Al-Xelayfi FIFA prezidenti bo‘lish niyatida emas
Fransiyaning “Pari Sen-Jermen” klubi prezidenti Nosir Al-Xelayfi Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA) rahbari lavozimiga o‘z nomzodini qo‘ymoqchi emas. Bu haqda qatarlik biznesmenning vakillari rasman ma’lum qildi.
Avvalroq FIFA qiymati 20 milliard dollarga teng sho’ba korxona tashkil etish va uning chorak qismini (25 foizini) xususiy investorlarga 4,2 milliard dollarga sotish bo‘yicha konsepsiyani e’lon qilgan edi. Rejaga ko‘ra, ushbu tuzilmaga tashkilotning barcha media va tijorat huquqlari, shu jumladan, Jahon chempionatlari huquqi ham o‘tkazilishi kerak edi. Bunga javoban, Yevropa futbol assosiasiyalari ittifoqi (UEFA) a’zolari FIFA turnirlarini boykot qilishini ma’lum qildi.
Politico nashrining xabar berishicha, ushbu inqiroz fonida bir qator Yevropa assosiasiyalari FIFA prezidentligi saylovlarida Janni Infantinoga raqobatchi sifatida aynan Al-Xelayfini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.
Biroq, “PSJ” rahbarining vakillari L'Equipe nashriga bergan intervyusida bu xabarlarni rad etdi:
“Janob Al-Xelayfi FIFA prezidenti bo‘lishni ham, OAVdagi bu kabi shov-shuvlarga aralashishni ham mutlaqo istamaydi. U buning o‘rniga, jahon va Yevropa futbolidagi barcha tashkilotlarni tinchgina va amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda davom etadi”.
Ma’lumot o‘rnida, 52 yoshli Al-Xelayfi 2011-yildan buyon “PSJ” prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. U fransuz klubiga egalik qiluvchi Qatar Sports Investments kompaniyasiga rahbarlik qiladi. 2021-yilda u Yevropa klublari assosiasiyasi (ECA) raisi etib saylangan.
Manba: stadion.uz
Izohlar 0