Fidbol.net

"Uyga 6 oy pul olib kirmasangiz, oila qanday kun koʻradi? — "Bunyodkor" futbolchisi "Paxtakor" bilan oʻyindan soʻng "yorildi"

Tahririyat 2
"Uyga 6 oy pul olib kirmasangiz, oila qanday kun koʻradi? — "Bunyodkor" futbolchisi "Paxtakor" bilan oʻyindan soʻng "yorildi"

Turni Toshkent derbisi, ya'ni "Bunyodkor" — "Paxtakor" uchrashuvi boshlab berdi. Murosasiz kechgan bellashuvda omad "sherlar"ga kulib boqdi (1:0). Oʻyindan soʻng "Bunyodkor" yarim himoyachisi Bilolxon Toshmirzaev nima etishmayotgani, klubdagi ichki vaziyat va muammolar haqida ochiqchasiga gapirdi.

"Paxtakor"ni gʻalaba bilan tabriklayman, haqiqatdan ham yaxshi jamoa. Oʻyindan kelib chiqib aytadigan boʻlsam, yomon oʻynaganimiz yoʻq. Gʻalaba qozonib ketishimiz ham mumkin edi. Vaziyatlarimiz boʻldi. Raqib oʻz imkoniyatidan foydalanib gol urdi, biz esa yoʻq.

Magʻlubiyatga keladigan boʻlsak, yigitlarda baribir ruhiy tushkunlik bor. 6 oydan beri maosh olayotganimiz yoʻq. Yil boshidan beri pul olmadik. Futbolchilar shunga qaramasdan mehnat qilishyapti", — deydi Bilolxon Toshmirzaev.

— Klubdagi sharoitlar, xususan, "Nasaf" bilan oʻyindan oldin elektr energiyasi, endi esa suv yoʻqligi aytilmoqda. Bunday sharoitda jamoa qanday tayyorgarlik koʻryapti?

Bazamizda 2 oydan beri suv yoʻq, buni hech kim bilmaydi. 1-2 marotaba aytdik, hech kim e'tibor qaratmaganidan keyin qayta-qayta gapiravermaysizku.

— Hozirgi holatda keyingi oʻyindan nima kutish mumkin? Muammolar ichki muhitga ta'sir qilmayaptimi?

— Keyingi oʻyinlarda gʻalaba uchun kurashamiz. Bu — futbol, biz shu sohani tanlaganmiz. Moliyaviy muammolar ichki muhitga ta'sir qilmayapti. Lekin hammaning oilasi bor. Uyga 6 oy pul olib kirmasangiz, oila qanday kun koʻradi? Rahbariyat hamma sharoitni koʻrib turibdi. Ular ham qoʻlidan kelganini qilishyapti, koʻramiz, nima boʻlar ekan.

Ma'lumot uchun, "Bunyodkor" navbatdagi uchrashuvini 2 avgust kuni mehmonda "Qizilqum"ga qarshi oʻtkazadi.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring