Vadim Abramov: "Toʻy boʻladigan restoranga kirib futbol oʻynasak qanday koʻrinadi"
- Oʻyin haqida fikringiz?
- Bahs ogʻir kechishini bilardik, raqib bizga jiddiy qarshilik koʻrsatdi. Muammolarimiz bor, bir nechta futbolchimiz yoʻqligi oʻzini bilintiryapti. Yigitlarga alohida rahmat, qiyin oʻyinda gʻalaba qozona oldik. Ikkinchi taymda ustunlik biz tomonda boʻldi, gol urdik va gʻalaba qozondik.
- Jamoaga Hojimirzaev bilan ayniqsa bugun Abdurahmonov etishmadi. Abdurahmonov borasida terma jamoa bilan kelishsa boʻlmasmidi: terma jamoa undan faqat rasmiy oʻyinlarda foydalansa, masalan, bugun Xitoyga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvida bu futbolchi zaxirada qoldi.
- Bu haqda bir narsa deyish qiyin, chunki terma jamoa uchun tarkibni terma jamoa murabbiyi belgilaydi. Aytganimdek, bizning ishimiz terma jamoaga futbolchi tayyorlab berish. Masalan, bugun uni tushirishganida va futbolchi jarohat olsa nima boʻlardi. Men buni ham tushunaman. Oʻz paytida oʻzim ham terma jamoada ishlaganman va vaziyatni juda yaxshi tushunyapman. Shuni aytishim mumkin, Abdurahmonov safimizda boʻlganida bizga ancha oson boʻlardi.
- Stadion ma'muriyati nima uchun "Dinamo"ga mashgʻulot oʻtkazishi uchun maydonni bermayapti? Buni qanday izohlaysiz?
- Bermayapti desak biroz notoʻgʻri boʻladi. Oʻzimiz soʻramayapmiz desak boʻladi. Chunki maydon holatini asrashimiz kerak. "Neftchi" kelganida yarim soat mashgʻulot oʻtkazib, jarima maydonchasi ichini yomon koʻrinishga keltirdi va bu haliyam sezilib turibdi. Oʻyin payti koʻryapsiz, futbolchilar yugurganida maysa otliqib ketyapti. Endi faraz qiling, doim mashgʻulot oʻtkazsak qay holatga kelib qoladi. Maydonimiz yumshoq va asrashga harakat qilyapmiz. Endi yaqinda bu erda toʻy boʻlganiga kelsak, buni izohlay olmayman. Oldinlari "Krokodil" degan jurnal boʻlardi, hozir esa yoʻq, balki keyinchalik yana chop etilar. Toʻy boʻladigan restoranga biz kirib futbol oʻynasak qanday koʻrinadi.
- Bugun stadionga uch mingdan zal koʻproq muxlis kelganini aytishdi.
- Men ham shunga hayron qoldim. Vaholanki, stadionimiz katta, menimcha koʻproq odam keldi. Qancha chipta sotilganini bilmayman, balki koʻpchilik bepul kirgandir. Men anigʻini bilmayman, bilganim shuki, stadion klubga tegishli emas, biz ijara asosida foydalanamiz.
- "Navbahor" bilan oʻyingacha jarohat olganlardan kimdir safga qaytadimi?
- Hozircha bir nima deya olmayman. Biz faqat umid qilamiz.
- Ikkinchi taymda jamoangiz oʻyini kuchaydi. Zaxiradan tushgan ikki futbolchi oʻyinni kuchaytirdi. Toʻxtasinov yaxshi futbolchi ekanini bilamiz, uni asosiy tarkibda tushirsa boʻlmasmidi? U birinchi taymda ham shunday oʻynashi mumkin edi.
- Toʻxtasinov jarohat bilan toʻp tepyapti, uning jarohati toʻliq kuch bilan harakat qilish imkonini bermayapti. Uni jarohat uch oydan beri bezovta qilyapti. Ikkinchi boʻlimda ba'zi futbolchilar joyini oʻzgartirdik, toʻpni nazorat qilishga oʻtdik, bu foydamizga ishladi.
- Tigran Avanesyan asosiy tarkibda tushdi va birinchi taymdan keyinoq almashtirildi. Bu nima bilan bogʻliq?
- U oʻynagan chiziqda faollik yuqori boʻlishi kerak edi. Tigran biroz sokin oʻyinchi. Shuni hisobga olgan holda uni almashtirdik. Legioner oʻyinchimiz moslashuv jarayonini boshdan kechiryapti. Undan umidimiz katta.
- Aksar futbolchilarda jarohat bor, etakchilar doim bir tekis oʻynay olmayapti. Namanganda qiyin boʻladi deb oʻylaysizmi?
- Namanganga toʻliq tarkib bilan borsak ham qiyin boʻladi. Tayyorgarlik koʻramiz, oʻzimizni koʻrsatishga harakat qilamiz. Menda hayajon yoʻq, hamma bilan oʻynaymiz.
- Oʻrozov haqida fikringiz qanday? Uning yoʻqligi bilinmayaptimi?
- Oʻrozov yaxshi futbolchi, uning yoʻqligi baribir bilinadi. Biz mavsum boshida koʻp ochko yoʻqotdik, hozir medallar uchun kurashamiz deb baralla gapira olmaymiz. Oʻrozovni yorqin kelajak kutmoqda deb oʻylayman. U Rossiyada oʻzbek futbolini namoyon etmoqda, unga omad tilayman. Uning ortidan boshqalar ham ergashsa, bu futbolimiz uchun foydalai boʻladi. Oʻylashimcha, Oʻrozov yangi jamoasida yaxshi harakat qilyapti, hali u haqda yomon fikr eshitmadim.
- Bilishimizcha, Oʻrozov "Rubin"ga ijara asosida ketgan. Uni "Rubin" toʻliq sotib olishi mumkinmi?
- Hammasi oʻziga bogʻliq. Uni dastlab Angliyaga, keyin Irlandiyaga ketadi deyishdi. Bu orada "Rubin"dan jiddiy taklif tushdi va futbolchini yaxshi oʻynab ketsa sotib olish sharti bilan ijaraga berdik. Agar "Rubin" toʻliq sotib olishni xohlasa, biz bunga qarshi boʻlmaymiz.
Manba: championat.asia
Izohlar 0