Shavkat Yusupov: "Futbolchilarimiz koʻzi Proligada ham yonishini xohlayman"
Oʻyindan keyingi matbuot anjumanida "FarDU" bosh murabbiyi Shavkat Yusupov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Oʻyin haqida fikringiz?
- Jamoamiz magʻlubiyatga haqli emasdi. Superliga vakiliga jiddiy qarshilik koʻrsata oldik, faqat yakuniy qismda tajriba va sovuqqonlik etishmadi. Mehnat qilishda davom etamiz, xatolarni toʻgʻrilab boramiz. Bugun maydonda oxirigacha kurashdik, buning futbolchilarga rahmat aytaman. Aytib oʻtganimdek, ozgina omad kelmadi. Hujum chizigʻimizda kamchiliklar bor. Bu magʻlubiyatdan kerakli xulosani chiqarib, keyingi bahsga hozirlik koʻrishni boshlaymiz.
- Boburbek Farhodov maydonni jarohat bilan tark etdi.
- Boburbek bugungi oʻyinni yaxshi oʻtkazdi. Bir qator vaziyatlar yaratdi. U engil jarohat oldi va jarohati ogʻir boʻlib qolmasligi uchun almashtirdik. Hozircha optimal sport formasiga kirgani yoʻq.
- Jamoangiz oldiga Kubokda qanday maqsad qoʻyilgan?
- Guruhdan chiqib iloji boricha uzoqroq borish niyatimiz bor. Imkoniyatimiz bor ekan, oxirigacha kurashamiz.
- Rizaev bugun zaxirada qoldi va ikkinchi taymda oʻyinga qoʻshildi. Shunga munosabatingiz?
- Rizaev Proligada koʻp uchrashuvlarni asosiy tarkibda oʻtkazdi. Unga biroz dam berish maqsadida boshlangʻich tarkibga qoʻymadik. Oʻylaymanki, u ham zaxiradan tushib oʻzini koʻrsatishga harakat qildi.
- Avvalroq jarohat olgan futbolchilar toʻliq tiklandimi?
- Shohruh Yoqubjonov jarohatdan qaytib yaxshi oʻyin oʻtkazdi. Maharram Abelfazov ham sekin-asta sport formasiga kirib boryapti.
- Kubok bahslarida Proliga jamoalari Superliga klublariga boʻsh kelmayapti. Bugun ham jamoangiz yaxshi harakat qildi. Umuman bu yilgi Kubok oʻyinlari haqida fikringiz?
- Raqiblarni solishtiradigan boʻlsak, kuchli jamoalarga qarshi yigitlarimizda ishtiyoq boshqacha koʻrinyapti. Futbolchilarimiz koʻzi Proligada ham yonishini xohlayman. Bugun Superliga saviyasiga yaqin oʻyin koʻrsatdik, "Xorazm"dan yaqqol kuchsiz emasdik, shunchaki omad ularga kulib boqdi.
- Yozgi tanaffus paytida jamoada qanday oʻzgarishlar roʻy beradi?
- Tanaffusgacha hali oʻyinlar bor, hozir shular haqida oʻylaymiz. Tanaffusda esa tarkib borasida bosh qotiramiz.
Manba: championat.asia
Izohlar 0