Fidbol.net

Roʻziqul Berdiev: "Koʻplab futbolchilar biz uchun shogird, lekin ular ustoz sifatida tan oladimi bilmayman"

Tahririyat 4
Roʻziqul Berdiev: "Koʻplab futbolchilar biz uchun shogird, lekin ular ustoz sifatida tan oladimi bilmayman"

- Oʻyin haqida fikringiz?

- Bugun ozroq omadimiz kelmadi. Magʻlubiyatga munosib emasdik. Oʻyinni hayajon bilan boshladik, xatoga yoʻl qoʻydik va gol oʻtkazib yubordik. Shunga qaramay ikkinchi boʻlimda oʻzimizga kelib oldik. Hisobni tenglashtirishga muvaffaq boʻldik. "Paxtakor"ning zaxiradan tushgan futbolchilari bahs taqdirini hal qildi.

- Birinchi golda Alibek Davronov xatoga yoʻl qoʻydimi yoki darvozabon oldinga chiqib ketdimi?

- Menimcha, Alibekning xatosi koʻproq, chunki har qanday holatda u toʻpga birinchi keldi va boshqacha qaror qabul qilsa boʻlardi. Bu erda futbolchi texnik xatoga yoʻl qoʻydi. Umuman olganda Alibek bahsni yaxshi oʻtkazdi. Bugun maydonga tushgan hamma oʻyinchilarimiz borlarini berib harakat qilishdi. Stadionga kelgan muxlislar ham yaxshi qoʻllab turishdi. Afsus, ijobiy natija koʻrsata olmadik. "Paxtakor"ga ikkita yaxshi tarkibi borligi yordam berdi.

- Akrom Komilovning oʻyinidan qoniqmagandek koʻrindingiz?

- Qoniqmaganim uchun zaxiraga oldim. Oʻyinga tezlik qoʻshishimiz kerak edi. Ikkinchi taymni yaxshi boshladik, bir nechta hujumlar uyushtirdik, toʻp darvoza toʻsiniga tegib qaytdi. Omadimiz kelganida hisob boshqacha boʻlardi.

- Shalaning oʻyini juda yaxshi, lekin uni doim zaxiraga olyapsiz.

- Chunki toliqib qolyapti, shu bois zaxiraga olyapmiz. Zaxiradan tushganlar oʻyinni kuchaytirishga harakat qilmoqda.

- Navbatdagi uchrashuv "Navbahor"ga qarshi safarda kechadi. Bugun "Nasaf" koʻp kuch yoʻqotdi. Keyingi muhim uchrashuv oldidan bu sizni xavotirga solmaydimi?

- Albatta, biz shuni inobatga olgan hozirlik koʻrishimiz kerak. Oʻzimiz xohlagan tarkibni yigʻa olmadik, bunga imkoniyatimiz ham boʻlmadi. Bor yigitlardan foydalanishga harakat qilamiz.

- Gruziyalik futbolchi bugun koʻrinmadi.

- U oxirgi bir oy futbol oʻynamadi, jismoniy holati yaxshi emasdi. Hozir moslashuv jarayonini kechiryapti.

- Jarima zarbalari Zafarmurodga topshirilyapti, lekin u ishonchni oqlay olmayapti. Balki Sardor Bahromovga berish kerakdir? Umuman jarima zarbasi kim tepishiga qanchalik aralashasiz?

- Jamoamizda standart vaziyatlarni yaxshi amalga oshiradigan bir nechta yigitlar bor. Zafarmurodning oʻyinida pasayish bor, balki bu koʻp oʻyinlarda maydonga tushayotgani bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Bu futbolchimiz bundan-da yaxshi harakat qila oladi, jarima zarbalarini ham yaxshi amalga oshirishiga ishonchimiz komil. Lekin bugungi zarbasi juda noaniq boʻldi.

- Kuchli tarkibni yigʻa olmadik deb aytib oʻtdingiz. Kimlarni olib kelishni xohlagan edingiz? Roʻyxatni ayta olasizmi?

- Asosan legionerlar, boʻlib ham kuchli legionerlar. Lekin imkoniyatimiz cheklangani bois jamoaga chaqira olmadik. Oldingizda uchta variant boʻladi: yaxshi, oʻrta va oxirgi. Biz oxirgi variant bilan cheklandik.

- Oʻzingiz futbol oʻynagan davrni eslasak. Oʻsha paytlari futbolchilar "Nasaf"dan "Paxtakor"ga oʻtsa buni muxlislar hazm qila olmasdi deyishadi. Oʻsha payt bilan taqqoslaganda hozir vaziyat qanday?

- Futbolchilar boshqa jamoaga oʻtib ketsa muxlislar uchun sadoqati yoʻqdek koʻrinsa-da, professional futbolchining faoliyati shunaqa boʻladi. Albatta, biz ham oʻzimizning yigitlar shu erda qolib oʻynashlarini xohlaymiz. Lekin qaror futbolchida qolgan, biz hech narsa deya olmaymiz.

- Mana oʻzingiz muqim "Nasaf"da oʻynagansiz, hech qaerga ketmagansiz. Nima uchun shogirdlarga shuni tushuntirmayapsiz?

- Endi shogirdlar juda koʻp, har bir jamoaga qarshi oʻynaganimizda raqib safida ikki-uch nafar shogirdlarni koʻramiz. Nimayam derdik, bu futbol, har kimning oʻz qarashi bor. Sodiq yigitlar ham bor. Kimdir ketadi, kimdir qoladi. Futbolchi futbol orqasidan hayotini toʻgʻrilashga harakat qiladi, bu vaziyatni juda yaxshi tushunamiz. Sanaydigan boʻlsak, 50 nafardan ziyod futbolchi bizdan ketdi. Endi koʻplab futbolchilar biz uchun shogird, lekin ular ustoz sifatida tan oladimi bilmayman.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring