Sanchoning «Palmeyras»ga o‘tishi haqidagi xabar feyk bo‘lib chiqdi
Jeydon Sanchoning «Palmeyras»ga o‘tishi haqida tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Braziliya klubi futbolchi bilan kelishuvga erishilgani haqidagi ma’lumotlarni rasman rad etdi.
Seshanba kuni 26 yoshli erkin agent Sancho San-Paulu klubi bilan shartnoma imzolashga yaqin ekani haqida xabar tarqaldi. Ammo «Palmeyras» ko‘p o‘tmay bu ma’lumotni inkor qildi.
Braziliya OAV ma’lumotiga ko‘ra, klubga yaqin manbalardan biri vaziyatdan noroziligini bildirgan.
«Qandaydir tasodifiy odam tarqatgan xabarni rad etish uchun klub izoh berishga majbur bo‘layotgani — aqlga sig‘maydigan holat», — degan manba.
Ma’lum bo‘lishicha, feyk xabar ispaniyalik strimer Spursito tomonidan tarqatilgan. U avvaldan faol bo‘lmagan X akkauntini qayta ishga tushirib, o‘zini Marca jurnalisti Alfonso Partidor sifatida ko‘rsatgan.
Soxta shaxs nomi ostida u hozirda klubsiz yurgan Sancho Braziliyaga yo‘l olishi va shartnoma imzolashi haqida xabar tarqatgan.
Keyinchalik ma’lumot yolg‘on ekani fosh bo‘ldi. Shu tariqa, Sancho hozircha erkin agent maqomida qolmoqda va yangi klub izlashda davom etyapti.
Manba: stadion.uz
Izohlar 0