Superliga. "Paxtakor" safarda "Nasaf"ni magʻlub etdi
Superliga. 17-tur
“Nasaf” — “Paxtakor” 1:2
Bosh hakam: Asker Najafaliev
Erdamchi hakamlar: Baxtiyorxoʻja Shavkatov va Ruslan Serazitdinov
Zaxira hakami: Toʻrabek Suyunov
Nazoratchi: Baxtiyor Tagaev
VAR hakami: Abdurashid Xudoyberganov
AVAR hakami: Andrey Tsapenko
Komissar: Abdulbosit Valixonov
Gollar: 0:1 – 15, Alibek Davronov (avtogol); 1:1 – 48, Sharof Muhiddinov; 1:2 – 71, Oybek Bozorov.
"Nasaf": 1. Abduvohid Ne'matov, 4. Akromjon Komilov (5. Gʻolib Gʻaybullaev, 46), 2. Alibek Davronov, 92. Umarbek Eshmurodov, 15. Oybek Rustamov (18. Bekjon Rahmatov, 72), 17. Murodbek Rahmatov, 6. Sardorbek Bahromov (70. Abbos Gʻulomov, 78), 8. Zafarmurod Abdurahmatov (22. Diyor Abdunazarov, 46), 14. Sharof Muhiddinov, 7. Adenis Shala (20. Yusuf Otubanjo, 78), 10. Bobur Abduxoliqov
Zaxira: 16. Samandar Murodboev, 77. Paata Gudushauri, 27. Yashnar Berdirahmonov, 23. Dilshod Murtazoev
"Paxtakor": 35. Sanjar Quvvatov, 34. Sherzod Nasrullaev, 7. Hojiakbar Alijonov, 4. Zaid Tahsin, 10. Akmal Mozgovoy, 17. Dostonbek Hamdamov (11. Hojimat Erkinov, 67), 23. Abdurauf Boʻriev, 50. Flamarion Jovino (9. Ibrohim Ibragimov, 88), 27. Sardor Sobirxoʻjaev, 21. Bashar Resan (77. Oybek Bozorov, 67), 90. Stefen Chinedu (5. Morteza Pouraliganji, 78)
Zaxira: 12. Vladimir Nazarov, 20. Dilshod Abdullaev, 33. Kuvanishbek Saydaliev, 29. Ayman Husayn, 62. Dilshodbek Sharofiddinov
Ogohlantirishlar: Oybek Rustamov (30), Dostonbek Hamdamov (45+5), Sardor Sobirxoʻjaev (52), Diyor Abdunazarov (54), Gʻolib Gʻaybullaev (88)
🏁 Uchrashuv yakunlandi!
Markaziy bahsda "Paxtakor" safarda "Nasaf" ustidan 2:1 hisobida muhim gʻalabani qoʻlga kiritdi. Biz bilan birga boʻlganingiz uchun tashakkur!
⏱ 90-daqiqa. Ikkinchi boʻlimning asosiy vaqti yakunlandi. Bosh hakam tomonidan uchrashuvga 4 daqiqa vaqt qoʻshib berildi.
🔄 88-daqiqa. "Paxtakor" tarkibida oʻzgarish: Flamarion Jovino oʻrniga maydonga Ibrohim Ibragimov tushdi.
🟨 88-daqiqa. Flamarion Jovinoga nisbatan sportga xos boʻlmagan xatti-harakat qilgani uchun "Nasaf" futbolchisi Gʻolib Gʻaybullaev bosh hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi.
🔥 85-daqiqa. Xavfli vaziyat! Abbos Gʻulomovning darvoza tomon yoʻllagan kuchli zarbasini Sanjar Quvvatov qaytarib qoldi. Qaytgan toʻpga ega chiqqan Diyor Abdunazarov darhol zarba berdi, biroq uning urinishi noaniq ketdi.
🔥 80-daqiqa. Xavfli vaziyat! "Paxtakor"ning xavfli qarshi hujumi. Hojimat Erkinov toʻpni qulay tarzda Sardor Sobirxoʻjaevga uzatdi va u darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib bordi. Sobirxoʻjaev toʻpni darvozabon ustidan oshirib tashlashga urindi, biroq Abduvohid Ne'matov mahorat koʻrsatib, zarbani qaytarishga erishdi!
🔄 78-daqiqa. Har ikki jamoa tarkibida navbatdagi oʻzgarishlar:
"Paxtakor"da Stefen Chinedu oʻrniga Morteza Pouraliganji maydonga tushdi.
