Vodiydagi ikki markaziy bahs O‘zbekiston kubogi tashrif rekordini yangilashi mumkin
O‘zbekiston kubogining joriy mavsumdagi nimchorak final bosqichida muxlislar tashrifi bo‘yicha so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilishi kutilmoqda. Bunga Farg‘ona vodiysida o‘tadigan ikki markaziy uchrashuv — «Neftchi» — «Paxtakor» va «Navbahor» — «Nasaf» bahslari asosiy omil bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston professional futbol ligasi ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilgi nimchorak final uchrashuvlarini jami 14 345 nafar muxlis stadiondan kuzatgan. Bu so‘nggi to‘rt yildagi eng yuqori natija hisoblanadi.
2023 yilda mazkur bosqich o‘yinlariga 13 947 nafar, 2024 yilda 13 768 nafar, 2025 yilda esa 12 904 nafar tomoshabin tashrif buyurgan. Shu tariqa, so‘nggi uch mavsumda nimchorak final bosqichidagi umumiy tashrif ko‘rsatkichi pasayib borgan.
Bu yil esa vaziyat o‘zgarishi mumkin. 29 avgust kuni Farg‘onada «Neftchi» «Paxtakor»ni qabul qiladi. 30 avgustda esa Namanganda «Navbahor» va «Nasaf» chorak final yo‘llanmasi uchun kurashadi. Har ikki uchrashuv mamlakat futbolida katta muxlislar bazasiga ega jamoalar ishtirokida o‘tadi.
Qayd etish kerak, «Navbahor» va «Nasaf» 21 avgust kuni Superligada ham Namanganda to‘qnash kelgan va mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozongan edi.
Agar 2026 yilgi nimchorak final o‘yinlariga jami 14 345 nafardan ortiq muxlis tashrif buyursa, so‘nggi besh yillikdagi yangi rekord o‘rnatiladi.

Manba: stadion.uz
Izohlar 0