Dyugarri: "De Dzerbining "Tottenxem" bilan shartnomasi — niqobsiz o‘g‘irlik"
Fransiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Kristof Dyugarri Roberto De Dzerbining "Tottenxem" bilan tuzgan besh yillik shartnomasini keskin tanqid qildi va italiyalik mutaxassis katta klubni boshqarishga tayyor ekaniga shubha bildirdi.
"Men uning haqiqiy darajasi qanday ekanini hech qachon to‘liq tushunmaganman. Menga uning "Brayton", "Sassuolo" va boshqa klublarda yaxshi ishlaganini aytishadi. Ammo men uchun u hali ham katta jamoalarni boshqarishda mutlaq kafolat beradigan murabbiy emas", — dedi Dyugarri RMC Sport efirida.
Sobiq futbolchi De Dzerbining shartnoma muddatiga ham alohida to‘xtaldi.
"U besh yillik shartnoma imzoladi. Bu qilgan ishi haqiqiy o‘g‘irlik — hatto niqob taqishga ham hojat qolmadi. Bu aql bovar qilmaydigan holat", — dedi Dyugarri.
"Tottenxem" Angliya Premyer-ligasining dastlabki 4 turida atigi 2 ochko jamg‘ardi va hali chempionatda birorta ham gol ura olmadi.
Jamoaning golsiz seriyasi 400 daqiqadan oshib ketgan. Londonliklar "Nottingem Forest" va "Everton"ga qarshi uchrashuvlarni ham golsiz durang bilan yakunladi.
"Everton"ga qarshi bahsdan keyin "Tottenxem" muxlislari jamoani hushtakbozlik bilan kuzatib qo‘ydi.
Klub yozgi transferlar oynasida qariyb 350 million yevro sarflagani De Dzerbi va futbolchilarga nisbatan bosimni yanada kuchaytirmoqda.
De Dzerbining "Sassuolo" va "Brayton"dagi jamoalari ham uning o‘yin g‘oyalariga moslashish uchun ma’lum vaqt talab qilgan. Biroq APLdagi dastlabki to‘rt uchrashuvda jamoaning gol ura olmagani murabbiylar tez-tez almashadigan "Tottenxem"da sabr tobora kamayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Manba: stadion.uz
Izohlar 0