Kubarsi «Barselona»ning ketma-ket ikki quruq o‘yini sirini aytdi
«Barselona» himoyachisi Pau Kubarsi jamoaning La Ligada ketma-ket ikki uchrashuvda gol o‘tkazmagani haqida fikr bildirdi. Ispaniyalik futbolchi bu natijani kundalik mehnat va himoya chizig‘idagi ishonch bilan izohladi.
«Buning hech qanday siri yo‘q. Barchasi har kuni tinimsiz mehnat qilish samarasi. Bizda dunyoning eng yaxshi darvozabonlaridan biri, balki eng yaxshisi bor. Himoyada esa o‘zimizga bo‘lgan ishonch yuqori.
Biz ko‘p mehnat qilamiz va o‘yinlardagi ko‘rsatkichlarimizni yaxshilash uchun har kuni yuqori darajada mashg‘ulot o‘tkazamiz. Asosiy kalit shu», — dedi Kubarsi.
Kataloniyaliklar 2026/27 yilgi La Liga mavsumini himoyada ishonchli boshladi. Hansi Flik jamoasi dastlab «Elche»ni 5:0, keyin esa «Atletik»ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Shu tariqa, «Barselona» ikki turda yettita gol urib, o‘z darvozasidan hali to‘p o‘tkazmadi.
Darvozabon Joan Garsiya har ikki uchrashuvda ham darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. «Atletik»ka qarshi bahsda esa Kubarsi asosiy tarkibda harakat qilib, himoyadagi ishonchli o‘yini bilan ajralib turdi.
Manba: stadion.uz
Izohlar 0