"Nasaf"da Sardorbek Bahromov oʻrniga Abbos Gʻulomov, Adenis Shala oʻrniga esa Yusuf Otubanjo maydonga tushirildi.
76-daqiqa. Belgilangan jarima zarbasini Hojiakbar Alijonov ijro etdi, biroq uning tepgan toʻpi "jonli devor"dan oʻtmadi.
75-daqiqa. Jarima maydonchasi yaqinida Hojimat Erkinov raqib himoyachilari tomonidan qoida buzilgan holda yiqitildi. Bosh hakam "Paxtakor" foydasiga standart vaziyat belgiladi.
🔄 72-daqiqa. "Nasaf" tarkibida oʻzgarish: Oybek Rustamov oʻrniga maydonga Bekjon Rahmatov tushdi.
⚽ 71-daqiqa. GOL! "Paxtakor" yana hisobda oldinga chiqib olmoqda! Hojiakbar Alijonov oʻng qanotdan jarima maydonchasi ichiga toʻpni uzatdi. "Nasaf" darvozaboni Abduvohid Ne'matov toʻpni mushti bilan urib qaytargan edi, biroq qaytgan toʻpga birinchi boʻlib etib kelgan Oybek Bozorov chap oyoqda kuchli va aniq zarba yoʻllab, darvozani ishgʻol qildi – 1:2!
71-daqiqa. "Paxtakor"ning chiroyli kombinatsiyasi maydonga yangi tushgan Hojimat Erkinovning zarbasi bilan yakunlandi, biroq Alibek Davronov toʻp yoʻliga toʻgʻonoq boʻlib, xavfni bartaraf etdi.
🔄 67-daqiqa. "Paxtakor" tarkibida birdaniga ikkita oʻzgarish: Bashar Resan oʻrniga Oybek Bozorov, Dostonbek Hamdamov oʻrniga esa Hojimat Erkinov maydonga tushirildi.
🔥 65-daqiqa. Xavfli vaziyat! Sardorbek Bahromov olis masofadan kuchli zarba yoʻlladi, biroq toʻp darvoza toʻsiniga tegib maydonga qaytdi. Qaytgan toʻpga Bobur Abduxoliqov chalqancha uslubda zarba berdi, ammo uning chiroyli urinishi noaniq chiqdi.
62-daqiqa. "Nasaf" futbolchisi Adenis Shala jarima maydonchasi tashqarisidan darvoza tomon zarba yoʻlladi. "Paxtakor" posboni Sanjar Quvvatov ishonchli harakat qilib, toʻpni egallab oldi.
🔥 59-daqiqa. Xavfli vaziyat! Sharof Muhiddinov olis masofadan darvoza tomon kuchli zarba yoʻlladi. Biroq toʻp darvoza toʻsiniga tegib maydonga qaytdi, "Paxtakor"ni toʻsin qutqarib qolmoqda!
🟨 54-daqiqa. Akmal Mozgovoyga nisbatan qoʻpollik ishlatib, uni maydonga qulatgani uchun "Nasaf" futbolchisi Diyor Abdunazarov bosh hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi.
53-daqiqa. "Nasaf"ning xavfli hujumi. Sharof Muhiddinov chap qanotdan jarima maydonchasi ichiga aniq pas uzatdi. Toʻpni qabul qilgan Bobur Abduxoliqov chap oyoqda zarba yoʻlladi, biroq uning zarbasi oʻxshamadi va toʻp darvozaga aniq bormadi.
🟨 52-daqiqa. Maydon markazida Oybek Rustamovga nisbatan qoʻpollik ishlatgani uchun "Paxtakor" yarim himoyachisi Sardor Sobirxoʻjaev hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi.
⚽ 48-daqiqa. GOL! Hisob tenglashdi! Jarima zarbasini qoyilmaqom tarzda ijro etgan Sharof Muhiddinov toʻpni uzoq pastki burchakka aniq joylab qoʻydi. Sanjar Quvvatov toʻp tomon tashlangan boʻlsa-da, zarbani qaytara olmadi – 1:1!
47-daqiqa. Jarima maydonchasi yaqinida Bobur Abduxoliqov Akmal Mozgovoy tomonidan qoida buzilgan holda yiqitildi. Bosh hakam "Nasaf" foydasiga qulay nuqtadan standart vaziyat belgiladi.
🔄 46-daqiqa. Ikkinchi boʻlim boshlandi! "Nasaf" tarkibida tanaffusda ikkita oʻzgarish amalga oshirildi: Zafarmurod Abdurahmatov oʻrniga Diyor Abdunazarov, Akromjon Komilov oʻrniga esa Gʻolib Gʻaybullaev maydonga tushdi.
