Roʻziqul Berdiev: "OKMKning kambek qilishiga yoʻl qoʻymadik"
- Oʻyin haqida fikringiz?
- OKMK oxirigacha kurashadigan jamoa, lekin bugun ularning kambek qilishiga yoʻl qoʻymadik. Shuni aytishim mumkin, Superligada eng yaxshi oʻyin namoyish etayotgan jamoani safarda magʻlub etdik. Bu biz uchun juda muhim edi, shu bois nihoyatda kerakli gʻalabani qoʻlga kiritdik. Balki oʻyin tomonlama OKMK yaxshiroq koʻringandir, lekin bir-ikkita vaziyatni hisobga olmaganda himoyada biz yaxshi oʻynadik. Ushbu gʻalaba bilan jamoamiz muxlislarini tabriklayman. Birinchi boʻlimda bir necha bor qarshi hujumga chiqdik. Hisob 2:0 boʻlganidan keyin biroz xotirjamlikka berildik. Shundan soʻng tashabbus raqib tomonga oʻtdi va ular gol urishdi. Biz uchun ayniqsa oxirgi daqiqalar juda muhim edi, yuqorida aytganimdek, raqibning kambek qilishiga yoʻl qoʻymadik va bundan xursandmiz.
- Abduvohid Ne'matovning bugungi gʻalabaga qanchalik hissasi bor deb oʻylaysiz?
- Abduvohid biz uchun yarim jamoa hisoblanadi. U mahoratli posbon ekanini bugun ham koʻrsata oldi. Bir necha bor murakkab toʻplarni qaytardi, hatto gol oʻtkazilgan vaziyatda ham toʻpni qaytargandi. Yigitlar Oʻlmasalievni ushlashga sal boʻshlik qilishdi. Bugungi gʻalabaga Ne'matovning yordami juda katta boʻldi.
- Xalqaro oʻyinlar ham yaqinlashib kelmoqda. Osiyo chempionlar Ligasi 2da yaxshi ishtirok etish uchun tarkib ham shunga yarasha kuchli boʻlishi kerak. Transferlar borasida moliyaviy holat qanday?
- Yashirmayman, moliyaviy holatimiz u qadar barqaror emas. Buni hamma koʻrib bilib turibdi. Transfer oynasida faol emasmiz. Klubimiz rahbariyati sharoit yaratib berishga harakat qilmoqda, buning uchun rahmat aytib qolaman. Tarkibimizda bor oʻyinchilar ham astoydil ishlashyapti, har bir uchrashuv naqadar muhim ekanini tushunib turibmiz. Oʻtgan yil tarkibimiz bu yilgidan yaxshiroq edi, ammo mavsum oxirida 10 nafar futbolchi safimizni tark etdi. Ular oʻrniga yoshlarni taklif etdik. "Paxtakor" va "Neftchi" tarkibi birmuncha kuchli, biz ham qarab turmaymiz va sovrinli oʻrinlar uchun kurashamiz. Ayrim chiziqlarga oʻyinchilarni taklif etyapmiz, ular bilan yanada kuchayamiz deb oʻylayman.
Manba: championat.asia
Izohlar 0