchun bizga juda ozgina narsa yetishmagan edi. O‘sha bahs jahon chempionati darajasida har qanday kuchli terma jamoaga qarshi munosib qarshilik ko‘rsatish mumkinligini isbotladi.

Menimcha, bu O‘zbekiston uchun muhim saboq bo‘lishi mumkin. Jahon chempionati ko‘pincha kutilmagan natijalarni taqdim etadigan turnir hisoblanadi. Grandlarga qarshi munosib kurashish uchun turnirda qatnashish bo‘yicha boy tarixga ega bo‘lish shart emas. Eng muhimi — o‘z kuchiga ishonish, taktik intizom va muhim vaziyatlardan unumli foydalanishdir.

Shuning uchun ham men O‘zbekiston ushbu musobaqada istalgan kuchli jamoaga, hatto Portugaliya kabi mashhur raqibga qarshi ham sensasiya qayd etishi mumkin deb hisoblayman. O‘zbekiston tarkibida iqtidorli futbolchilar yetarli, jamoaning o‘ziga bo‘lgan ishonchi oshib bormoqda, tarixiy debyut esa qo‘shimcha motivasiya bag‘ishlamoqda. Bu omillarning barchasi katta kuchga aylanishi mumkin.

Eronning 2018 yilgi jahon chempionatida Portugaliyaga qarshi o‘yinidan chiqariladigan asosiy xulosa juda oddiy: raqibning nomi yoki obro‘sidan qo‘rqmaslik kerak. Agar jamoa intizomli bo‘lsa, o‘ziga ishonsa va yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, jahon chempionatida har qanday raqib bilan tengma-teng kurasha oladi», — dedi Mehdi Mortazavian.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi 23 iyun kuni JCH-2026 guruh bosqichining ikkinchi turida Portugaliyaga qarshi maydonga tushadi. Birinchi turda Fabio Kannavaro shogirdlari Kolumbiyaga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi.

Manba: stadion.uz

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring