Ruminiya futboli afsonalaridan biri vafot etdi
Ruminiya futboli sobiq himoyachi Naye Unguryanuning vafoti munosabati bilan motamda. U 1970-80-yillarda, Ruminiya futboli yuksalish davrini boshdan kechirayotgan paytda yorqin o‘yinlari bilan tanilgan futbolchilardan biri edi.
Unguryanu dastlab Krayova shahrining «Universitatya» klubida to‘p surgan, faoliyatining so‘nggi yillarida esa 1987-1992 yillar oralig‘ida «Styaua» sharafini himoya qilgan.
U «Styaua» bilan 1989 yil Yevropa chempionlar kubogi finalida ham maydonga tushgan. Biroq o‘sha bahsda Buxarest klubi 1986 yildagi sensasion muvaffaqiyatini takrorlay olmay, «Milan»ga 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lgan.
«Universitatya» va hozirda FKSB nomi bilan ishtirok etayotgan «Styaua» sobiq futbolchisining vafoti munosabati bilan uning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Manba: stadion.uz
Izohlar 0