45+6-daqiqa. Birinchi boʻlim yakunlandi! Hakamning hushtagi jarangladi va jamoalar tanaffusga yoʻl olishdi. Dastlabki 45 daqiqalikdan soʻng hisob – 0:1, "Paxtakor" foydasiga.
🟨 45+5-daqiqa. Raqibning jarima zarbasini amalga oshirishiga xalaqit bergani uchun "Paxtakor" yarim himoyachisi Dostonbek Hamdamov bosh hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi.
45-daqiqa. Uchrashuvning birinchi boʻlimiga bosh hakam tomonidan 6 daqiqa vaqt qoʻshib berildi.
45-daqiqa. Belgilangan jarima zarbasini Zafarmurod Abdurahmatov ijro etdi, biroq uning toʻgʻridan-toʻgʻri darvoza tomon yoʻllagan zarbasi ancha noaniq chiqdi.
44-daqiqa. Jarima maydonchasi yaqinida Bobur Abduxoliqov Akmal Mozgovoy tomonidan qoida buzilgan holda yiqitildi. Bosh hakam "Nasaf" foydasiga juda xavfli nuqtadan jarima zarbasi belgiladi.
🔥 37-daqiqa. Xavfli vaziyat! Adenis Shala darvozaning pastki burchagini nishonga olib kuchli zarba yoʻlladi. "Paxtakor" posboni Sanjar Quvvatov mahorat koʻrsatib, katta qiyinchilik bilan toʻpni qaytarib qoldi.
🔥 34-daqiqa. Xavfli vaziyat! Adenis Shala chap qanotdan darvoza tomon aylanma zarba yoʻlladi, biroq Sanjar Quvvatov katta qiyinchilik bilan toʻpni qaytarishga erishdi. Hujumning davomida "Nasaf" futbolchilari tomonidan berilgan ketma-ket zarbalarni "Paxtakor" himoyachilari bloklab qolishdi.
32-daqiqa. "Paxtakor"ning hujumi. Flamarion Jovino oʻng qanotda ikki raqibini aldab oʻtib, toʻpni jarima maydonchasi markaziga uzatdi. Biroq Umarbek Eshmurodov ishonchli harakat qilib, toʻpni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.
🟨 30-daqiqa. Maydon markazida Sardor Sobirxoʻjaevni qoidani buzgan holda toʻxtatib qolgani uchun "Nasaf" yarim himoyachisi Oybek Rustamov hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi.
🔥 25-daqiqa. Xavfli vaziyat! "Nasaf" futbolchisi Sardorbek Bahromov jarima maydonchasi yaqinidan kuchli zarba yoʻlladi. Biroq toʻp darvoza ustuniga tegib, maydonni tark etdi. Hisob tenglashishiga bir baxya qoldi.
20-daqiqa. "Paxtakor" burchak toʻpini amalga oshirdi. Dostonbek Hamdamov tomonidan uzatilgan toʻpga Stefen Chinedu bosh bilan zarba berdi, biroq uning urinishi noaniq chiqdi.
⚽ 15-daqiqa. GOL! Uchrashuvda hisob ochildi, biroq kutilmagan tarzda avtogol qayd etilmoqda. Alibek Davronov Bashar Resan bilan kurashda toʻpni tepib yuborish maqsadida oyoq choʻzdi. Natijada toʻp yuqori traektoriya bilan oʻz darvozasiga yoʻnaldi. Darvozabon Abduvohid Ne'matov oldinroqqa chiqib ketgani sababli toʻpni qaytarishga ulgurmadi va "Paxtakor" hisobda oldinga chiqib oldi.
7-daqiqa. "Paxtakor"ning hujumi. Chap qanotdan jarima maydonchasi ichiga uzatilgan toʻpni Dostonbek Hamdamov toʻxtata olmadi va qulay imkoniyat boy berildi.
2-daqiqa. "Nasaf"ning xavfli hujumi. Sardorbek Bahromov oʻng qanotdan jarima maydonchasi ichiga kirib borib, toʻpni markazga uzatdi. Abdurauf Boʻrievga tekkan toʻp maydon tashqarisiga chiqib ketdi – mezbonlar foydasiga burchak toʻpi.
1. Uchrashuvga start berildi! Oʻyinni mezbonlar – "Nasaf" futbolchilari maydon markazidan toʻpni oʻyinga kiritish orqali boshlab berishdi.
Jamoalar maydonga tushib kelishdi. Bugungi uchrashuvda "Nasaf" futbolchilari qizil, "Paxtakor" jamoasi esa toʻq koʻk rangli liboslarda toʻp suradi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0